O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 11:49 Chop etish versiyasi

Maqom sadolari dunyoga taralmoqda

Maqom sadolari dunyoga taralmoqda

Xalqaro maqom sanʼati anjumaniga mehmon sifatida tashrif buyurgan Oʻzbekiston xalq artisti Izro Malakov maqom muzeyiga oʻzining shaxsiy arxividagi cholgʻu asboblari, kitoblar, ustoz hofizlarning ashulalari yozilgan disklarni taqdim etdi.

– Tugʻilib oʻsgan yurtimga kelganimdan bagʻoyatda xursandman, – deydi Oʻzbekiston xalq artisti Izro Malakov. – Qancha buyuk allomalarni ulgʻaytirgan bu zamin bugun ulkan bayram ogʻushida. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan keyingi paytlarda maqom sanʼatiga qaratilayotgan yuksak eʼtibor sabab mana shunday maqom sanʼati anjumani tashkil etilmoqda va unda qatnashish uchun dunyoning 70 dan ziyod davlatlaridan usta ijodkorlar tashrif buyurgan. Bundan juda ham xursand boʻldim. Bu buyuk voqea. Bunday ezgu ishlar bardavom boʻlishi tilakdoshiman. Shahrisabzda tashkil etilgan maqom muzeyi zalida koʻp narsalarni koʻrdim. Oʻtmish xotiralarim yodga tushdi. Bu muzey yangi tashkil etilgan boʻlishiga qaramay unda maqomga aloqador koʻplab manbalar jamlanibdi. Uning eksponatlari yildan yilga koʻpayib borishiga ishonaman. Men ham bu xayrli ishga hissa qoʻshish maqsadida 50 yil davomida yigʻib yurgan maqom sanʼatiga aloqador noyob materiallarni muzeyga taqdim etganimdan baxtiyorman. Oʻzbekistondan ketganimga 25 yil boʻldi. Ayni paytda Amerikada maqom yoʻnalishida qariyb 100 dan ortiq shogirdlarim bor. Bugungi ajoyib anjumanga ulardan 5 nafari ishtirok etmoqda. Uyushtirayotgan konsertlarimda ular maqomdan ashulalar aytmoqda. Tilagim bitta u ham boʻlsa oʻzbek milliy maqom sanʼati dunyoga yoyilaversin, Oʻzbekiston gullab yashnasin.

Oʻ.Barotov, OʻzA