O‘zA O`zbek

21.08.2018 08:17 Chop etish versiyasi

Maqom – jahon mumtoz san’atining qadimiy ildizi

Maqom – jahon mumtoz san’atining qadimiy ildizi Joriy yil 6-10 sentyabr kunlari Shahrisabz shahrida Xalqaro maqom san’ati anjumani bo‘lib o‘tadi. Shu kunlarda yurtimizda mazkur nufuzli san’at anjumaniga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston xalq hofizi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Hasan RAJABIY bilan O‘zA muxbirining suhbati maqom san’atining tarixi, rivojlanishi, jahon mumtoz musiqasi rivojidagi o‘rni haqida bo‘ldi.

– Maqom – o‘zbek mumtoz musiqasi durdonasi deyilishi bejizemas. Ushbu san’atning shakllanish tarixi haqida nima deya olasiz?

– Maqom xalqimizning bebaho ma’naviy merosi. Ushbu san’at rivojlanishning uzoq davrini bosib o‘tgan, ko‘plab san’atkorlar, bastakorlar uning tadrijiy taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shgan. Ularda inson kechinmalarining eng nozik ohanglari jamlangan. Shu sabab maqomni his qilish, tushunish uchun ma’lum tayyorgarlik zarur. Buning uchun kishi yoshlikdan musiqaga mehr qo‘yishi, ruhiy kamolotini ayni shu jihat bilan bog‘lamog‘i kerak. Eski o‘zbek yozuvini, arab va fors tillarini o‘rganishi darkor. Maqomni eshitish uni tugal tushunishni anglatmaydi. Ijro yo‘liga kelsak, u alohida san’at, alohida madaniyat.

Maqom ijrochiligi eng qadimiy san’at turlaridan. Unga IX-X asrlarda Markaziy Osiyo va Sharq mamlakatlarida ijtimoiy-madaniy hayotga ta’sir ko‘rsata olgan jonbaxsh omil sifatida qaralgan.

O‘zbek maqom san’ati ming yillik tarixga ega. Yurtimizdagi “Shashmaqom“, “Xorazm“, “Farg‘ona-Toshkent“ maqomlari kuyning o‘ziga xos mavqei va ijrochilik yo‘li bilan ajralib turadi. Uning rivojlanishi va asrlar osha sayqal topishida davr, zamon, ijtimoiy voqelik muhim unsur sifatida o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

Yurtimizda maqomchilik san’atining taraqqiy etishida akademik Yunus Rajabiyning hissasi katta. Xususan, u kishining intilishlari tufayli 1959 yili ilk bor o‘zbek tilida “O‘zbek xalq musiqasi” nomli olti jildlik Shashmaqom antologiyasi tuzildi.

– Maqom turli xalqlarda turlicha nomlanadi. Ularning farqli jihatlari, sizningcha nimalarda ko‘rinadi?

– Maqom o‘zbek va tojik xalqlarida bir xil nomda, Ozarbayjonda – mug‘om, Eronda – nug‘ba, uyg‘urlarda – muqom deb yuritiladi va ular bir ma’noni anglatadi. Ko‘plar ularning ildizi boshqa-boshqa deb o‘ylaydi. Aslida mumtoz ohanglarimizning ildizi bitta. Faqatgina ayrim farqlar va o‘ziga xosliklar mavjud. Chunonchi, uyg‘ur maqomi ijrosida go‘zal qochirimlarga e’tibor kuchliroq, tojik xalqida maqom ohanglari rang-barangligi bilan ajralib turadi. Forsiy kuy va ohang hamohangligini boshqa maqom takrorlay olmaydi. O‘zbek maqomi so‘zlaridagi boy ma’no barcha zamonlarda e’tirof etilgan.

Turkiy xalqlar maqomida umumiy jihat kuy avji va tugallanishiga alohida ahamiyat qaratilishidir. Avj pardalari balandroq, yakuniy qism dilga xush yoquvchi nafis ijro etiladi.

Maqom juda yirik turkum. U boshqa musiqa asarlaridan mukammalligi, kuy va shakl tizimlariga ega ekani bilan farqlanadi. Shuning uchun maqomni ijro etayotganda, avvalo, mumtoz adabiyotdan xabardor bo‘lishi zarur. Ijrochi maqom ustida ishlayotganda bir so‘zning ma’nosini tushunmadimi, shu g‘azalni maromiga yetkazib kuylay olmaydi, ya’ni shoir bilan hofiz o‘rtasida devor paydo bo‘ladi. Maqom juda katta ilm. Maqomchilik havaskor xonandalarning oldi-qochdi so‘zlari, xatti-harakatidan xoli bo‘lmog‘i kerak.

