O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Markaziy Osiyoda mushtarak jihatlar, tahdidlar va yangi imkoniyatlar

Markaziy Osiyoda mushtarak jihatlar, tahdidlar va yangi imkoniyatlar

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan Oʻzbekiston Respublikasi tashqi siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishlarini amalga oshirish doirasida Toshkentda 19-20 fevral kunlari “Markaziy Osiyoda oʻzaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi.

OʻzA muxbirining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori vazifasini bajaruvchi Botir TURSUNOV bilan suhbati mazkur yirik anjumanning amaliy ahamiyati haqida boʻldi.

– Avvalo, Markaziy Osiyoda oʻzaro mushtaraklik muhitini mustahkamlashga xizmat qilayotgan omillar haqidasuhbatlashsak. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mintaqada oʻzaro ishonchni yanadamustahkamlash imkonini berayotgan tashabbuslari haqida.

– Darhaqiqat, soʻnggi uch yilni Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlari tarixida yangi davrning boshlanishi sifatida baholash mumkin. Qisqa davrda davlatlararo aloqalarda muhim ijobiy natijalarga erishildi. Qoʻshni mamlakatlar bir-biriga nafaqat chegaralarni, balki bozorlarini ham ochdi. Mintaqada yangi mustaqil davlatlar tashkil topgan davrdan boshlab birinchi marta yon qoʻshnilar sanoat kooperatsiyasi, oʻzaro investitsiyalarni jalb qilish, xavfsizlik sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻydi.

Qozogʻiston Respublikasi poytaxti Ostona shahrida 2018 yilning mart oyida ilk bor oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvi ham oʻzaro munosabatlarning yangi bosqichi boshlanganiga yorqin misol. Toshkentda joriy yilning aprel oyida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi maslahat uchrashuvi boʻlib oʻtadi.

Hamkorlikning yangi bosqichda davom etayotgani oʻzaro savdo-iqtisodiy natijalarga ham ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda. 2018 yilda mamlakatimizning mintaqa davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasida oʻsish surʼati kuzatildi.

Birgina misol. Qozogʻiston bilan oʻzaro savdo aylanmasi hajmi 2017 yilda 1,7 milliard AQSH dollarini tashkil qilgan boʻlsa, 2018 yilda bu koʻrsatkich 2,6 milliard AQSH dollariga yetdi. “GM Uzbekistan” avtomobillarini qoʻshni davlatda yigʻish yoʻlga qoʻyildi. Shuningdek, mintaqaviy turizmni rivojlantirish maqsadida “Ipak yoʻli vizasi” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.

Oʻtgan yili Oʻzbekistonga qoʻshni davlatlarning 4 millionga yaqin fuqarosi turli darajadagi tashriflarni amalga oshirdi. Bunda keyingi yillarda jadal rivojlanayotgan xalq diplomatiyasi muhim oʻrin tutadi.

Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, bu oʻzgarishlar oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Prezidentimiz rahbarligida Markaziy Osiyo davlatlari, yon qoʻshnilarimizga nisbatan amalga oshirilayotgan ochiq, oʻzaro ishonchga asoslangan faol tashqi siyosat mintaqamizda roʻy berayotgan oʻzgarishlarda muhim poydevor boʻldi.

Xalqaro ekspertlarning qayd etishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mintaqada uzoq yillar toʻplanib qolgan muammolarga yechim topishda muhim siyosiy iroda namoyish etmoqda. Xususan, Turkiyadagi nashrlardan biri – “Derin Ekonomi” davlatimiz rahbarini mamlakat, mintaqa hamda xalqaro maydondagi vaziyatga faol taʼsir koʻrsatadigan yetakchilar oʻntaligida qayd etgani shular jumlasidan.

– Sizningcha, bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligining qaysi yoʻnalishlari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda?

– Markaziy Osiyoda yuzaga kelgan yangi siyosiy muhit, globallashuv jarayonlari hamkorlik yoʻnalishlarini kengaytirib borishni, foydalanilmagan imkoniyatlarni ishga solishni talab etadi. Zero, bu zamonaviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish, mintaqada qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, xalqaro hamjamiyat, shu jumladan, biznes tuzilmalarining Markaziy Osiyo davlatlariga sarmoya kiritish boʻyicha intilishlarini samarali roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.

Mintaqada 70 milliondan ortiq aholiga ega ulkan bozor mavjud. Mashhur “Boston Consulting Group” maʼlumotlariga koʻra, mintaqa iqtisodiyoti real sektorlariga 40-70 milliard dollarlik investitsiya jalb qilish mumkin.

Shu kabilardan kelib chiqib aytish mumkinki, mintaqa davlatlari uchun farqli va oʻziga xos yondashuvlar barobarida, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, modernizatsiyalash, yangi hamkorlik yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish kabi umumiy strategik vazifalar mavjud.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining muhim strategik joylashuvi xalqaro transport yoʻlaklari imkoniyatlaridan oqilona foydalanishni taqozo etadi. 2017 yildan boshlab temir yoʻl, havo va avtomobil yoʻllari qatnovlari tashkil etilgani, 2018 yilning avgust oyidan boshlab Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston – Afgʻoniston avtomobil yoʻli boʻylab yuk tashuvlarining yoʻlga qoʻyilgani yangi “Sharq-Gʻarb”, “Shimol-Janub” transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishda keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Bundan tashqari, sanoat kooperatsiyasi, mintaqalar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada mustahkamlash, mintaqaviy turizmni rivojlantirish ham ustuvor maqsadlar sirasidan.

