O‘zA O`zbek

11.08.2020 Chop etish versiyasi

“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti tashqi ishlar vazirlari majlisi boʻlib oʻtdi

“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti tashqi ishlar vazirlari majlisi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov videokonferensiya shaklida tashkil etilgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti tashqi siyosat idorlari rahbarlarining navbatdan tashqari majlisida ishtirok etdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati maʼlum qilgan.

Tadbirda, shuningdek, Yaponiya tashqi ishlar vaziri Toshimitsu Motegi, Qirgʻiziston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozogʻiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Tojikiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov qatnashdi.

Videokonferensiya chogʻida koronavirus infeksiyasiga qarshi birgalikda kurashish va ushbu kasallik oqibatlarini bartaraf etish masalalari, hozirgi pandemiya sharoitida hamkorlikni mustahkamlash va yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar xavfli infeksiyalarga tashxis qoʻyish, davolash va bunday salbiy holatlarning oldini olish borasida maʼlumot, tajriba va uslublar almashish hamda epidemiologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar bilan boʻlishish uchun Muloqot ishtirokchi davlatlari mutasaddi idoralari oʻrtasidagi hamkorlikning koʻp tomonlama mexanizmini tashkil etish muhimligini qayd etdilar.

Tibbiyot kadrlarini tayyorlash borasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish, farmatsevtika va dori vositalarini ishlab chiqarish sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi.

Hamkorlikning yuqori oʻsish surʼati hamda Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun tegishli choralar qabul qilish zarurligi eʼtirof etildi. Xususan, oziq-ovqat taqchilligini yumshatish uchun qishloq xoʻjaligi sektorini qoʻllab-quvvatlash masalasiga eʼtibor qaratildi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri majlis ishtirokchilarini koronavirus infeksiyasiga qarshi samarali kurashish, aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini kompleks qoʻllab-quvvatlash hamda respublika iqtisodiyoti tarmoqlarining barqaror ishlashini taʼminlash borasida Oʻzbekistonda koʻrilayotgan chora-tadbirlardan xabardor qildi.

Oʻzbekiston tomoni Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya oʻrtasida epidemiologik xavfsizlikni taʼminlash va transchegaraviy epidemiyalarga qarshi birgalikda kurashish masalalari boʻyicha Hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni taklif qildi.

Muzokaralarda koʻp tomonlama hamkorlikning boshqa masalalari ham koʻrib chiqildi.

1 896
OʻzA