Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.01.2018 17:13 Chop etish versiyasi

Mard o‘g‘lonlar yodi mangu barhayot

Mard o‘g‘lonlar yodi mangu barhayot Vatan himoyasi, vatanparvarlik tushunchalari shunchaki chiroyli gaplar emas, qon bilan, jon bilan isbot qilinadigan muqaddas tuyg‘u. Bu Vatan oldidagi burchini har doim, har soniya his etib yashash demakdir. Bunga Vatan himoyasi uchun jonini qurbon qilganlar hayoti misol. Avloddan avlodga meros o‘tib kelayotgan bu muqaddas tuyg‘u yurtimizning bugungi himoyachilari qalbidan ham mustahkam o‘rin olgan.

13.jpg

Jizzax viloyatining Baxmal tumanidagi harbiylar shaharchasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va 14- yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi, tuman hokimligi, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tuman kengashi hamkorligida “Milliy armiyamiz yoshlarning mardlik, matonat va jasorat maktabidir” shiori ostida o‘tkazilgan tadbirda shu haqda so‘z yuritildi.

Ushbu harbiy qism o‘z shonli tarixiga ega. Qism askar va zobitlari 2000- yilda Surxondaryo viloyatining Sariosiyo, Uzun tumanlarida Vatanimiz sarhadlariga raxna solgan jangarilarni bartaraf etishda chinakam mardlik va jasorat ko‘rsatgan.

Tadbir yurtimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini himoya qilishda o‘z jonini fido qilgan mard jangchilarni xotirlash bilan boshlandi. Qism komandirlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, harbiylarning oila a’zolari, jamoatchilik vakillari jangovar harakatlar chog‘ida Vatan uchun jon fido qilgan 17 jangchi xotirasini birma-bir yodga oldi.

Vatanimiz sarhadlarida tahlikali vaziyatlar sodir bo‘lgan paytda qahramonlarcha halok bo‘lgan Ma’murjon Rajabov endigina 23 yoshga kirgan edi. Ushbu tadbirda marhum jangchining Samarqand viloyati Bulung‘ur tumani Beshqo‘ton qishlog‘ida yashovchi onasi Shakarbonu G‘ofurova ham ishtirok etdi.

16.jpg

– Hech kimning boshiga farzand dog‘ini solmasin, – deydi Sh.G‘ofurova. – O‘g‘lim Vatanni qo‘riqlashdek muqaddas burchini ado etishda halok bo‘lgani og‘ir ayriliq dardini yengishda dalda bo‘ldi. Chunki Vatan ozodligi, uning tinchligi har narsadan aziz. Ishqilib, endi hech bir ona farzand dog‘ini ko‘rmasin. Yurtimiz doimo tinch, sarhadlarimiz bexatar bo‘lsin.

Shunday istakni marhum jangchi Sayyor Sadinovning onasi –Samarqand shahridagi Navbahor mahallasida yashovchi Roziya Sadinova, jangovar harakatlar ishtirokchisi, iste’fodagi harbiy, qashqadaryolik Samandar Boboniyozov va boshqalar ham bildirdi. Mamlakatimiz Qurolli Kuchlarida amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli milliy armiyamiz mustahkamlanib, Vatanimiz mudofaa qudrati yuksalib borayotgani ta’kidlandi.

Marhum jangchilarning ota-onalariga tadbir tashkilotchilari tomonidan faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. Marhum jangchilarning musavvirlar tomonidan mo‘yqalamda chizilgan suratlari ularning ota-onalari va yaqinlariga sovg‘a qilindi.

11.jpg

Tadbir ishtirokchilari shaharchadagi Vatan himoyachilari xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilayotgan bog‘da bo‘ldi. Jangovar topshiriqni bajarish chog‘ida halok bo‘lgan 17 nafar jangchi xotirasiga ularning ota-onalari va yaqinlari tomonidan 17 tup daraxt ko‘chati o‘tqazildi.

Tadbirda bayram dasturxoni yozilib, havaskorlik jamoalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA
12 835