O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

10.09.2018 23:54 Chop etish versiyasi

Maqom ohanglari, ruhi va falsafasi qalblardan joy oldi

Maqom ohanglari, ruhi va falsafasi qalblardan joy oldi Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom sanʼati anjumani yakunlandi

2-I o'rin O'zbekinton.JPG

Qariyb bir hafta davomida Shahrisabz jahonning turli davlatlaridan kelgan eng sara maqom ijrochilari bahsiga mezbonlik qildi. Bir hafta davomida moviy gumbazlar ostida orombaxsh navolar yangradi. Ulardagi joziba, ohang, ilohiy kuch-qudrat musiqaga oshufta qalblarni zabt etdi. Dunyoning mashhur xonanda va sozandalari, madaniyat va sanʼat arboblari, musiqashunos olimlar nigohi Shahrisabzda boʻldi.

5-I o'rin Ozarbayjon.JPG

Mazkur xalqaro sanʼat bayramining asosiy gʻoyasi insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi boʻlgan maqom sanʼatini rivojlantirish, uning qadimiy tarixi, teran falsafasi, betakror ijro uslubi va boy ijodiy anʼanalarini kelajak avlodga yetkazish va davomiyligini taʼminlashdan iboratdir.

11.JPG

Anjumanga tayyorgarlik doirasida muazzam Oqsaroy atrofidagi maydonda ulkan amfiteatr barpo etildi. Uning atrofida yurtimiz viloyatlarining oʻziga xos urf-odat va anʼanalari, turmush tarzini aks ettiruvchi etnografik shaharchalarda ishtirokchilar va sayyohlar uchun dasturlar havola etildi. Maqom sanʼatiga oid turli koʻrgazmalar, milliy sozlar va liboslar, hunarmandlik buyumlari, tasviriy va amaliy sanʼat namunalari, badiiy va hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar namoyishi va sotuvi yoʻlga qoʻyildi.

Anjuman kunlari shahardagi 6 mehmonxona va qator mehmon uylari xorijlik ishtirokchilarga xizmat koʻrsatdi. Chet ellik mehmonlarni kutib olish, anjuman davomida ularga hamrohlik qilish uchun oliy taʼlim muassasalaridan gid-volontyorlar saralab olindi.

Xalqaro maqom sanʼati anjumani doirasida 7 sentyabrdan boshlab Toshkent – Shahrisabz – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha “Afrosiyob” zamonaviy elektropoyezdining muntazam qatnovi yoʻlga qoʻyildi.

Nufuzli anjumanda jami 73 davlatdan 300 ga yaqin yakkaxon ijrochi va musiqiy jamoalar, uning doirasida oʻtgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada 19 davlatdan 30 nafar musiqashunos olim ishtirok etdi.

– Ushbu festivalning har bir kuni qiziqarli va oʻziga xos boʻldi. Meni oʻzbek xalqining boy madaniyati, anʼana va urf-odatlarini yuksak qadrlashi, asrab-avaylashi, ayniqsa, hayratlantirdi, – deydi tunislik musiqashunos olim, Tunis oliy musiqa instituti asoschisi Mahmud Guyettat. – Shunday buyuk va betakror madaniyat oʻzbek xalqining qoniga singib ketgani maqom sanʼati anjumanida yurtingizning barcha hududlari anʼanalari namoyishida yanada yorqin aks etdi. Bir xalq, bir madaniyat boʻlishiga qaramasdan, bu yerdagi rang-baranglik aqlni shoshiradi. Prezident Shavkat Mirziyoyev sanʼat anjumani ochilishidagi nutqida qayd etganidek, ushbu anjumanning maqsadi bu noyob boylikni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, undan dunyo ahlini bahramand qilish, kelgusi nasllarga bezavol yetkazish, turli qitʼa va mamlakatlar vakillarini bu goʻzal maskanda mujassam etishdan iborat ekani meni gʻoyat xursand qildi.

