O‘zA O`zbek

15.08.2018 20:40 Chop etish versiyasi

Matbuot kotibimi yoki vazir kotibi?

Matbuot kotibimi yoki vazir kotibi? Bugun vazirlik, idora va tashkilotlarning matbuot xizmatlari faoliyati rivojlanmoqda. Shunga hayotiy ehtiyoj mavjud. “Yaxshi matbuot kotibi – tashkilotning yarmi” degan zamonaviy naql paydo bo‘lgani ham bejiz emas.

Axborot sohasi erkinlashib, so‘z erkinligi kuzatilayotgan, yangi tendensiyalar kuchayayotgan, davr qo‘yayotgan talab va majburiyat zalvori ham tobora ortayotgan bir paytda bu jihat yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

“Jamiyat” gazetasi tomonidan “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi matbuot xizmatining sust va samarasiz ishi keskin tanqid ostiga olingach, xizmat rahbarining tahririyat hodimlariga do‘q-po‘pisa va bosim o‘tkazgani, oqibatda uning ishdan ketganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Bu holat, ayniqsa, boshqa tashkilotlar axborot xizmati xodimlarini sergak torttirgani aniq.

Ochiq tan olish kerak, bugun O‘zbekistonda matbuot kotiblari ishi qoniqarli emas. Qaysiki vazirlik, qo‘mita, idora va tashkilot faoliyati ommaviy axborot vositalarida tanqidga uchrasa, eng avvalo, shu tashkilotning matbuot kotibi boshida kaltak sinmoqda. Ya’ni, kutilmagan tanqidning oldini ololmagani sababli bosh aybdorga chiqarilmoqda. Hatto ayrim hollarda rahbarlarning o‘z matbuot kotibiga “yovqarashi” yoki “masofa saqlab muomalada bo‘lishi” tafakkur qobig‘ini uzoq yillardan buyon o‘rab olgan qo‘rquv pardasi hamon so‘tilmaganini ko‘rsatadi.

Xo‘sh, matbuot xizmatlari to‘laqonli ish yuritishi uchun zarur resurs yoki imkoniyatlarga egami? Ortayotgan mas’uliyat va ish hajmiga nisbatan xodimlari soni va salmog‘i, moddiy ta’minoti o‘sayaptimi? Bugun ommaviy axborot vositalari vakillari qaysi vazirlikning matbuot kotibini yaxshi taniydi va yaqin aloqa o‘rnatgan? Ularni ishga tayinlash va rag‘batlantirish tizimi qanchalik puxta ishlab chiqilgan?

Sir emas, bugun aksariyat matbuot kotiblari o‘rindoshlik asosida ikki va hatto uchta joyda ishlaydi. Biz tanigan-bilgan mahoratli matbuot kotiblari televideniye, radio, gazeta-jurnallarda yoki internet nashrlarida qo‘shimcha tarzda faoliyat yuritadi. Ular bir joyda “o‘tirib qolish”ni, ijodiy jarayondan chetlashib ketishni xohlamaslikdan tashqari, maoshi yaxshi lavozimdan voz kechishni ham istamaydi. Bu asosiy kuch va diqqatni jamlashga to‘siq bo‘layapti, tabiiyki, tashkilot matbuot xizmati ishiga salbiy ta’sir o‘tkazayapti.

Yirik tashkilotlar, tijorat banklari matbuot kotiblarining ishi sal boshqacharoq shakllangan. Ularga ijodiy xodim deb emas, balki o‘zi “non yeb turgan” muassasa haqida tanqid chiqmasligini kafolatlovchi shaxs sifatida qaraladi. Bu tashkilotlar xayrixoh nashrlarga yil boshidan reklama yoki boshqa targ‘ibot ishlari uchun ajratadigan mablag‘larni go‘yo tanqid yomg‘iridan asrovchi o‘ziga xos “soyabon” deb biladi. Masalan, Xalq banki yoki “O‘zsanoatqurilishbank” ATB bilan ko‘p millionli shartnoma imzolagan, obuna uyushtirishga yordam bergan biror gazeta bu bank haqida joylardan keladigan har qanday tanqidiy maqolani pastki tortmasiga solib qo‘yadi. Aksincha, reklama, tabrik bermagan, obuna bo‘lmagan tashkilotlarni gazetalar ayab o‘tirmay, savalab qolishi ham mumkin. Har ikki holatda ham uvol-savobi matbuot kotibi zimmasida bo‘ladi.

