O‘zA O`zbek

01.11.2019 Chop etish versiyasi

Markaziy saylov komissiyasining guvohnomalari topshirildi

Markaziy saylov komissiyasining guvohnomalari topshirildi

Saylov mamlakat hayotidagi muhim siyosiy jarayon. Uning qonun talablari doirasida o‘tishi bugungi kunning eng muhim talabidir. Ana shu talabni to‘laqonli amalga oshirish uchun yangi Saylov kodeksida nazarda tutilgan barcha tadbirlar o‘z vaqtida bajarib borilmoqda.

Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi Navoiy viloyati bo‘limida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 5 ta okrug saylov komissiyalari raislari hamda a’zolariga Markaziy Saylov komissiyasining guvohnomalarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat saylov komissiyasi a’zolari, tuman, shahar saylov komissiyalari raislari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

– Bizning saylov okrugimizda bugungi kunda 5 marotaba majlis o‘tkazdik va ularda qonunchilikda belgilangan me’yorlardan kelib chiqqan holda ishlarni olib boryapmiz, dedi 38-Navoiy okrug saylov komissiyasi raisi Faxriddin Ro‘ziqulov. – Ayni kungacha 69 ta saylov uchastkalari tuzilib, tartib raqami, manzili belgilandi. 

Viloyat saylov komissiyasi raisi Sh.Jo‘raev saylov komissiyalari a’zolarining har biri xalq orasida o‘zining mas’uliyatli va fidoyiligi bilan ko‘zga ko‘ringan nomzodlar orasidan saylanganligi, ushbu guvohnomalar ularga yana bir karra bildirilgan ishonch va e’tirof belgisi ekanligini ta’kidladi.

Tadbirda saylov kodeksining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, aholining o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan to‘g‘ri foydalanib, saylovlarda faol ishtirok etishiga va daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi.

1 315
Nuriddin RAHIMOV, O‘zA