O‘zA O`zbek

11.07.2019 21:50 Chop etish versiyasi

Margʻilonda “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivali boshlandi

Margʻilonda “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivali boshlandi

Shu kunlarda Margʻilon shahri dilbar navolar, mumtoz qoʻshiqlar, jozibador raqslar anjumani – “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro folklor musiqa festivaliga mezbonlik qilmoqda.

Bugun Margʻilon shahridagi Erkin Vohidov nomidagi ijodkorlar bogʻida xalq ogʻzaki ijodi namunalarini tarannum etuvchi folklor bayramining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Festivalda Italiya, Germaniya, Fransiya, Kanada, Janubiy Koreya, Malayziya, Rossiya, Hindiston, Turkiya, Tojikiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Yaponiya, Eron, Polsha, Moʻgʻuliston, Daniya kabi 20 ga yaqin davlat hamda yurtimizning barcha hududlaridan kelgan sanʼat ustalari, folklor jamoalari, badiiy ansambllar ishtirok etmoqda.

Birinchi marotaba oʻtkazilayotgan festival 3 kun davomida mamlakatimizda nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash, xususan, folklor sanʼatini rivojlantirish va keng targʻib qilishga munosib hissa qoʻshishi, shubhasiz.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, insoniyat yaratgan bebaho madaniyat durdonalari, eng avvalo, har qaysi millatning folklor sanʼatida mujassam topgani hammamizga yaxshi maʼlum. Turli xalqlarning milliy oʻzligini, ularning tili va hayot tarzini, anʼana va urf-odatlarini ifoda etadigan baxshichilik sanʼati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrlidir.

Bugungi kunda Fargʻona viloyatida 5 ta – Margʻilon shahrida “Chodir jamol”, Qoʻqon shahrida “Qoʻqon yor-yori”, Qoʻshtepa tumanida “Kabutar”, Soʻx tumanida “Soʻx chashmasi”, Furqat tumanida “Shodlik” va Quvasoy shahrida “Qoʻsh chinor” folklor-etnografik ansambllari, shuning¬dek, 41 ta havaskor folklor guruhi faoliyat koʻrsatmoqda. Har bir guruhning bir-biriga oʻxshamagan, oʻziga xos repertuari mavjud. Ularning musiqiy ijrochiligida yalla, lapar, aytishuv, oʻlan, yor-yor, allalar alohida oʻringa ega.

– Qaysi tilda jaranglamasin, folklor baribir folklorda. Beixtiyor raqsga chorlaydi, qoʻshiqqa joʻr boʻlging keladi, – deydi “Soʻx chashmasi” folklor etnografik ansambli badiiy rahbari Abduvaqqos Yusupov. – Ansamblimiz oʻzining shiru shakar qoʻshiqlari, yaʼni oʻzbekcha-tojikcha laparlari, ashulalari bilan tadbirga fayz bagʻishlash uchun keldi. Bunday nufuzli anjumanda birinchi bor qatnashishimiz emas. 2018-yilda “Boysun bahori” folklor bayramida sovrindor boʻlgan edik. Bu kabi tantanalar ijodiy jamoalar uchun oʻziga xos qoʻllab-quvvatlashdir.

Maʼlumki, xalq ogʻzaki ijodi namunalarini keng targʻib etish va ommalashtirishda xalq dastalarining oʻrni va hissasi katta ekanligini alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Aynan shu kabi isteʼdodlarimizning izlanish va intilishlari tufayli ushbu sanʼat turi butun dunyoda shuhrat topib, qadri abad qadriyat sifatida avloddan avlodga oʻtib kelmoqda.

Ayni jarayonda keyingi yillarda yurtimizda xalqimiz maʼnaviy merosini oʻrganish, ezgu anʼana va qadriyatlarimizni asrab-avaylash, yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirishda boqiy merosimiz boʻlgan folklor jamoalaridan keng foydalanish, xalqimizning nomoddiy madaniy merosi boʻlgan folklor asarlarini toʻplash va keng targʻib etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Zotan, oʻzining mazmuni, tarbiyaviy ahamiyati va umrboqiyligi bilan ajralib turuvchi folklor sanʼati xalqimizning turmush tarzi, dunyoqarashi, ruhiy estetik olami, ichki kechinmalari, orzu-maqsadlarini sodda va yuksak badiiy ifoda eta olgan azaliy qadriyatdir.

Shu maʼnoda, bugun Margʻilon shahrida tantanali ravishda ochilgan xalqaro festival xalqimizga xos samimiy mehmondoʻstlik anʼanalarini keng targʻib etib, unda ishtirok etayotgan har bir ishtirokchi qalbida bir umr unutilmas taassurotlar qoldiradi. Eng asosiysi, festivalning umuminsoniy ezgu gʻoyalari butun dunyoda aks-sado berib, u tinchlik va doʻstlik, asl sanʼatni targʻib etuvchi tantana sifatida nishonlanadi.

Margʻilonda bu kabi nufuzli anjuman ilk marotaba oʻtkazilayotgani yoʻq. Koʻhna va navqiron shahar keyingi yillarda muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgan xalqaro “Atlas bayrami”ga ham mezbonlik qilib kelmoqda. Bu festival milliy hunarmandchiligimizni keng targʻib etuvchi oʻziga xos mahorat maydoniga aylangan boʻlsa, har ikki yilda bir marotaba oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan mazkur folklor festivali esa sanʼatga oshufta dillarni birlashtirishga katta hissa qoʻshadi.

M.SULAYMONOV, OʻzA
2 268