O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Mardikorlardan xabar oluvchi bormi?

Mardikorlardan xabar oluvchi bormi?

Kunlik pul topib, roʻzgʻor tebratib yurgan yurtdoshlarimiz holidan xabar oling;

Mutasaddilar mardikorlarga yordam beradi, deb umid qilamiz;

Kirakashlar hali ham insofga kelmadimi?..

Karantin tufayli hayot tarzimiz butunlay oʻzgarib ketdi. Kundalik ish va boshqa odatlarni tark etib, uyda qolishga, virus tarqalmasligiga hissa qoʻshishga harakat qilyapmiz.

Oʻz uyi, yashashga mablagʻi borlar uchun karantin katta sinov emas. Zerikishni amallab yengish mumkin. Televizor, kitob, internet, deganday...

Ammo kunlik rizqini koʻchada topib yurgan oddiy odamlarning holi ne kechdiykin?

Karantin boshlangandan beri shu savol menga tinchlik bermaydi.

Sir emas, mardikorlik bilan koʻpincha viloyatlardan kelib shugʻullanishadi. Karantin munosabati bilan koʻpchilikning oʻz uyiga qaytgani haqidagi xabarlar biroz taskin bergan edi. Borishsa, mahalla-koʻyi ularni tashlab qoʻymaydi, deb umid qilgandim.

Biroq, mardikorlarning hammasi ham keta olmaganini eshitib, koʻnglim qorongʻu tortdi.

- “Qoʻyliq” bozori tomonga ish bilan borgan edik, -deydi Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy-axborot markazi raisining oʻrinbosari Shohida Qosimova. – Na oʻz uyiga keta olmagan, na ish topib, kunini amallab oʻtkazishga pul topa olmayotgan mardikorlarni uchratdik. Uylariga ketay deyishsa, yoʻlkira narxi qimmatlik qilgan. Qoʻlidagi telefon apparatlarini sotib kun koʻrib yurganlar bor ekan.

Haqiqatan, bunday kishilarning qiynalib qolishi turgan gap edi. Nahotki ularga hech kim eʼtibor qaratmagan boʻlsa? Karantin sharoitida koʻrilayotgan chora-tadbirlarda mardikorlar eʼtiborga olinmagan boʻlsa?

Fargʻona viloyati Soʻx tumani “Sarikanda” qishlogʻidan Toshkent shahriga kelib, mardikorlik qilib yurgan Farhod Xoʻjayev bilan suhbatlashganimizda, u karantin boshlanganidan beri ish keskin kamayib ketganini maʼlum qildi.

- Shunga qaramay, kunlik ish qilib pul topish ilinjida erkakgu ayol mardikor bozoriga chiqmoqda, — deydi Farhod. – Toʻgʻri, koʻpchilik oʻz uyiga ketdi, lekin qolganlar ham kam emas. Keta olmay qolganlar qoʻli yupqalik qilib, yoʻlkiraga ham pul topa olmaganlar. Ammo ketmaganimiz bilan ham bu yerda ham yashash kerak. Ijaraga toʻlash, oziq-ovqat sotib olish zarur. Bu ham yoʻqqa chiqmoqda ish yoʻqligi tufayli. Kecha uch-toʻrt kishi boʻlib, Fargʻonaga ketmoqchi boʻldik. Ammo kirakashlar yoʻl haqini 300 mingga koʻtarib turib oldi. Pulimiz yetmay, yana qolib ketdik.

Namangan viloyatining Chortoq tumanidan Ulugʻbek Hamroyev,Fargʻona viloyati Buvayda tumanidan Inomjon Begmatovni ham ana shunday vaziyat qiynamoqda. Taassufki, bunday odamlar kam emas.

Yuqoridagi holatlar karantin sharoitida ishi kasod boʻlib, qiynalayotganlarni aniqlash, ularga manzilli yordam koʻrsatish zarurligini koʻrsatmoqda.

Umid qilamizki, mutasaddi tashkilotlar bu masalaga zudlik bilan eʼtibor qaratadi.

550
Norgul ABDURAIMOVA, OʻzA