Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.08.2017 18:51 Chop etish versiyasi

Manzil o‘sha – manzara boshqa

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida yashovchi sinfdoshim Sarvar Bagaudinov qo‘ng‘iroq qilib qoldi. 27-yildan buyon ko‘rishmagan sinfdoshimning kutilmaganda yo‘qlovidan hayratlanib, telefon raqamimni qanday topgani bilan qiziqdim.

– Bugun bu hech qanday muammo emas-ku, – dedi u. – Internetda Jizzaxda O‘zbekiston yoshlarining “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari o‘tayotgani haqidagi maqolangni o‘qib qoldim. O‘zA sayti orqali telefon raqamingni ham topdim. Darvoqe, shu idorada ishlayapsan ekan-a? Men pensiyadaman. Ko‘pdan buyon tug‘ilib o‘sgan shahrim Jizzaxni bir ko‘rsam, degan niyatda edim. Maqolangni o‘qib, borishga qat’iy qaror qildim. Kutib ol!

Sobiq mustabid tuzumning tanazzulga yuz tutishi, milliy respublikalar o‘z mustaqilligini e’lon qilishi ko‘plab oddiy odamlar taqdirini ham o‘zgartirib yubordi. Kimdir tarixiy vataniga, yana birov boshqa sabab bilan o‘zga yurtlarga ko‘chib ketishi tufayli qo‘shnilar, do‘stlar, hatto yaqin qarindoshlar boshqa-boshqa mamlakat fuqarosiga aylandi.

Sarvar bilan o‘tgan asrning 60-70-yillarida Jizzax shahridagi 9-internat maktabida bir sinfda o‘qiganmiz. U maktabdan so‘ng texnikumni bitirib, aloqa muhandisi sifatida ishladi. So‘nggi marta 1990-yilda, Sarvar tarixiy yurtiga ko‘chib ketishidan oldinroq uchrashgan edik. Shuncha yil ko‘rishmagan sinfdoshim yo‘qlaganidan, mehmonga kelayotganidan xursand bo‘ldim.

U Jizzaxga kirib kelaverishda kutib olishimga rozi bo‘lmadi.

– Nima deyapsan, yo‘lni o‘zim yaxshi bilaman, – dedi u ovozi biroz titrab. – Ziyoratni o‘zimiz o‘qigan maktabdan boshlamoqchiman. Yaxshisi, o‘sha yerda kutib tur.

Sezdimki, hozir hayajonda. Bolaligi o‘tgan yo‘llarni yolg‘iz kuzatmoqchi, tizginsiz xayollariga, xotiralariga hech kim xalaqit berishini istamayapti.

Biz o‘qigan maktabning o‘zi ham, bino ham butunlay yo‘q bo‘lib ketganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Internet-maktab boshqa shaharga ko‘chirilib, o‘rnida industrial texnikum tashkil etildi. Keyin texnikum Jizzax aloqa va transport kasb-hunar kollejiga aylantirildi. Binolari o‘ta zamonaviy, muhtasham, atrofi daraxtzor bilan qoplangan. Yo‘laklar bo‘yida turfa gulzor tashkil etilgan.

Bu o‘zgarishlardan Sarvarning xabari yo‘q edi, albatta. Shuning uchun avvaliga bu yerni tanimadi, ko‘rganlaridan hayajon va hayratini yashirolmadi.

– Yaxshiyam maktabda uchrashamiz, deganim, yo‘qsa, umuman adashib ketar ekanman. Bu joylar qadrdon bo‘lgani uchun yuragim yo‘l ko‘rsatdi, oyog‘im boshlab keldi, – dedi u biroz o‘ziga kelgach, atrofga alanglab. – Biz o‘qigan bir qavat bino o‘rnida tashqaridan xuddi saroyga o‘xshaydigan mana bu inshoootni ko‘rmagan bo‘lsam-da, manzil xotiramda saqlanib qolgan. Shahar juda o‘zgarib, zamonaviylashib ketibdi. Hu anavi joylar paxtazor edi-ya, adashmasam. Esingdami, egatlar orasida uchrab qoladigan tarvuzlarni yorib-yorib qo‘l bilan yeyaverar edik.

Maktab hovlisiga kirdik. Kollej xodimlari tashrifimiz maqsadini eshitib, bolalik xotiralarimizni tiklashga ko‘maklashish uchun hovli aylanishimizda hamroh bo‘ldi.

