Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.02.2017 19:19 Chop etish versiyasi

Mardlik va jasorat maktabi

Mardlik va jasorat maktabi Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmasi tomonidan bir guruh yoshlar muddatli harbiy xizmatga tantanali kuzatildi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Mudofaa vazirligi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, istiqlol yillarida mamlakatimizda fuqarolarning muddatli harbiy xizmatni o‘tash tizimini isloh qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi. «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq fuqarolarning muddatli harbiy xizmat muddati 12 oyni tashkil etadi. Chaqiruv komissiyalari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida ular tarkibiga joylardagi davlat hokimiyati organlari, jamoatchilik, O‘zbekiston «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Nuroniy» va «Mahalla» jamg‘armalari vakillari kiritildi.

Fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga tanlov asosida saralab olish bo‘yicha samarali tizim yo‘lga qo‘yildi. Bu mamlakatimiz Qurolli Kuchlari saflarini puxta tayyorgarlikka ega chaqiriluvchilar bilan to‘ldirish imkonini berdi. Masalan, joriy yilda barcha chaqiriluvchilar uch yo‘nalish bo‘yicha test sinovlaridan o‘tkazildi. Yigitlarning bilim darajasini aniqlash maqsadida ularning maktab ta’limi dasturidagi majburiy fanlarni o‘zlashtirish darajasi, intellektual rivojlanish darajasi, shuningdek, moslashuvchanlik va chidamlilik qobiliyati tekshirildi. Shuningdek, ular jismoniy tayyorgarlik sinovidan o‘tkazildi. Test sinovlari yakunida milliy armiyamizda muddatli harbiy xizmat qilish uchun eng yuqori ball egalari saralab olindi.

– Bobom harbiy aloqachi sifatida Ikkinchi jahon urushi frontlarida jang qilgan, – deydi chaqiriluvchi Sherzod Haydarov. – O‘zim ham 9-may – Xotira va qadrlash kunida tug‘ilganman. Shu kuni bobom doimo harbiy libosini kiyardi. Bu menda yuksak g‘urur va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otib, kelajakda hayotimni Vatanimizga xizmat qilishga, harbiy sohaga bog‘lashimga sabab bo‘ldi. O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi «Vatanparvar» tashkilotida radiotelefonchilik bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallab, armiyaga jo‘nayapman. Harbiy xizmatdan so‘ng axborot- kommunikatsiya texnologiyalari sohasida harbiy mutaxassis bo‘lish maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus fakultetiga o‘qishga kirmoqchiman.

Roman Bondarchuk, Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA
554






Все о погоде - Pogoda.uz