Yana bir ochiq manzara bor. Bugun adadi ko‘p ming sonli markaziy gazetalarda chiqmagan tanqid “kun.uz”, “xabar.uz”, “qalampir.uz”, “asr.uz” kabi internet nashrlarida yoki ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilinmoqda. Shu sababli vazirlar va boshqa amaldorlar endi o‘zi va tashkiloti uchun asosiy “xavfli manzil”ni ijtimoiy tarmoqlar va internet, deb bilmoqda. Qanday yo‘l tutmoq kerak? Rahbarlar mashhur saytlarning yetakchi jurnalistlariga “sovchi” qo‘yishayapti – matbuot kotibligiga ishga taklif qilmoqda.

Afsuski, ayrim matbuot kotiblari saviyasi talabga javob bermaydi. Ular ikki qator fikrni eplab yozolmasa, ba’zilari jurnalistika ko‘chasiga qadam ham qo‘ymagan. Ayrim matbuot kotiblari esa vazir, uning o‘rinbosarlari va boshqarma boshliqlariga katta-kichik majlislar, anjumanlar uchun ma’ruza va hisobotlar yozish bilan band. Yubiley sanalar, bayramlarda tabriklar yozish bilan rahbarning shaxsiy kotibiga aylanib qolganday taassurot qoldiradi.

Shu yilning 15 fevralida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi. Unda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari mazkur organ rahbariga bevosita bo‘ysunadigan mustaqil bo‘linma sifatida belgilangan. Ammo amalda aksariyat idoralarda matbuot kotiblariga rais o‘rinbosarlari, rais yordamchisi yoki boshqa boshqarmalar rahbarlari “egalik” qiladi.

Bu ham yetmaganday, hanuzgacha ko‘plab matbuot kotiblari jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limlari tarkibida qolib ketmoqda va bevosita bo‘lim rahbariga bo‘ysundirilgan. Ayrimlari esa marketing va axborot-tahlil kabi boshqarmalar ichida dimiqib-bo‘g‘ilib yotibdi. Bu ularning nafaqat ijodiy erkinligiga izn bermaydi, balki har qanday tashabbus va xolis ma’lumot tarqatish tizimini amalda yo‘qqa chiqaradi.

So‘nggi paytlarda ko‘lamdor islohotlar sababli ba’zi vazirliklar, idoralar va davlat tashkilotlarining nizom va shtat birliklari qayta tasdiqlanmoqda. Bunda matbuot xizmatlari faoliyatini kengaytirishga yetarlicha e’tibor qaratilayapti, deb bo‘lmaydi. Hududiy bo‘linmalar tarkibida esa bunday lavozimlarni kiritishga zaruriyat yo‘q, deya baholanmoqda. Oqibatda asosiy ish bo‘layotgan eng quyi hududiy bo‘g‘inlarda markazga axborot uzatish mexanizmi qotib qolgan.

Tuman hokimliklarida matbuot kotibi lavozimi haligacha ajratilmagan. Bu vazifani aksariyat hollarda oyda bir-ikki marotaba amal-taqal chiqayotgan tuman gazetasi bosh muharriri bajarmoqda. Oqibatda viloyat hokimliklaridagi matbuot xizmatining kam sonli xodimlari zimmasiga haddan ziyod orticha yuk tushmoqda. Pirovardida, tumanlarda xizmat safari bilan yurgan mahalliy, xorijlik jurnalistlar mutasaddilar bilan uchrasha olmayotganidan yoki yuzma-yuz ko‘rishgan taqdirda ham kerakli ma’lumotlarni ololmayotganidan, qo‘pol va nosamimiy munosabatdan yozg‘irgan materiallar soni tobora urchib borayapti.

Axborotlarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi organining rasmiy saytiga tez joylashtirish va ularni o‘z vaqtida yangilab borish, internet tarmog‘idagi veb-resurslar, shu jumladan, ijtimoiy va mobil tarmoqlarni rivojlantirish ishlarida sezilarli sustkashliklar kuzatilmoqda. Shunday sharoitda professionallik haminqadar bo‘lib turgan chog‘da tuman hokimlari o‘z saytini ochishni va hududdagi yangiliklarni tezkorlik bilan yoritib borishni har qachongidan ko‘ra ko‘proq istamoqda.

Aksariyat matbuot kotiblari esa biror jurnalist ma’lumot so‘rab murojaat qilsa, birinchi galda “rasmiy saytimizni ko‘ring” deydi. Bu ham ish bermasa, ikki enlik xat bilan rasmiy murojaat qilishni so‘raydi. Aslida ayb ularda ham emas, shunday talabni qo‘ygan rahbarida.

Ayrim matbuot kotiblari tashkiloti haqida “tasdiqlanmagan ko‘rsatkichlarni” va o‘zicha tamg‘a qo‘ygan “maxfiy” ma’lumotni oshkor qilishga huquqi yo‘qligini aytib, jurnalistlardan qutilmoqda. O‘z navbatida, jurnalistlar bunday materiallarni vazir ma’qullashini kunlab, hatto oylab kutib qolmoqda.

Xatbozlik va qog‘ozbozliklar matbuot kotibining mavjudligini shubha ostiga qo‘yibgina qolmay, OAV bilan munosabatlarni salbiy o‘zanga solib, murakkablashtiradi. Shu tariqa “bumering effekti” sodir bo‘lib, biror kun o‘zi tadbir yoki anjuman o‘tkazganida jurnalistlar “xatsiz” labbay demasa, attanglab qolayotir.

Vazir omma oldida nutq irod qilar ekan, har bir so‘zining aks sadosi va ertaga keltirajak oqibatini o‘ylab, albatta, matbuot kotibi bilan hisoblashishi, maslahatlashishi o‘rinli.

Rahbar yoki mutasaddining jamoat oldidagi nutqida har qanday chegaradan chiqishlar keyinchalik uning karyerasiga, ijtimoiy mavqeiga tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazishi mumkinligini hayotning o‘zi qayta-qayta tasdiqlamoqda.

Shu bois matbuot kotibi bilan avvaldan kelishib olgan holda matnlar yoki “shpargalkalar” tayyorlab olish, qaysar va tap tortmas jurnalistlar berishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy savollarga javob qaytarishga tayyorlanish, til va nutqning boy imkoniyatlari ustida muttasil ishlash, jurnalistlar va OAV haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lish, imkon qadar axloq va diplomatiya mezonlaridan chiqib ketmaslik choralarini ko‘rib borish zarur.

Matbuot kotibi faqat rahbariyat bilan cheklanib qolmasdan o‘zi ishlayotgan tizimdagi xodimlarning jurnalistlar bilan qanday muloqotda bo‘lishi, axborotni erkin va to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etishni o‘rgatishi, ijtimoiy tarmoqlarda o‘z profilini ochayotgan xodimga to‘g‘ri maslahat berishi, joylashtirayotgan materiallarining sifatli va xatosiz chiqishi uchun ko‘maklashishi zarur.

