O‘zA O`zbek

14.08.2018 16:05 Chop etish versiyasi

Mastlikning mudhish oqibatlari

Mastlikning mudhish oqibatlari
Joriy yilning 21-yanvar kuni tunda Samarqand shahar Rudakiy ko‘chasidagi umumiy hovlilardan birida qotillik jinoyati sodir etilgani haqida ichki ishlar idoralariga xabar kelib tushdi. Tezkor guruh voqea joyiga yetib bordi...

Asli payariqlik Shokir (jinoyatga aloqadar ism-familiyalar shartli) 2017-yil dekabr oyida umumiy hovlidagi bir xonadonni ijaraga olib, oilasi bilan shu yerda yashay boshladi. Yangi uyda tanishgan qo‘shnilaridan biri Ivan Kucharov bo‘ldi. Ikkovlon tezda til topishib, vaqti-vaqti bilan ulfatchilik qilib turishni odatga aylantirishdi. Goh Shokirning, goh Ivanning xonadonida bo‘ladigan bunday suhbatlar aroqsiz o‘tmasdi.

Mudhish jinoyat sodir etilgan tunda Ivan Shokirning uyida mehmon edi. Ikkovlon birga ovqatlanib, rosa ichishdi. Og‘zi qizigan qo‘shnilar turli latifa va hangoma aytib, bir-biri bilan hazillashdi. Lekin bu paytda ular mastlik tufayli nima deyayotgani va xatti-harakatlarini ham unutib qo‘ydi. Oqibatda qo‘shnilar o‘zaro gap talashib, yoqalashib ketdi. Qiziqqon Shokir esa qo‘liga pichoqni olib Ivanga tashlandi. Ikki qo‘shnining shiringina suhbati ichkilik tufayli qotillik bilan tugadi.

Pastdarg‘om tumanidagi Tinchlik mahallasida ham shu yerda yashovchi Mirshod va Farruxning o‘zaro kelishmovchiligi tufayli notinchlik yuzaga keldi. Joriy yilning 8 fevral kuni kechqurun ular birga ulfatchilik qilib, mastlik oqibatida janjallashib qoladi. Farruxga nisbatan yosh va ancha epchil bo‘lgan Mirshod uni ayovsiz do‘pposlab, og‘ir tan jarohatlari yetkazadi. Natijada Farrux voqea joyida vafot etadi.

Shu yilning bahor oylarida Qo‘shrabot tumanida sodir etilgan mudhish jinoyat ham eshitgan kishini esankiratib qo‘yadi. Endigina 18 yoshni qarshilagan Javlon mast holatda mahalladoshlaridan birining uyiga kirib, xonadon bekasi va uning ikki qiziga pichoq bilan tan jarohati yetkazadi. Yaxshiki, ona-bolalarning hayoti saqlab qolindi. Hayotning past-balandini ko‘rmagan, achchiq-chuchugini tatib ulgurmagan yigit esa ayni kasb-hunar o‘rganadigan chog‘ida yoshlikning beg‘ubor damlarini panjara ortida o‘tkazadigan bo‘ldi.

Ichkilikka ruju qo‘yish, spirtli ichimlikning inson ruhiyati, xulqiga salbiy ta’siri oqibatida yuzaga kelayotgan jinoyatlar yoki bu illatning oilalar, insonlar taqdirini o‘zgartirib yuborayotgani haqida ko‘p misollar keltirish mumkin. Yon-atrofimizda, mahallamizda sodir bo‘layotgan bunday holatlarga ba’zida e’tibor qaratsak, ko‘p hollarda “menga nima, ichsa ichibdi-da, qilmishiga yarasha jazosini oladi” deb beparvolik qilamiz. Holbuki, mahallamizdagi bitta noxush holat, notinchlik butun mahalla ahli kayfiyatiga, hududdagi ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Arzimasdek tuyulgan gap-so‘z va janjallar vaqt o‘tib katta ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lib qoladi.

– Yilning yetti oyida viloyatimizda sodir etilgan jinoyatlarning 33 tasi mastlik oqibatida yuzaga kelgan, – deydi Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i R.Rahimov. – Ular orasida qotillik, o‘g‘irlik va boshqa jinoyatlar bor. Jamoat joylarida spirtli ichimlik iste’mol qilish va u bilan bog‘liq huquqbuzarliklar esa 19 ming 643 tani tashkil etmoqda. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 mingtaga ko‘p demakdir. Ya’ni endilikda mastlik oqibatida sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish maqsadida profilaktik tadbirlarga e’tibor qaratilmoqda. Fuqarolarning belgilanmagan joylarda spirtli ichimliklar ichishining oldini olish, bu boradagi huquqbuzarliklarni aniqlash va ma’muriy choralar ko‘rish yuzasidan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Ko‘p hollarda fuqarolarning tungi vaqtda spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda turli huquqbuzarlik yoki jinoyatlarga qo‘l urayotgani kuzatilmoqda. Shu sababli ayni paytda yurtimizda tungi vaqtda spirtli ichimliklar savdosini tartibga solish, bu borada amaldagi qoidalarni o‘zgartirish yuzasidan bildirilayotgan takliflar asosida huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

G‘.Hasanov, O‘zA
2 017