O‘zA O`zbek

20.09.2018 Chop etish versiyasi

Matbuot – ochiq, ishonchli minbarga aylanmoqda

Matbuot – ochiq, ishonchli minbarga aylanmoqda Termizda Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi hamda Oʻzbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida “Hududiy bosma nashrlarning holatini yaxshilash boʻyicha taklif va tavsiyalar” mavzusida seminar-trening oʻtkazildi.

Oʻzbekiston mustaqil bosma OAV va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori oʻrinbosari A.Rajabov va boshqalar mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar sohaning joylarda taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishi hamda xalqning tom maʼnodagi ishonchli minbariga aylanishida yuksak samaralar berayotganini alohida taʼkidladi.

Surxondaryo viloyatida 30 gazeta va bitta jurnal jami 136 mingdan ortiq nusxada chop etilmoqda. Ayni paytda bosma ommaviy axborot vositalari adadi yildan-yil oʻsib borayotgani kuzatilayotir. Jumladan, 2016-yil viloyat “Surxon tongi“ va “Zarya Surxana” gazetalari atigi 3 ming 50 nusxada bosilgan boʻlsa, 2017-yil 27 ming 600, joriy yilda 50 mingdan ortiq nusxada chop etilmoqda. Yoki Qumqoʻrgʻon tumani hokimligining “Qumqoʻrgʻon sadosi” gazetasi 2016-yilda atigi 1 ming 750 nusxada tarqalgan boʻlsa, oʻtgan yili 2 ming 100, bu yil esa 5 ming nusxada oʻquvchilarga yetkazib berilayotir. Termiz davlat universiteti muassisligidagi “Termiz universiteti” gazetasining 7 ming 15 nusxada nashr etilayotgani ham yurtimizda bosma ommaviy axborot vositalarini xalqning ishonchli, erkin va ochiq minbariga aylantirishga qaratilayotgan eʼtibor samarasidir.

2.jpg

3.jpg

– Axborot makoni kengayib borayotgan bugungi davrda mahalliy nashrlar oʻz oʻquvchilariga ega boʻlishi uchun yangiliklarni tezkor, ishonchli va tahlil asosida sifatli yoritishi lozim, – deydi Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi S.Norqobilov.– Buning uchun hududiy nashrlar joylarda yuz berayotgan oʻzgarish va yangilanishlarga befarq boʻlmasligi kerak. Vaholanki, ular hududda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar haqida boshqa OAVlarga nisbatan erta xabar topadi. Afsuski, ayrim nashrlar bu borada oqsoqlikka yoʻl qoʻyib, oʻz oʻquvchilari nazaridan chetda qolayotgani ham sir emas.

Tadbirda hududiy nashrlarning bugungi holati, menejment va marketing yoʻnalishlaridagi muammolar hamda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar, hududiy nashrlarda axborotni tayyorlash – kontent masalasi, jurnalist tekshiruvi olib borish bosqichlari va tamoyillari, islohotlar jarayonida jamoatchilik nazoratini oʻrnatishda jurnalistning roli va bunda kasbiy etika tamoyili kabi mavzularda maʼruzalar tinglandi, taqdimotlar oʻtkazildi. Hududiy nashrlar ahvolini yanada yaxshilash yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.

1 673
Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat), OʻzA