Yagona davlat siyosatini amalga oshirish borasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari bilan samarali va amaliy hamkorlikni ta’minlash ishlarida ham sezilarli oldinga siljishlar ko‘zga tashlanmayapti. Matbuot kotiblari o‘zaro hamkorlikda o‘tkazgan va og‘izga tushgan muhim tadbirlarni eslay olmayapmiz. Darhaqiqat, matbuot xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik nihoyatda past darajada, boshlari bir joyga birikmagan.

Asta-sekin ta’siri kuchli, imkoniyati yuqori tashkilotlar matbuot xizmatlarining bir tashkilot manfaatini boshqasidan ustun qo‘yishi, xolislik tamoyilining buzilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ba’zi matbuot xizmatlarida ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida xayrixoh jurnalistlar doirasini shakllantirib borish, ularni axborot (matbuot uchun xabar, byulleten, press-reliz va shu kabilar) bilan ta’minlash ishlari yaxshi tashkil etilmay, o‘lda-jo‘lda qolib ketmoqda.

Vazirlar Mahkamasining yuqorida qayd etilgan qarorida idoralarga axborot xizmatlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun zamonaviy moddiy-texnik bazasini shakllantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish vazifasi yuklangan edi. Ammo ko‘plab matbuot xizmatlari hatto eskiroq videokamera, fotoapparat yoki qo‘l telefoniga ham ega emas.

Jurnalistlar ijodiy uyushmasi yoki OAVni monitoring qilish markazi tomonidan tashkil qilinadigan va muhim mezonlarni qamrab oluvchi “Matbuot xizmatlari” haftalik reytingini tuzishi maqsadga muvofiq. Bu g‘ayrat bilan, kuyib-yonib ishlayotgan matbuot kotiblarini rag‘batlantiradi, umuman ishlamayotgan kotiblarni esa tetiklik va hushyorlikka undaydi, vazirlarni kerakli choralar ko‘rishga majbur qiladi.

Shu o‘rinda ba’zi mulohazalarni aytib o‘tishni ma’qul topdik. Strukturasi qayta tasdiqlangan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tarkibida Matbuot kotiblari klubi yoki shu’basi tuzish kerakdir. Ehtimol, Prezidentning Matbuot xizmati huzurida Matbuot kotiblari milliy uyushmasini tuzish samara berar. Matbuot kotiblarining xorijiy davlatlarda malakasini oshirishini tashkil qilish ham foydadan xoli bo‘lmaydi, nazarimizda. Chet ellik va mahalliy yetakchi ekspertlarni jalb qilgan holda matbuot kotiblari uchun o‘quv kurslarni tashkil etish, biror namunali matbuot kotibining tajribasini keng ommalashtirish, o‘rtada turli sport va madaniy tadbirlarni o‘tkazish asnosida ularning ijodiy muloqotini kuchaytirish va moddiy rag‘batlantirish taklifini ham ilgari surgan bo‘lardik.

Shu bilan birga, qator ijobiy holatlar ham ko‘zga tashlanayotganini ta’kidlashni istar edik. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, Xalq ta’limi, Adliya, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xizmatlari agentligi, Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent shahar va Samarqand viloyat hokimliklari matbuot xizmatlari ilg‘or usullarda va tezkorlik bilan ishlamoqda hamda bu maqsadlarga katta resurs va mablag‘ ajratmoqda.

Matbuot kotibi bugun o‘z maqomi bo‘yicha kamida vazirning maslahatchisiga tenglashtirilishi kerak va, qoida tariqasida, mutaxassisligi jurnalist bo‘lishi shart. Uning maoshi va boshqa imtiyozlari ham shundan kam bo‘lmasligi lozim. Tashkilot faoliyatini yoritish uchun cho‘ntagidan xarajat sarflashi, tizim xodimlariga “so‘zi o‘tmay”, o‘zi universal xodimga aylanishi matbuot kotibini obro‘sizlantiradi, ishi rivojiga to‘g‘anoq bo‘ladi.

Laziz Rahmatov, O‘zA
2 661