– Dunyoda barqaror rivojlanishga erishishning muhim va birlamchi omili bu – tinchlikdir. Aytingchi, bugun Markaziy Osiyo mintaqasi totuvligiga raxna solayotgan tahdidlarga qarshi kurashdagi saʼy-harakatlar nimalarda namoyon?

– Bugungi kunda isbot talab etmaydigan bir haqiqat bor. Bu ham boʻlsa, mintaqa xavfsizligini bir davlat miqyosida yoki alohida tasavvur etib boʻlmaydi. Birgalikdagi saʼy-harakatlar natijasida mintaqa uchun umumiy boʻlgan radikallashuv, ekstremizm, terrorizm kabi tahdid va xavflarga qarshi kurashish mumkin.

Shu maʼnoda, 2018 yil 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiya qabul qilingani quvonarli holdir. Loyihasi Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan bu hujjat BMTga aʼzo barcha davlatlar tomonidan bir ovozdan qoʻllab-quvvatlandi.

Rezolyutsiyaning qabul qilinishi 2017 yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaliy ifodasi boʻldi.

Davlat rahbari BMT yuksak minbarida turib soʻzlar ekan, Oʻzbekiston tomonidan taklif etilgan rezolyutsiyaning asosiy maqsadi “barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashishdan iborat” ekanini qayd etdi. Hujjat «bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlash, eʼtiqod qiluvchilarning huquqini himoya qilish, ularning kamsitilishiga yoʻl qoʻymaslikka koʻmaklashish"ga qaratilgan. Bu nafaqat mintaqamiz, balki dunyo hamjamiyati duch kelayotgan muammolarga oʻziga xos javob hamdir.

Hozirgi kunda Oʻzbekiston qoʻshni Afgʻonistondagi mojarolarga yechim topishga qaratilgan faol tashqi siyosiy tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Poytaxtimizda 2018 yil 27 mart kuni “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasining oʻtkazilishi ham shundan dalolat.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur konferensiya jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotdi. Unda 25 davlat va xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi. Afgʻonistonda tinchlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiluvchi mazkur konferensiya afgʻon xalqining muammolarini hal qilish boʻyicha aniq takliflar ilgari surilgani bilan amaliy ahamiyatga ega.

– Toshkent shahrida oʻtadigan “Markaziy Osiyoda oʻzaro mushtaraklik: tahdidlar va yangi imkoniyatlar” mavzusidagixalqaro konferensiyadan kutilayotgan natijalar haqida ham maʼlumot bersangiz.

– Bugungi kunda xalqaro munosabatlarda barqaror, jadal rivojlanayotgan davlatlar xalqaro hamjamiyatning konstruktiv va uzoq muddatli sheriklari boʻlishi mumkin, degan hayotiy qarash mavjud. Agar mintaqa davlatlari bu yoʻnalishdagi maqsadlarni amalga oshira olsa, Markaziy Osiyo “Evroosiyoda barqarorlik va tinchlikning geosiyosiy laboratoriyasi”ga aylanishi mumkin.

Ushbu konferensiya esa ana shunday maqsadlar sari yana bir muhim qadam. Markaziy Osiyo masalalari bilan shugʻullanuvchi ekspertlar, tahlil doira vakillari, olim va tadqiqotchilar ishtirok etadigan tadbirda mintaqada sodir boʻlayotgan jarayonlar, chegara boʻyicha hal etilishi kerak boʻlgan masalalar, suvdan oqilona foydalanish, xavfsizlik va savdo masalalari muhokama qilinadi.

Anjumanda AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Turkiya, Hindiston kabi mamlakatlar, shuningdek, Markaziy Osiyo davatlarining yetakchi tahlil markazlaridan 100 dan ortiq mutaxassis ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida Buyuk Britaniya Qirollik birlashgan kuchlari instituti, Germaniya Xalqaro jarayonlar va xavfsizlik instituti, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qozogʻiston strategik tadqiqotlar instituti, Toronto universiteti, Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi, Qirgʻiziston Milliy strategik aloqalar instituti, Rossiya Fanlar akademiyasi Post-sovet tadqiqotlar markazi, Rossiya iqtisodiyot oliy maktabi, AQSH Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti, shuningdek, AQSH RAND (Research and Development) korporatsiyasi va boshqa tashkilotlar vakillari bor.

Bugungi kunda dunyoda sodir boʻlayotgan siyosiy va iqtisodiy voqealar Markaziy Osiyo mamlakatlaridan mintaqaviy hamkorlik masalalariga yangicha baho berishni talab qilmoqda. Mintaqaviy hamkorlikni barqaror va dinamik rivojlantirish uchun samarali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni chuqurlashtirish zarurati tugʻilmoqda.

Konferensiya esa Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi mintaqaviy hamkorlikning asosiy tamoyillari sifatida oʻzaro ishonchni mustahkamlash, teng huquqlilik, manfaatli sheriklikni rivojlantirish imkonini berishi bilan muhim ahamiyatga ega.

22 476
OʻzA muxbiri Ulugʻbek SHONAZAROV suhbatlashdi.