Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.06.2018 15:35 Chop etish versiyasi

Maqom san’ati – bu, avvalo, ilmdir

Maqom san’ati – bu, avvalo, ilmdir
Har bir ilmning o‘z tarixi, shakllanish va rivojlanish bosqichi bo‘lgani kabi maqom san’ati ham bir necha asrlik boy tarixga ega. Maqom – yetuk va o‘ziga xos og‘zaki professional musiqa turkum janri bo‘lib, o‘rta asrlarda bastakorlar tomonidan yaratilgan. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 17-noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori san’atimiz tarixidagi unutilmas voqea bo‘ldi.

O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tarkibidagi Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli badiiy rahbari Hoshimjon ISMOILOV mazkur qaror mazmun-mohiyati, maqom san’atining bugungi rivojlanish tendensiyalari haqida O‘zA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi. 

– Maqom – xalqimiz vujudidan sizib chiqqan ohang. Shu bois, u asrlar osha yashab kelmoqda. Afsuski, keyingi yillarda bu qutlug‘ va sohir san’at turiga e’tibor susaygandek edi. Prezidentimizning milliy maqom san’atini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarori ayni muddao bo‘ldi. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvida ta’kidlaganidek, biz xalqimizning noyob merosi bo‘lgan maqom san’atini nafaqat yurtimizda, balki butun dunyo bo‘ylab keng targ‘ib qilish, kerak bo‘lsa, xalqaro miqyosda maqom tanlovlarini tashkil etish ustida ishlashimiz kerak.

Maqomni xalqqa yetkazmaslik ulkan fojia. Hozir maqomni qaytadan sterio holatda yozib olish jarayoni ustida ishlayapmiz. Ya’ni, avvallari maqomlar mono shaklda yozib olinar edi va uni tinglayotganingizda barcha cholg‘u asboblaridan chiqayotgan ohanglar aralashib, shovqin hosil qilardi. Endi esa eng so‘nggi ovoz yozish texnikalaridan foydalangan holda sterio shaklda yozyapmiz. Bunday usulda yozilgan maqomlarda har bir tovush alohida ajralib turadi. Maqsadimiz yoshlarga maqomni tushuntirish, uni xalq ongiga singdirishdan iborat. Maqom inson ma’naviy hayotida muhim ahamiyatga ega.

Sharq xalqlari musiqa madaniyatida maqomning turli ko‘rinishlari jonli ma’naviy durdona sifatida saqlanib, rivojlanib kelmoqda. Ular turli xalqlarda o‘ziga xos nomlanadi. Arab maqamlari, ozarbayjon mug‘omlari, uyg‘ur muqomlari, eron dastgohlari, mag‘rib nubalari, turk va iroq maqamlarini uchratish mumkin. Ammo bizniki singari butun maqomni uchratish mushkul. Masalan, maqomni matoga qiyoslaydagan bo‘lsak, boshqa xalqlarda uchraydigan maqomlar bir xil rangdagi matoga o‘xshaydi. O‘zbek milliy maqomi esa rang-barangdir. Ustozlarimiz uni sayqallab-sayqallab tayyor holda bizga yetkazishgan. Bizning vazifamiz esa mana shu maqomlarni yanada rivojlantirgan holda kelajak avlodga yetkazishdir.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida maqom kafedrasi faoliyat yuritadi. Shu paytga qadar qancha san’atkor yetishib chiqdi. Ammo ularga e’tibor bo‘lmadi. Ko‘p iqtidor egalari tirikchilik ilinjida san’atni tark etib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga majbur bo‘ldi. Shunday vaqtlar bo‘ldiki, shogirdlarim bilan shug‘ullanish uchun joy topolmadik, bir necha oylab maoshsiz ishladik.

Bugun viloyatlarda bo‘lib, iqtidorli yoshlarni san’atga qaytarish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga harakat qilyapmiz. Ayniqsa, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi xalqaro hamkorlikni riqojlantirishga ham keng yo‘l ochdi. Joriy yilning mart oyida Tojikiston “Maqom” akademiyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Markazimiz maqomchilari S.Begmatov va M.Tojiboyev Tojikistonda ijodiy safarda bo‘lib, mahorat darslari o‘tkazdi. Bu juda katta yutuq. Bizga shunday imkoniyat yaratib bergani uchun Prezidentimizdan minnatdormiz. Biz ham maqom san’atini dunyoga tanitish, jahon san’ati darajasiga ko‘tarish uchun qo‘limizdan kelgancha harakat qilamiz.

Fayyoz Achilov, O‘zA
2 348