O‘zA O`zbek

06.08.2018 17:47 Chop etish versiyasi

Maqsad – bayramni yuqori kayfiyatda o‘tkazish

Mustaqilligimizning 27 yillik bayramiga ham sanoqli kunlar qoldi. “Aziz va yagonamsan, jonajon O‘zbekistonim!” shiori ostidagi bu qutlug‘ bayram arafasida Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi xodimlari ham hushyorlik va mas’uliyat bilan faoliyat olib bormoqda.

Prezidentning 2017 yil 11 iyuldagi “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori profilaktik tadbirlarni uyushqoqlik bilan o‘tkazishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yurtimizning chekka hududlarida bayram munosabati bilan profilaktika tadbirlari, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha qo‘shma reydlar o‘tkazilayotir. Haydovchilar o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirish ishlariga qaramay yo‘l qoidalarini buzish holatlari uchrab turibdi.

O‘tgan hafta avtomobil yo‘llarida jami 160 yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Natijada ushbu hodisalarda 44 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 142 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohati olgan.

Hafta davomida yo‘l-patrul xizmati inspektorlari tomonidan jami 86 ming 171 qoidabuzarlik aniqlangan bo‘lib, bularning 40 ming 362 tasini qo‘pol qoidabuzarliklar tashkil etadi. Jumladan, 1 ming 596 nafar haydovchi transport vositasini mast holda boshqargan, 11 ming 916 nafar haydovchi belgilangan tezlik talablarini buzgan, 1 ming 168 nafar haydovchi svetofor va chorrahalardan o‘tish qoidasiga amal qilmagan.

Transport vositalarida old, yon va orqa tomondagi oynaning yorug‘lik o‘tkazishi kamida 70 foizni tashkil etishi kerakligi to‘g‘risida tushuntirishlar berilmoqda. Ammo shunga qaramay 679 nafar haydovchi transport vositasining oynalarini me’yoridan ortiqcha qoraytirgan.

Bundan tashqari, harakat vaqtida telefondan foydalangan 908 nafar va xavfsizlik kamarlarini taqmasdan harakatlangan 15 ming 416 nafar haydovchiga nisbatan ham tegishli choralar ko‘rilgan.

– Mamlakatimiz aholisi yo‘l qoidalariga ongli ravishda rioya qilsa, kutilgan natijalarga erishamiz, – deydi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i, mayor Akmal Yunusov. – Asosiy maqsadimiz yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, mamlakatimiz fuqarolariga bayramni yuqori kayfiyatda o‘tkazishda ko‘maklashish, eng muhimi, aholi xavfsizligini ta’minlashdan iborat.

Davron Sunnatov, O‘zA
2 125