O‘zA O`zbek

01.08.2018 16:13 Chop etish versiyasi

Maqsadimiz – zamonamiz qahramonlari obrazini yaratish

Prezidentimiz 2017 yil 3 avgust kuni ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvda taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida madaniyat, adabiyot va san’at sohasini, jumladan, tasviriy san’at yo‘nalishini rivojlantirish borasidagi dolzarb vazifalarni belgilab, ularni hal etish yo‘llarini ko‘rsatib berdi. O‘tgan qisqa muddatda ana shu taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan 10 ga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi.

Bu borada O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan ham qator tegishli chora-tadbirlar amalga oshirildi va bu jarayon davom etmoqda.

Ma’lumki, mazkur uchrashuvda Prezidentimiz Badiiy akademiya faoliyatiga to‘xtalar ekan, bu yerda 2003 yildan buyon saylov o‘tkazilmaganini, hozirgi vaqtda akademiyada 10 ta haqiqiy a’zolik o‘rni bo‘shab qolgani holda, nega yangi saylov o‘tkazilmayotganini tushunish qiyin, deya ta’kidlagan edi. 2017 yilning 21 sentyabrida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan haqiqiy a’zolikka saylov o‘tkazildi. Unda ishtirok etgan 44 nomzoddan 12 nafari saylandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 6 martdagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zolarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida yangi haqiqiy a’zolar ro‘yxati tasdiqlandi.

Ishlarni yanada faollashtirish va yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Badiiy akademiya tomonidan ijodiy uyushmalar, jumladan, badiiy ijodkorlar, kompozitor va bastakor, yozuvchi, jurnalist, teatr va kino arboblari uyushmalari bilan ishlab chiqilgan aniq reja asosida o‘zaro hamkorlik aloqalari samarali yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu hamkorlik doirasida 2017 yilning 21 sentyabr kuni ilk marotaba O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Markaziy ko‘rgazmalar zalida ko‘plab san’at va madaniyat uyushmalari bilan ijodiy munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda yaqindan o‘zaro tanishish maqsadida “So‘z, ohang va tasvir” mavzuida ijodiy kecha tashkil etildi. Quvonarlisi, bunday ijodiy kecha an’ana tusini olib, hududlarda ham muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, shu yilning 17-21 aprel kunlari mamlakatimiz miqyosida an’anaviy tasviriy va amaliy san’at festivali o‘tkazildi.

Zamonamiz qahramonlari obrazini yaratish, faoliyatini targ‘ib etish biz – ijod vakillarining asosiy vazifalaridan biridir. Bu borada O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan ijodiy reja ishlab chiqildi. Unga muvofiq “Zamon qahramoni: kecha va bugun”, “Zamonaviy qahramon obrazi” mavzularida rangtasvir va fotoasarlar, haykaltaroshlik yo‘nalishlarida ijodiy tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, akademiya tasarrufidagi kollej va ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlariga respublikamizning sohaga oid eng taniqli ijodkor ziyolilari biriktirildi. Endilikda shu asosda badiiy ta’limni samarali tashkil etish, ko‘rgazmali faoliyatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, yoshlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017 yil 16 avgustdagi “O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ham xalqimizni tasviriy san’at namunalaridan bahramand etish va dizayn yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning ijodiy imkoniyatlaridan unumli foydalanish, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yurtimizda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarning badiiy saviyasini oshirish borasida muhim vazifalar belgilandi.

Bugungi kunda yurtimizning chekka hududlarida Badiiy akademiya tizim tashkilotlari va ta’lim muassasalari hamkorligida xalq rassomlari, ustalari bilan bolalar, yoshlar va ularning ota-onalari uchun “Bunyodkor xalqim bilan muloqot – ijodim ilhomi” mavzusida master-klasslar va ijodiy uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Unda yoshlarga sohaga oid qiziqarli bilimlar, tavsiyalar berilmoqda.

Akmal Nuriddinov,
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi.

O‘zA
2 568