O‘zA O`zbek

02.06.2020 Chop etish versiyasi

Mashhur Boyqoʻngʻir kosmodromi modernizatsiya qilinmoqda

Mashhur Boyqoʻngʻir kosmodromi modernizatsiya qilinmoqda

1955-yilning 12-fevralida sobiq ittifoq vazirlar kengashining “SSSR Mudofaa vazirligi uchun yangi poligon toʻgʻrisida”gi farmoyishi chiqdi. Avvaliga “Ilmiy tadqiqot-sinov poligoni № 5” deb atalgan Boyqoʻngʻir kosmodromi tarixi shu qarordan boshlanadi.

Boʻlajak kosmodrom qurilishi biyday sahro qoʻynida, oʻta maxfiy tarzda olib borilgan. Boyqoʻngʻirning tugʻilgan kuni esa aynan bugun, toʻgʻrirogʻi, 1955-yil 2-iyun hisoblanadi – shu kuni Boyqoʻngʻir kosmodromi loyihalari va tashkiliy tuzilmasi Bosh shtab boshligʻi direktivasi bilan tasdiqlangan.

Kosmodromning birinchi navbati qurilishi rekord muddatda nihoyasiga yetkazilgan. 1957-yil may oyidayoq poligondan dastlabki, Sergey Korolyov konstruksiyasi - R-7 qitʼalararo ballistik raketasi uchirilgan.

Yerning birinchi sunʼiy yoʻldoshi (1957-yil) hamda ilk bor sahniga inson oʻtirgan fazo kemasi (1961-yil) ham aynan shu yerdan samoga yoʻl olgan.

SSSR parchalangach, kosmodrom Qozogʻiston mulkiga aylandi. 1994-yilga kelib, Rossiya Federatsiyasi Boyqoʻngʻirni keyin yana 10 yilga uzaytirish sharti bilan 20 yil muddatga ijaraga oldi. 2004-yil yanvarda esa ikki mamlakat oʻrtasida kosmodrom Rossiya tomonidan 2050-yilgacha ijaraga olingani toʻgʻrisidagi yangi bitim imzolandi.

Hozir Rossiya Boyqoʻngʻir hududidagi 2ta ta uchish maydoni majmuasini modernizatsiyalashni rejalashtirmoqda, dedi “Roskosmos” kosmik faoliyat davlat korporatsiyasi Bosh direktori Dmitriy Rogozin afsonaviy kosmodromning 65 yillik yubileyi munosabati bilan tarqatilgan video lavhada.

Dastlabki loyiha Boyqoʻngʻirning “Soyuz-2” raketalarini uchirishga moʻljallangan “Gagarin starti” nomli birinchi maydonini qayta shakllantirishni nazarda tutadi. Yaqin-yaqinlargacha “Bayterek”, deb atalgan, endilikda “Nazarboyev starti” tarzida qayta nomlangan ikkinchi uchish maydoni esa “Soyuz-5” fazo kemalari uchun moslashtiriladi.

“Roskosmos” rahbarining soʻzlariga qaraganda, bunday raketalar mamlakatning soha bozoridagi oʻrnini yana-da mustahkamlash maqsadida yaratilmoqda.

1 861
OʻzA