O‘zA O`zbek

22.05.2020 Chop etish versiyasi

Markaziy Osiyoda yagona markaz

Markaziy Osiyoda yagona markaz
Tibbiyot 

Poytaxtimizda oʻziga xos noyob “smart” majmua – Bolalar milliy tibbiyot markazi bunyod etildi. Aslida bu oʻlchov mezoni Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan zamonaviy majmuaning mazmun-mohiyati, yuqori aniqlikdagi tashxis qoʻyish va innovatsion usulda davolashni ifodalaydi. Sogʻliqni saqlashdagi islohotlar jarayonida bunday yondashuv bugun har qachongidan ham dolzarb hisoblanadi.

Ilgʻor shifo maskanida jajji qalblardagi katta umidlar ishonchga aylanadi. Shu boisdan bu yerdagi har qadam joyga, har bir jihozga ayni bolalar ruhiyatiga mos yondashilgan. Zamonaviy shifo maskanining boshqaruv menejmentiga xorijiy tajriba asosidagi oʻziga xos yondashuv joriy etilmoqda.

Mazkur bolalar shifo maskanining ahamiyati, dolzarbligi, davolanish tartibi, markaz imkoniyatlari xususida Bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Murod JAFAROV OʻzA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi.

– Yurtimizda Markaziy Osiyo, qolaversa, MDH mamlakatlari orasida birinchilardan boʻlib barpo etilgan Bolalar milliy tibbiyot markazining tashkil qilinishi tibbiyotimizning katta yutugʻidir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018-yil 28-fevralda markazni qurish ishlari boshlandi. Qiymati 130 million dollardan ziyod boʻlgan mazkur markaz Koreya Respublikasi koʻmagida, “Baum” korporatsiyasi loyihasi asosida barpo etildi. Toʻrt qavatli davolash muassasamiz 280 ta oʻringa moʻljallangan boʻlib, poliklinikada kuniga 250 nafargacha bemorni qabul qilish imkoniyati mavjud. Markazda 38 ta palata, sigʻimi 20 oʻrinli elektron kutubxona, 170 oʻrinli konferensiyalar zali, 50 oʻrinli oshxona, simulyatsion markaz mavjud. Muassasada 830 nafar tibbiyot xodimi faoliyat yuritadi.

Nima uchun milliy tibbiyot markazi deb ataldi, degan savol tugʻilishi mumkin. Koʻpgina xorijiy mamlakatlarda “National medical center” deb ataladigan tibbiyot markazlari bor. Bu markazlar boshqa tibbiyot muassasalaridan yuqorida turuvchi markaz hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, Prezidentimiz bu markazning haqiqiy milliy boyligimiz, milliy gʻururimiz boʻlishi lozimligini, boshqa bolalar tibbiyot muassasalaridan yuqorida turishi uchun unga milliy maqomini berdi.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, xorij mamlakatlaridan 40 million dollarlik zamonaviy diagnostika apparatlari, tibbiy, texnologik asbob-uskunlar olib kelindi. Texnologiyalarning koʻpchiligi AQSH va Koreya mamlakatlaridan keltirildi. Chunki hozir Koreya tibbiyoti juda rivojlanib bormoqda. Davlatimiz rahbari ham boshqa sohalar qatori tibbiyot sohasida Koreya bilan aloqalarni yana-da kengaytirishga alohida eʼtibor bermoqda.

Yuqori texnologiyalar asosida xizmat koʻrsatishga ixtisoslashgan, Markaziy Osiyoda yagona ushbu bolalar tibbiyot muassasasida yiliga 1,5 mingdan ziyod noyob jarrohlik amaliyotini bajarish imkoniyati mavjud. Muassasamiz 6 ta kichik markazga boʻlingan. Yaʼni har bir yoʻnalish boʻyicha alohida markazlar tashkil etilgan. Bu yerda respublika tibbiyot tarixida ilk marta eng yuqori aniqlikdagi tashxislash va davolash imkoniyati yaratiladi.

Markaz magnit rezonans tomografi, multispiral kompyuter tomografi, DNK analizatori hamda onkologik kasalliklarni bir necha yil oldin aniqlaydigan zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Birgina misol, PET-KT (Pozitron emission kompyuter tomografiya) apparati saraton kasalligini erta aniqlash imkonini beradi.

Shu bilan birga klinikamizda Oʻzbekistonda birinchi boʻlib genetik laboratoriya faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu bilan biz nasliy kasalliklarni, bemor bolalar naslida qanday kasalliklar borligini DNK orqali bilish mumkin. Markazda bir kunlik chaqaloqdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar davolanadi. Dastlabki bosqichda Toshkent va Toshkent viloyatidagi bolalar qabul qilinsa, keyinchalik har bir viloyatda markazning filiallari tashkil etiladi.

Markazda davolanish pullik. Ammo ayrim bemorlarni orderlar orqali davolash nazarda tutilgan. Yaʼni bunda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Sogʻliqni saqlash vazirligi buyurtmasi asosida order tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu qanday amalga oshiriladi? Bemor markazga keladi, tekshiruvdan oʻtkaziladi va bemorga bu yerda davolanish zarurati boʻlsa, unga oʻzimizning xulosamizni beramiz. Xulosa bilan bemor oʻzining tegishli sogʻliqni saqlash boshqarmasiga boradi, unga order beriladi. Ushbu order bilan tibbiyot markazimizda davolanish tekin boʻladi.

Yurtimizda tibbiyot sohasiga ilm-fan va innovatsiyalarning soʻnggi yutuqlarini keng tatbiq etishga eʼtibor tobora kuchaymoqda. Bunda malakali kadrlarning hissasi beqiyos. Mazkur tibbiyot markazini qurish, eng soʻnggi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash barobarida, malakali mutaxassislarni tayyorlashga ham alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Koreya Respublikasining nufuzli Pusan milliy universiteti klinikasida 100 nafar mutaxassisimiz malaka oshirib qaytdi.

Jarrohlik amaliyoti uskunalariga maxsus kamera oʻrnatilgan boʻlib, boshqa shifoxonalar va oliy taʼlim muassasalari operatsiyalarni onlayn tarzda koʻrib turishi mumkin. Zamonaviy texnologiyalar orqali masofaviy tibbiy koʻriklar hamda konsiliumlar tashkil etiladi, davolashning taʼsirchan usullari muhokama qilinadi.

Davlatimiz rahbari kuni kecha markazimizga tashriflari chogʻida bu yerda bolalarni malakali davolash bilan birga zamonaviy telemeditsina texnologiyalari asosida mamlakatimiz hududlarida ham yuqori sifatli tibbiy xizmatlarni tashkillashtirish, bolalar meditsinasi yoʻnalishida innovatsion izlanishlar olib borish, xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda murakkab jarrohlik amaliyotlari va yuqori texnologik muolajalarni tashkil etish, tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Hozir mamlakatimizda karantin davom etmoqda. Shu sababli markaz oʻz faoliyatini shu yilning avgust oyida boshlashi rejalashtirilmoqda.

OʻzA muxbiri
Nurillo NASRIYEV
yozib oldi

1 118
OʻzA