– Maqom faqatgina qalblarni rom etuvchi musiqiy janr emas, butun bir falsafadir, – deydi eronlik Farida Rizoiy. – Maqom navolari bilan birga men anjumanning rejissyorlik ishidan ham zavqlandim. Bularning barchasi eng yuksak saviyada tashkil etilgan. Sahna uzra Amir Temur haykali va uning ortidan mahobatli Oqsaroy namoyon boʻlgani ming yillik tarixni bugungi zamon bilan hayratlanarli darajada uygʻunlashtirgan. Mazkur anjumanda men oʻzim uchun oʻzbek xalqining nozik qalbini yangidan angladim va topdim, deb ishonch bilan ayta olaman.

Sanʼat bayramining ochilishida YUNЕSKO, Osiyo xalqaro folklor ijodiyoti tashkiloti, Rossiya, Qirgʻiziston Prezidentlarining maslahatchilari, Tojikiston, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Turkiya madaniyat vazirlari kabi martabali mehmonlar hamda mamlakatimizdagi xorijiy diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

– Jahon xalqlarining tarixiy, moddiy-madaniy merosini oʻrganish va targʻib etishda bunday anjumanlarning oʻrni beqiyos, – deydi YUNЕSKO departamenti boshligʻi Joti XosagraxarVisvervaraya. – Bizning tashkilotimiz festivallar timsolida eng sara madaniyat namunalarini hisobga olib boradi. “Shashmaqom” ana shunday eng qadimiy va moʻʼtabar sanʼat durdonalaridandir. Ikki ming yillik tarixga ega “Shashmaqom” nafaqat Oʻzbekistonda, balki koʻplab mamlakatlarda keng tarqalgan. Shuning uchun ushbu Xalqaro maqom festivali uning tarixiy madaniyatni tiklashdagi ahamiyatini yanada yuksaltirdi.

– Ushbu festival nafaqat Oʻzbekiston, balki butun Sharq xalqlarining madaniy hayotida muhim ahamiyatga ega. Binobarin, u xalqlarning madaniy yaqinligini mustahkamlashga xizmat qildi, – deydi ozarbayjonlik musiqa mutaxassisi Faxraddin Baxshaliyev. – Shu tufayli biz ham oʻzimizning mugʻom sanʼatini dunyoga tanishtirish va koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻldik.

10 sentyabr kuni dunyo sanʼat ahlining bosh sahnasiga aylangan Oqsaroy maydonidagi amfiteatrda Xalqaro maqom sanʼati anjumani gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Dastlab, faol ijrochilar qator nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi.

Xalqaro hakamlar hayʼati ishtirokchilarning chiqishlarini uchta – “Eng yaxshi maqom ansambli”, “Eng yaxshi yakkaxon cholgʻu ijrochisi” va “Eng yaxshi yakkaxon xonanda” nominatsiyasi boʻyicha baholadi.

Tunisning “Al Gharbi Twins”, Yaponiyaning “SPCP Japan” jamoalari va Turkmaniston vakili Suxonberdi Orazberdiyev uchinchi oʻringa loyiq, deb topildi. Eronning “Nastar” ansambli va hindistonlik Ustad Iqbol Ahmat Xon ikkinchi oʻringa munosib koʻrildi.

Ozarbayjonning “Hayrati” jamoasi solisti Nigor Shabanova va Oʻzbekistonning “Saqil” ansambli birinchi oʻringa sazovor boʻldi.

Nihoyat, hayajonli lahzalar. Hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra, Xalqaro maqom sanʼati anjumanining bosh sovrini – Gran-pri Tojikiston maqom akademiyasiga berilgani eʼlon qilindi.

Gʻolib va sovrindorlarga pul mukofotlari, shuningdek, anjumanning maxsus diplomi va esdalik sovgʻalari taqdim etildi. Bundan tashqari, anjumanda ishtirok etgan barcha xorijiy mehmonlarga suvenir va maxsus sertifikatlar topshirildi.

Marosimda yurtimiz sanʼat ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi hamda 3D proyeksiya-musiqali yoritish tomoshasi namoyish etildi.

Oʻlmas Barotov, OʻzA