O‘zA O`zbek

30.08.2018 01:18 Chop etish versiyasi

Mard oʻgʻlonlar nomi barhayot

Mard oʻgʻlonlar nomi barhayot Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Vatanimiz oldidagi burchini ado etish chogʻida halok boʻlgan mard va jasur oʻgʻlonlarimizning aziz xotirasiga bagʻishlab chop etilgan “Mard oʻgʻlonlar nomi barhayot”kitobi taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, keng jamoatchilik vakillari, yozuvchi va shoirlar, halok boʻlgan harbiylarning yaqinlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayidov va boshqalar mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, armiya va xalq birligini mustahkamlash, chegaralarimiz daxlsizligini taʼminlash hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimini yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yaratilgan “Mard oʻgʻlonlar nomi barhayot” kitobi xalqimizning mard va jasur farzandlari xotirasiga yuksak hurmat-ehtirom namunasidir.

“Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida 10 ming nusxada chop etilgan mazkur kitob oʻquvchilarga kirill yozuvida taqdim etildi. Lotin yozuvida ham shuncha nusxada chop etiladi.

Kitobda yurtimiz ozodligi, xalqimizning bugungi tinch-osoyishtahayotini taʼminlash yoʻlida aziz jonini qurbon qilgan 222 nafar qahramonning sharafli hayot yoʻli ibrat qilib koʻrsatilgan. Uni oʻqigan kitobxon bugungi farovon hayotimiz qadrini yanada teran anglaydi.

Kitob taqdimotida 2010 yil 10 oktyabr kuni xizmat vazifasini bajarayotganda jinoyatchilar tomonidan ogʻir tan jarohati yetkazilishi oqibatida hayotdan koʻz yumgan 30 yoshli Yoqubjon Aʼzamovningota-onasi ham ishtirok etdi.

– Hech kim farzand dogʻini koʻrmasin, – deydi Hamida Aʼzamova. – Oʻgʻlimdan yodgor boʻlib qolgan nabiram bu yil Ichki ishlar vazirligi akademiyasi litseyiga oʻqishga kirdi. U ham dadasi izidan borib Vatan himoyachisi boʻlishni maqsad qilgan. Ilohim orzusiga yetsin, yurtimiz tinch, farzandlarimiz omon boʻlsin.

...2005 yil may oyi. Andijon shahrida terrorchilik harakatlari sodir etildi. Xalqimizning qatʼiyati, harbiylarimizning vatanparvarligi tufayli qora kuchlar niyatiga yetolmadi. Ammo bir qancha askar va ofitserlar mardlarcha halok boʻldi.

Bu qahramon yigitlar orasida kapitan Sodiqjon Usmonov ham bor edi. S.Usmonov 1975 yil Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida tugʻilgan. 1998 yilda Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonlik bilim yurtini motooʻqchi qoʻshinlar taktik qoʻmondonligi mutaxassisligi boʻyicha tamomlab, Davlat xavfsizlik xizmatining terrorizmga qarshi kurash boʻlinmalarida harbiy xizmatni boshlagan.

– Turmush oʻrtogʻimning hayot yoʻli bizga doimo oʻrnak boʻlib kelgan. Farzandlarim otasi bilan faxrlanadi, – deydi Nodira Usmonova. – Bu yil oʻgʻlim Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Temurbeklar maktabi”ga imtiyozli ravishda oʻqishga qabul qilindi. Uning mard va jasur otasi kabi Vatan himoyasi yoʻlida kamarbasta boʻlishini tilayman. Vatannimiz, xalqimiz oʻzining mard oʻgʻlonlarini hech qachon unutmaydi. Men turmush oʻrtogʻimdan judo boʻlgan, bolalari otasidan ayrilgan boʻlsa-da, biz oʻzimizni hech qachon yolgʻiz his etmaganmiz. Davlatimiz, bolalarimning otasining hamkasblari holimizdan xabar olib turishibdi. Tinch-osoyishta hayotimiz yoʻlida qurbon boʻlgan harbiylar xotirasiga bagʻishlab yaratilgan bu kitob yoshlarimizni Vatanga muhabbat, burchga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Taqdimot soʻnggida mard oʻgʻlonlarning yaqinlariga esdalik sovgʻalari topshirildi.

Gulnoza Boboyeva, Temur Mamadaminov (surat) OʻzA
2 688