O‘zA O`zbek

06.09.2018 15:14 Chop etish versiyasi

Maqom olamga tinchlik, odamlarga halovat, ellarga birodarlik ruhini ulashadi

Maqom olamga tinchlik, odamlarga halovat, ellarga birodarlik ruhini ulashadi
Maftunkor shahar Shahrisabzda Xalqaro maqom sanʼati anjumanining ochilish marosimiga qizgʻin hozirlik koʻrilmoqda. OʻzA muxbiri mutaxassislarning ushbu anjuman, maqom sanʼati, uning falsafiy olami haqidagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdi.

Oʻlmas RASULOV,
 Oʻzbekiston xalq artisti:

– Maqom asrlar, vaqtlararo bizgacha bezavol yetib kelgan sanʼatdir. Uni atrofga rizq atalmish neʼmatlarni, goʻzallik kabi sifatlarni va komillikka ishora qilguvchi ulugʻvorlikni oʻzida aks ettirgan mahobatli togʻga qiyoslash mumkin.

Shahrisabzda Xalqaro maqom sanʼati anjumani munosabati bilan sanʼat ixlosmandlari jam boʻlishgan. Anjuman uchun maxsus bezatilgan, milliy anʼanalarimizni oʻzida aks ettirib turuvchi maydon tadbirga oʻzgacha fayz baxsh etgan. 70 dan ziyod davlatdan kelgan hamkasb hofizlar, maqom bilimdonlari oʻz zehni va tafakkuri bilan maqomning yuksalishi yoʻlida oʻzaro firk almashish imkoniga ega boʻlmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, bugungi anjuman maqomni ulugʻlagan sohibqiron Amir Temur, Alisher Navoiy, Husayn Boyqaro kabi ulugʻ zotlarning buyuk amallari davomi sifatida namoyon boʻlmoqda.

Hakim SATTORIY,
 temurshunos, faxriy jurnalist:

– Kosmosga uchgan odamlar emas, insonni koʻklarga olib chiqqan xalqlar buyukdir.

Musiqashunos olim tilidan aytilgan ushbu jumlada insonni ulugʻlikka yetaklovchi vosita, “Shashmaqom” koʻzda tutiladi. Zero, unda falakdagi jamiki tuygʻu va tushunchalar ifodalangan. Uni tinglagan va his qilgan odam ruhiy komillik sari parvoz qiladi. Shu bois asrlar silsilasida, har davr va makonda unga alohida eʼtibor bilan qaralgan.

Sohibqiron Amir Temur ham maqomni sevib tinglagan va maromiga yetkazib ijro etgan hofizlarga alohida izzat-ikrom koʻrsatgan. Bu haqdagi maʼlumotlar oʻz davrining mashhur hofizlaridan biri Abduqodir Marogʻiyning esdaliklarida keltiriladi.

Ibn Arabshohning “Amir Temur hayotida taqdir ajoyibotlari” kitobida ham Sohibqiron tomonidan maqom sanʼatining ulugʻlanishi bilan bogʻliq voqealar bayon qilinadi. Xususan, Amir Temur suyukli nevaralarining toʻyi munosabati bilan Samarqand yaqinidagi Konigil mavzesida katta tantana oʻtkazgani, unda dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan olimlar, davlat arboblari, savdogar va hunarmandlar ishtirok etgan qayd etiladi. Ushbu kechada maqom ijrochilarining mahoratidan lol qolgan ispaniyalik elchi Rui Gonsales de Klavixo ham bu haqda oʻz kundaliklarida maʼlumot yozib qoldirgan.

Buyuk mutafakkir, soʻz mulkining sultoni Alisher Navoiy hazratlari, shuningdek, Sulton Husayn Boyqaro maqom shakllanishi va rivojiga munosib hissa qoʻshishgan. Chunonchi, Sulton Husayn saroyida 200 kishidan iborat hofizlar ansambli faoliyat yuritgan. Ular turli bayram va umumxalq sayillari munosabati bilan xalq oldida chiqish qilib, xushkayfiyat ulashgan.

Soʻlim va yashil shahar Shahrisabzda oʻtayotgan Xalqaro maqom sanʼati anjumani odamlarga ana shunda koʻtarinki ruh ulashmoqda. Milliy yoʻsinda bezatilgan maydon sanʼatning mahobatini, qolaversa, oʻtmishi va kelajagining mutanosib tarzda rivojlanish bosqichiga ishora hamdir.

Zarif QUVONOV, 
adabiyotshunos:

– Har gal maqomning nodir namunalarini tinglarkanman, oʻzim uchun yangi maʼno, bir soʻz kashf etaman. Mumtoz poetikamizda anglolmagan soʻz maʼnosini, mahoratli hofizning gʻazal ijrosi orqali tushunaman. Maqom shunday ajoyibotki, kishini oʻziga maftun etadi, qalblarni junbushga keltiradi.

Alisher Navoiy hayot tashvishlaridan toliqqan kezlarida davrining mashhur hofizlari davrasiga qoʻshilib, ulardan gʻazallarni mahorat bilan ijro etib berishlarini soʻrar, shu orqali ijodiy faoliyati uchun ilhom va zavq topar ekan.

Ha, maqom ana shunday fotihu sultonlar, olimu ulamolar uchun maʼnaviy quvvat, ilhom baxsh etib, kishini komillik sari yetaklagan bir moʻʼjizadir.

Shahrisabzda yangrayotgan maqom ham olamga tinchlik, odamlarga halovat, ellarga birodarlik kayfiyatini ulashishda munosib ahamiyat kasb etishiga ishonaman. 

OʻzA muxbiri Dilobar Mamatova yozib oldi
2 532