Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

16.08.2017 15:45 Chop etish versiyasi

Marg‘ilon yanada chiroy ochmoqda

Marg‘ilon yanada chiroy ochmoqda Xalqimiz uchun har tomonlama qulay va munosib turmush sharoiti yaratish mamlakatimizda inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadidir. Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan bu sa’y-harakatlar samarasida shahar va qishloqlarimizda muhtasham va zamonaviy xizmat ko‘rsatish majmualari, madaniyat maskanlari, istirohat bog‘lari barpo etilmoqda.

– Davlatimiz rahbari joriy yil 22-23-iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Erkin Vohidov nomidagi Marg‘ilon shahar madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish, turizmni rivojlantirish dasturi, tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, – deydi Marg‘ilon shahar hokimi Mirzohid Ubaydullayev. – Ushbu tashrif chog‘ida berilgan topshiriqlar asosida barcha loyihalar qaytadan ko‘rib chiqilib, ularni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Marg‘ilon shahrini 2017-2018-yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi asosida 600 dan ortiq loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun 1 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanadi.

Joriy yilda shaharda sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 5 yirik loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Tohirbek Marg‘ilon” mas’uliyati cheklangan jamiyatida avtomobillarga ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi tarmoq ishga tushirildi. “Traktor ta’mirlash korxonasi” mas’uliyati cheklangan jamiyatida zamonaviy eshiklar, profnastil hamda mebel ishlab chiqarish ishlari uchun 2,5 milliard so‘m mablag‘ sarf etilib, loyiha foydalanishga topshirildi.“Marg‘ilon Umar teks” mas’uliyati cheklangan jamiyatida paxta tolasini qayta ishlash orqali momiq sochiqlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Marg‘ilon shahrining bosh rejasiga ko‘ra, ayni paytda keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. "Zuhro" mahalla fuqarolar yig‘inida besh qavatli 7 ta uy-joy qurilishi qizg‘in davom etayotir. Ko‘p qavatli uy-joy fondi va ijtimoiy soha muassasalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha 4 sektor rahbari belgilangan tadbirlar ijrosini bajarishga alohida e’tibor qaratmoqda. 49 ko‘p qavatli uyning tom va fasad qismi, yo‘laklari ta’mirdan chiqarildi. "Zuhro", "Guliston", "Ipakchi", "Saxovat", "Chilonzor" mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi ko‘p qavatli uylarda tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 9 kilometrlik gaz tarmog‘i tortilmoqda.

14.JPG

Marg‘ilon azaldan milliy hunarmandlik mahsulotlari, muqaddas qadamjolari bilan xorijlik sayyohlarni ham o‘ziga maftun etib kelgan. Davlatimiz rahbarining topshirig‘i asosida turizmni rivojlantirish, milliy hunarmandlik markazini tashkil etish uchun ham aniq tadbirlar belgilandi. Hunarmandlik va turistik mavzelarni qurish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Hunarmandlar markazini tashkil etish uchun yer maydonlari tanlandi. Turizm sohasida xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Aholining mazmunli hordiq chiqarishini ta’minlash, madaniy-ma’rifiy tadbirlar samaradorligini oshirishda madaniyat va istirohat bog‘lari alohida ahamiyatga ega. Marg‘ilon shahridagi madaniyat va istirohat bog‘iga atoqli adib Erkin Vohidov nomi berilib, qayta rekonstruksiya qilinayotir.

Istirohat bog‘ining maydoni 9 gektardan 16 gektarga kengaytirildi. Bog‘ning kirish qismida yozuvchi-ijodkorlar xiyoboni tashkil etish, shu yerda Erkin Vohidov haykalini o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Turli tadbirlar o‘tkaziladigan amfiteatr, Nuroniylar maskani, osh markazi va boshqa infratuzilma obyektlari barpo etilib, Erkin Vohidov nomidagi yosh ijodkorlar maktabi tashkil qilinadi. Shuningdek, bog‘da turli attraksionlar o‘rnatilib, bir necha choyxona aholiga xizmat ko‘rsatadi. Istirohat bog‘iga turli mevali va manzarali daraxtlar, gullar ekiladi.

Prezidentimiz mazkur loyiha bilan tanishish chog‘ida bir qator topshiriqlar berdi. Shunga muvofiq, loyiha qayta ko‘rib chiqilib, qo‘shimcha 50 o‘rinli yosh ijodkorlar mehmonxonasi, “Nuroniylar maskani”da 20 o‘rinli mehmonxona, viloyat san’atkorlar va shoirlar muzeyi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limining ma’muriy binosi va 100 o‘rinli amfiteatr qurish loyihasi ishlab chiqildi.

Bu yerdagi bunyodkorlik ishlari “426-XIKMK” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha 2018-yil Navro‘z bayramida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

– Shahrimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, biz ham o‘zimizni yoshargandek his etayapmiz, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Marg‘ilon shahar bo‘limi raisi Turg‘unboy Nishonov. – Ayniqsa, Qo‘qon, Marg‘ilon va Andijon shaharlari o‘rtasida elektropoyezd qatnovining yo‘lga qo‘yilgani aholi uchun katta qulaylik bo‘ldi. Madaniyat va istirohat bog‘ida biz, nuroniylarga maskan va mehmonxona bunyod etilayotgani barchamizni xursand qilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda inson manfaatlari ustuvor ekanining amaliy ifodasi sifatida qalbimizni g‘urur-iftixorga to‘ldirmoqda.

Ma’sudjon Sulaymonov, Muqimjon Qodirov (surat), O‘zA
2 129






Все о погоде - Pogoda.uz