Rahmatli otam aytar edi: “Maqomni tuzatsang – tuzat, aslo buzma”. Maqomni buzishga hech kimning haqqi yo‘q. So‘zni xato talaffuz qilish, ohangni, avjni noto‘g‘ri talqin qilish xalqning boy ma’naviy merosiga xiyonat qilgan bilan barobar. “Kecha kelgum” deb boshlanuvchi g‘azal “Kecha keldim”shaklida ijro etilmasligi kerak. Bunda so‘z bilan ishlashga alohida ahamiyat bermoq lozim. Maqomda chiroyliroq ijro yarata olinsagina o‘zgartirish kiritish mumkin.

– Maqom ajdodlarga o‘tib kelayotgan boy xazina. Sizning sulolangizda ham bu an’ana saqlab kelinmoqda...

– Bizning baxtimiz san’atni, adabiyotni qadrlaydigan Rajabiylar xonadonida tavallud topganimizda, deb o‘ylayman. Chunki bu xonadonda tavallud topmaganimda maqomning sirli dunyosiga kirmagan bo‘lardim. O‘zim tilshunos bo‘lsam-da, o‘sha davr tuzumi bizga sohadan to‘la boxabar bo‘lishimizga imkon bermadi. Ammo otamning bilim va saboqlari tufayli so‘zga mehr qo‘yganman. Badiiy so‘z jilosi uni ohangga solib ijro etishga ishtiyoq paydo qilgan. Bund

agi bor sir-sinoatlarni o‘rganishga ahd qildim. Otamning izidan borib, ilmiy izlanishga qo‘l urdim. Yaqinda 700 sahifadan iborat “Rajabiynoma” kitobim nashrdan chiqdi. Unda maqom san’ati haqida to‘plaganlarim va otam haqidagi xotiralarimni jamlaganman.

Bugun farzandlarim, nevaralarim ham maqomga mehr qo‘ygan, bu borada ko‘plab yutuqlarga sazovor bo‘lgan. Bundan behad mamnunman.

– Mamlakatimizda maqom san’atiga qaratilayotgan e’tibor haqida qanday fikrdasiz?

– “Shashmaqom” YUNЕSKOning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgani xalqimiz hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘lgan edi. O‘tgan yil 17 noyabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi ana shu unutilmas voqeaning davomi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har ikki yilda Shahrisabzda Xalqaro maqom san’ati anjumani o‘tkazilishi belgilandi. Bu biz san’atkorlar uchun maqomni jahon uzra targ‘ib etishda ulkan imkoniyatdir. Bu ishlar asrlar davomida xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan, qadimiy tarixi, teran falsafasi, betakror jozibasi bilan insoniyatga ruhiy quvvat berib kelgan maqom barhayot yashashini anglatadi.

– Shahrisabz shahrida o‘tadigan birinchi Xalqaro maqom san’ati anjumanidan nimalar kutyapsiz? Bu tadbir maqom san’ati yuksalishida qanday ahamiyat kasb etadi?

– Xalqaro anjumanda ko‘plab xorijiy davlatlardan mashhur xonandalar, sozandayu maqom bilimdonlari ishtirok etadi. Tashkilotchilar orasida turkiy maqom san’atidan boxabar ko‘plab ijodkor do‘stlarim, shogirdlarim faoliyat olib bormoqda. Xalq hofizi Mahmudjon Tojiboyev, O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyevalar bilan tadbir doirasida o‘tkaziladigan “Maqom musiqa san’ati va uning jahon sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiyaga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Bunda o‘zbek mumtoz maqomining ahamiyatli tomonlariga e’tibor qaratyapmiz. Nufuzli tadbirda milliy mumtoz san’atimiz jozibasi namoyish etiladi, mahalliy va xorijlik musiqashunoslar, olimlar, xonanda va sozandalar o‘zaro fikr almashadi.

Tadbirda g‘olib bo‘lish emas, munosib ishtirok etish muhim. Bu kabi tanlovlar dunyo xalqlarining musiqiy tafakkuri, dunyoqarashi yanada boyishiga, ma’naviy merosga alohida mehr qo‘yishiga xizmat qiladi.

Dilobar Mamatova suhbatlashdi, O‘zA
3 239