Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.08.2017 17:24 Chop etish versiyasi

Farg‘ona viloyatidagi 15 ming 173 xonadon va tashkilot elektr va gaz tarmog‘idan uzildi

Mamlakatimizda elektr va gaz ta’minoti sohasida boshqaruv tizimini, nazorat va hisobga olish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, to‘lov intizomini mustahkamlash, javobgarlikni kuchaytirish, ijro ishi yuritishning samaradorligini tubdan yuksaltirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu hujjatga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi va joylarda uning hududiy tuzilmalari tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatmoqda. Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan ham mazkur yo‘nalishda muayyan ishlar amalga oshirilayotir.

Byuroning viloyat hududiy boshqarmasi va uning 19 tuman-shahar bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ma’muriy bino, zarur texnika vositalari bilan ta’minlanmoqda.

– Elektr energiyasi va tabiiy gaz ishlab chiqarish hajmini oshirish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq ta’minlash, texnologik va ma’naviy eskirgan infratuzilmalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda, – deydi Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Murodxon Ahmedov. – Afsuski, energiya resurslaridan debitor qarzdorlikni kamaytirish, ulardan noqonuniy foydalanishni bartaraf qilish borasida ta’sirchan ishlar olib borilmagan. Sud hujjatlari hamda boshqa organlar hujjatlari ijrosida ham kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Ayni kunlarda energiya resurslari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘liq undirilishiga, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-taroj qilish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va uning oldini olishga, sud hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Joriy yil 1-iyun holatiga viloyat bo‘yicha elektr energiyasidan 290 milliard so‘mdan, tabiiy gaz bo‘yicha 73,1 milliard so‘mdan ortiq qarzdorlik vujudga kelgan va uning muntazam oshib borishiga yo‘l qo‘yilgan. Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi tuman-shahar bo‘limlari tomonidan bu qarzdorliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilib, qisqa vaqtda elektr energiyasi bo‘yicha 70 milliard 585 million so‘m, tabiiy gaz bo‘yicha 24 milliard 489 million so‘m undirildi.

Elektr energiyasi va tabiiy gazdan 211 milliard 955 million so‘m qarzdorligi bo‘lgan 218 ming 363 iste’molchining manziliga talabnomalar yuborildi, 15 ming 173 xonadon va tashkilot tarmoqdan uzildi, elektr energiyasi va tabiiy gazdan qarzdorligi yuqori bo‘lgan ulgurji iste’molchilarning bank hisobraqamlariga to‘lov talabnomalari qo‘yildi.

Keng ko‘lamli targ‘ibot ishlariga qaramasdan, ayrim iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’mol qilish borasida hamon huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmoqda. Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va uning bo‘limlari tomonidan 127 shunday holat aniqlandi. Huquqbuzarliklar oqibatida davlatga jami 107,3 million so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan. Byuro xodimlari tomonidan davlatga yetkazilgan moddiy zararning 46,5 million so‘mi undirilib, qolgan 60,8 million so‘mini undirish choralari ko‘rilmoqda. Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan 112 jismoniy va 9 yuridik shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Majburiy ijro byurosining Buvayda tumani bo‘limi xodimlari tomonidan tumandagi “Qo‘ng‘irot sardori fayz” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi rahbari Q.Tursunov dala shiyponida 11 kVt.li xorijda ishlab chiqarilgan don maydalovchi DKU dastgohi, 10 yoritish chirog‘ini elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 2014-2017-yillar davomida jami 46,7 million so‘m moddiy zarar yetkazgani aniqlandi. Surishtiruv davrida fermer xo‘jaligi rahbari tomonidan davlatga yetkazilgan zarar to‘liq undirilishi ta’minlandi. Ushbu holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinadi.

Shu tumandagi Bobomurod Enazarov rahbarlik qilayotgan "Soyibjon Solihboy” fermer xo‘jaligida ham elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan. Oqibatda 100 million so‘mdan ortiq miqdorda zarar yetkazilgan. Ayni paytda zararni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Unutmaslik kerakki, elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lash, tabiiy ne’matlardan oqilona foydalanish nafaqat oilalar farovonligini ta’minlaydi, balki mamlakat iqtisodiy taraqqiyotiga hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA
3 471






Все о погоде - Pogoda.uz