O‘zA O`zbek

24.08.2018 12:54 Chop etish versiyasi

Maqomga oid yangi manba aniqlandi

Maqomga oid yangi manba aniqlandi

Qoʻqon madaniyati tarixi davlat muzeyi filiali – Qoʻqon adabiyot muzeyi ilmiy xodimlari tomonidan maqom sanʻatiga oid yangi manba aniqlandi.

Maqom sanʻati avloddan-avlodga sof tarzda yetkazib kelinmoqda. Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi boʻlgan milliy maqom sanʻati oʻzining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy anʻanalari bilan maʻnaviy hayotimizda muhim oʻrin egallaydi. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 17 noyabrdagi “Oʻzbek milliy maqom sanatini yanada rivojlantirish chora- tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda 6-10 sentyabr kunlari Shahrisabzda Xalqaro maqom sanʻati anjumani oʻtkazilishi ham uning nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

– Adabiyotshunosligimizning chorak asrlik gʻalabasini namoyish qiladigan “Mustaqilligimiz davrida adabiyotimiz” koʻrgazmasiga eksponatlar tanlayotgan paytda ilm ahliga nomaʻlum boʻlgan yangi manba aniqlandi, – deydi Qoʻqon madaniyati tarixi davlat muzeyi filiali – Qoʻqon adabiyot muzeyi ilmiy xodimi H.Otajonov. – Saqlanish raqami 452 boʻlgan qoʻlyozma toʻplam 1860 yilda Muhammad Abdulgʻofur ibn domla Xolmuhammad tomonidan kitobat qilingan. Qoʻlyozma toʻplam ustoz Abdurahmon Jomiy, hazrat Alisher Navoiy qalamiga mansub “Arbain” (40 hadis) tarjimalari bilan boshlanib, Bedil, Hofiz, Hoziq, Gʻoziyning gʻazal muxammaslari ham kiritilgan. Toʻplamdagi hikmatlar Navoiyning “Lisonut-tayr” devonidan olingani bilan ahamiyatlidir.

Qoʻlyozma toʻplamda akademik Aziz Qayumov aniqlagan Hoziqning Navoiy gʻazaliga bogʻlangan muxammasi ham bor. Toʻplamning 85-sahifasida “Maqomat, ilmi musiqa” deb sarlavha qoʻyilib, maqom haqidagi hikoyat, rivoyatlar keltirilgan. Risola sheʻr bilan boshlangan. Soʻngra maqom aytib oʻtilgan maʻlum manbalarni koʻrganimizda XV asrlardan boshlab Abu Nasr Forobiy (“Kitab ul-musiqa al Kabir”), Ibn Sino (“Javomeʻ ilm-ul-musiqiy”), Ibn Zayla (“Kitob ul-kafi fi al – musiqa”), Safiuddin al-Urmaviy (“Kitob ul – advor”), Zaynulobidin Husayniy (“Qonuni ilmi amali musiqiy”), Najmiddin Kavkabiy (“Dar bayoniy duvazdah maqom”), Abdurahmon Jomiy (“Risolai musiqiy”), Darvesh Ali Changiy (“Tuhfat us-surur”), Abdurauf Fitrat (“Oʻzbek klassik musiqasi va uning tarixi”) singari allomalar asarlarida mumtoz musiqaning nazariy va amaliy asoslari tadqiq etib kelinganligini koʻramiz.

Yangi aniqlangan risolada ham maqomga mos baytlar keltirilgan, ular asosan forscha boʻlsa-da, oʻzbekcha baytlar ham berilgan. Topilmani maqomga qiziquvchilar uchun qoʻllanma – darslik sifatida yozilgan, deyish mumkin. Bugungi kunda mumtoz musiqaning mazkur betakror namunasini yoshlar ongiga singdirish, maqomni toʻgʻri talqin etish koʻnikmasini shakllantirish dolzarb vazifadir. Muzey jamgʻarmasidan aniqlangan yangi topilma musiqashunoslar, maqomchilar uchun tarixdan yangi sahifalar ochadi.

M.Sulaymonov, OʻzA
2 916