O‘zA O`zbek

14.08.2018 20:21 Chop etish versiyasi

Mashqda murakkab bo‘lsa, amaliyotda oson kechadi

Samarqand shahridagi “Dinamo” stadionida yong‘in o‘chirish amaliy sport turi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.

Yong‘in o‘chirish xizmati xodimlarida zamonaviy uslub va vositalardan foydalanish, murakkab vaziyatlarda tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmasini shakllantirish hamda ularning o‘zaro tajriba almashishi uchun imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etilgan musobaqada yurtimizning barcha hududlaridan kelgan 17 jamoa bahslashdi.

Ishtirokchilar yong‘in o‘chiruvchilar estafetasi, to‘siqlar osha yugurish, ishg‘ol qilish narvonida o‘quv minorasining 4-qavatiga ko‘tarilish, yong‘in o‘chirish avtomobili orqali jangovar yoyilish shartlari bo‘yicha mahoratini sinovdan o‘tkazdi.

Qiziqarli va keskin kurashlarga boy o‘tgan turnir yakunida umumjamoa hisobida Qashqadaryo viloyati jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘ringa buxorolik o‘t o‘chiruvchilar, uchinchi o‘ringa Andijon viloyati vakillari sazovor bo‘ldi.

Musobaqa doirasida mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yong‘in o‘chirish xizmati xodimlari Samarqand shahridagi tarixiy-madaniy obidalarni ziyorat qildi.

G‘olib Hasanov, O‘zA
1 646