Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

21.09.2017 19:49 Chop etish versiyasi

Matbuot ta’sirchanligi oshmoqda

Poytaxtimizda O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan "Milliy ommaviy axborot vositalari sifati va ta’sirchanligini oshirishga oid ustuvor vazifalar" mavzuidagi anjuman o‘tkazildi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori vazifasini bajaruvchi L.Suvonov va boshqalar mamlakatimizda milliy media sohani tubdan isloh etish, uning huquqiy, moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, yurtimizda shiddat bilan kechayotgan islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ahamiyatini yuksaltirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorlari soha rivojidagi amaliy g‘amxo‘rlikning yorqin namunasidir.

Prezidentimizning shu yil 19-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining o‘rni sezilarli darajada ortib borayotgani qayd etildi.

Darhaqiqat, yurtimizda barcha turdagi ommaviy axborot vositalarining o‘rni va ahamiyatini kuchaytirish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Media tuzilmalarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilashga ko‘maklashish, soha xodimlarining kasb malakasi va mahoratini oshirish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, tahririyatlarga ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni jadal joriy etishga oid ko‘plab loyihalar, ko‘rik-tanlovlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi shiddatli va murakkab davr media soha xodimlaridan yanada fidoyi, hushyor, mas’uliyatli bo‘lib, Vatanga, xalqqa sadoqat bilan xizmat qilishni, yuksak professional mahoratni, qat’iyatni, milliy manfaatlarimizning chin ma’nodagi himoyachisi bo‘lishni, mavzuga teran tahliliy, ijodiy asosda yondashishni talab etmoqda. Ayni jihatlar ommaviy axborot vositalarining mazmuni, sifati va ta’sirchanligini ta’minlashda muhim omil sanaladi.

Yurtimizning turli hududlaridagi bosma ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan mazkur konferensiyada bugungi kunda media soha rivojida milliy qonunchilikning takomillashuvi, matbuot oldidagi mas’uliyatli vazifalar, davlat dasturlarning amalga oshirilishida jamoatchilik nazoratini o‘rnatish bo‘yicha jurnalist mas’uliyati va huquqlari atroflicha muhokama etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA
850






Все о погоде - Pogoda.uz