O‘zA O`zbek

09.08.2018 19:36 Chop etish versiyasi

Masofaviy ta’lim: bo‘lajak yosh tadbirkorlar uchun yana bir qulaylik

Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi Prezidentimizning 2017 yil 18 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Bugungi kunda markaz mamlakatimiz miqyosida aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun tadbirkorlik asoslarini o‘qitish o‘quv kurslarini tashkil etmoqda.

Markazda ayni kunga qadar 12 mingdan ortiq tinglovchi malaka oshirdi. O‘quv kurslarini bitirganlarning 10 foizi banklardan imtiyozli kredit olib, o‘z faoliyatini boshladi.

O‘rganishlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, mazkur kurslarda maktab, kollej va litseylarni bitirgan yoshlar bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqda. Biroq ularning yetarli darajada ma’lumotga ega emasligi tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasida o‘tkazilgan davra suhbati shu muammoni hal etish va tadbirkorlarning keng doirasiga mo‘ljallangan biznes yuritish ko‘nikmalarini masofaviy o‘rgatishni yanada rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Qo‘mita huzuridagi Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi va “Norma professional rivojlanish markazi" nodavlat ta’lim muassasasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda xalqaro tajriba asosida bo‘lajak tadbirkorlarni masofaviy o‘qitishni yo‘lga qo‘yish, biznesni yuritish, moliya savodxonligi borasida o‘zbek va rus tillarida maxsus onlayn va offlayn kurslarini yaratish afzalligi va amaliy natijalari xususida so‘z yuritildi.

– Masofaviy ta’lim dasturi markaz va “Norma professional rivojlanish markazi" nodavlat ta’lim muassasasi o‘rtasida tuzilgan o‘zaro hamkorlik memorandumi asosida ishlab chiqilmoqda, – deydi Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi direktori Ulug‘bek Kamoliddinov. – Unda tinglovchilar xo‘jalik huquqi asoslari, iqtisodiy bilimlar, moliyani boshqarish, soliqqa tortish, marketing va tashqi iqtisodiy bilimlar asoslari bo‘yicha onlayn kurslarda ta’lim oladi. Joriy yilning 15 sentyabridan 15 dekabrigacha www.direktor.uz onlayn platformasidan foydalangan holda 22 soatlik masofaviy ta’lim kurslari tashkil etiladi. Mazkur kurslarda o‘qish pulsiz, ochiq tarzda o‘tkaziladigan treninglar uchun har ikkala tomon tashabbusi bilan o‘qituvchilar tanlab olinadi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA
2 254