O‘zA O`zbek

12.11.2019 Chop etish versiyasi

Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Saylov – 2019

Poytaxtimizdagi Xalqaro matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Toshkent shahrida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Unda xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi raisi, shahar hokimi J.Ortiqxo‘jaev Toshkent shahrida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida axborot berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqovning saylov uchastkalarining aloqa vositalari bilan ta’minlanganligi yuzasidan ma’lumoti tinglandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi davrida siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti, siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning hujjatlarini o‘rganib chiqish natijalari muhokama qilindi. Yig‘ilish doirasida Xalqaro matbuot markazi Buxoro viloyati bo‘limi vakillarining saylov jarayoniga ko‘rilayotgan tayyorgarlikka oid ishlari tahlil etildi.

Toshkent shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati saylovini o‘tkazish bo‘yicha 12 ta saylov okrugi, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati saylovini o‘tkazish bo‘yicha 60 ta, tumanlar kengashlari deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha 327 ta saylov okrugi tuzilgan. Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik idoralarida tuzilgan 53 ta saylov uchastkasi Toshkent shahridagi saylov okruglariga biriktirilgan.

O‘rganishlar davomida ushbu okrug saylov komissiyalari binolarida hanuzgacha internet aloqasi ishlamasligi, uchastka saylov komissiyalari uchun ajratilgan 46 ta binoda ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi, ular uchun alohida bino ajratish zarurligi, komissiya a’zolari saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etmaganligi aniqlangan.

Sergeli, Uchtepa, Yashnoboddan tashqari qolgan xalq deputatlari tumanlar kengashlarining sessiyalari qarorlari hanuzgacha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan okrug saylov komissiyalariga to‘la taqdim etilmagan.

Saylov kuni ovoz berish uchun kelgan yurtdoshlarimiz Saylov jarayonini boshqarish bo‘yicha axborot tizimi (SJBAT) operatorlariga murojaat qiladi. Saylov byulletenini olib, ovoz berish kabinasida o‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlaydi. Natijada bir vaqtning o‘zida, saylovda ishtirok etganlarning to‘liq ro‘yxati avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bu bir shaxsning bir necha marotaba ovoz berishi yoki bir kishining butun oila a’zolari uchun ovoz berishining oldini olish imkonini beradi.

Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi davrida siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning hujjatlarini o‘rganib chiqish natijalari ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 40- va 72-moddasiga muvofiq, barcha partiyalar 150 nafardan deputatlikka nomzodining hujjatlarini taqdim etgan.

Xalqaro matbuot markazi Buxoro viloyati bo‘limi vakillari ham saylov jarayoniga ko‘rilayotgan tayyorgarlik yuzasidan ma’lumotlarni taqdim etdi.

Tadbirda shu vaqtga qadar MSKdan akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlarga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

1 096
Barno MELIQULOVA, O‘zA