Xotiramiz qa’ridagi olis bolalikning qadrdon tasvirlari o‘rnini ko‘z o‘ngimizda turgan uch qavatli muhtasham o‘quv majmuasi, to‘rt qavatli yangi yotoqxona binolari egalladi. Bolaligimizdan yodgorlik bo‘lib qolgan birgina yotoqxonaning rekonstruksiya qilingan ikki qavatli binosini bir qarashda taniy olmadik.

Mezbonlar yotoqxonalarda yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirar ekan, har birida 15-20 chog‘li temir karavotdan boshqa jihozi bo‘lmagan xonalar beixtiyor xotiramizda jonlandi. O‘sha xonalar ham o‘z davrining eng yaxshisi hisoblanardi. Hozir biz ko‘rib turgan yotoqxonalardagi jihozlar, qulayliklarni tasavvur ham qilolmaganmiz.

Keyingi yillarda zamonaviy loyihalar asosida barpo etilgan sport zali, futbol maydonlari, 200 o‘rinli oshxona va ularda yaratilgan zamoniy sharoitlardan hayratga tushgan Sarvar dedi:

– Havasim kelyapti. Hamma yoq o‘zgarib ketibdi, go‘yo tush deysan. Mabodo o‘sha davrda bizga ham shunday joylarda yashash, o‘qish nasib etganida bugun kim bo‘lib yetishardik, deb o‘ylaysan? Men, masalan, hozirgidek oddiy muhandislikdan pensiyaga chiqmagan bo‘lardim.

Kollejdan chiqib, Sarvarning taklifi bilan bolaligimiz o‘tgan markaziy ko‘cha bo‘ylab “So‘g‘diyona” stadioni tomon yayov yurdik. Bu ko‘chada yuz bergan o‘zgarishlarga mening ko‘zim o‘rganib qolgan bo‘lsa-da, qariyb o‘ttiz yil bu yerlarda bo‘lmagan odam uchun hammasi boshqacha, hayratlanarli albatta.

Mehmon yo‘l-yo‘lakay ilgari ikki tarafi bir qavatli loysuvoq imoratlardan iborat ko‘cha o‘rnida qad rostlagan yangi, zamonaviy inshootlarga hayrat bilan boqar ekan, “Bu qanday bino, qachon qurildi? Iye, mana bu yerda bir aka kvas sotardi-ya?! Anavi binoning o‘rnida nima bo‘lardi?” kabi savollar bilan mening bolalikdagi xotiralarimni jonlantirardi. Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida barpo etilgan ko‘p qavatli turar joylar, ma’muriy, madaniy, savdo va xizmat ko‘rsatish binolari, infratuzilma inshootlari, "Yoshlar shaharchasi", "O‘rda" yoshlar ekologik bog‘lari, madaniy dam olish maskanlari shahar ko‘chalarining qiyofasi bilan birga, mening ham xotiramdan juda ko‘p tasvirlarni o‘chirib yuborgani uchun hamrohimning hamma savollariga javob berishga qiynalardim. To‘g‘rida, bunday o‘zgarishlar faqat bir ko‘cha yo hudud emas, butun shaharda yuz bergan bo‘lsa, barchasini eslab qolish osonmi?

Masalan, Alisher Navoiy va Sharof Rashidov ko‘chalari kesishgan joyda yangi xiyobon va birinchi qavati savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bo‘lgan ko‘p qavatli zamonaviy turar joylar o‘rni ilgarigi guvaladan qilingan pastqam uylardan iborat joy ekanini Sarvar yodimga soldi. Xiyobonda suvni turfa ranglarda nurlantirib 25 metr balandlikka purkayotgan musiqali favvoralar, qulay o‘rindiqli shiyponchalar, muzqaymoq pavilyonlari ayniqsa unda katta zavq uyg‘otdi. Bunday dam olish maskanlari bugun shaharda 13 ta ekani, hozir biz yurgan 10 gektarlik xushmanzara xiyobonni barpo etish uchun davlat byudjetidan 3 milliard so‘mlik qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgani haqidagi gaplarimni hayrat bilan tingladi.

So‘ngra bundan uch yil avval qurib bitkazilgan “So‘g‘diyona” universal sport majmuasini, undagi 10 ming tomoshabinga mo‘ljallangan standionni zavq bilan tomosha qildi. Bu yer bolalikda to‘p tepib yurgan davrlarni esga soldi, shekilli, "Shu atrofda futbolda doimiy raqibimiz bo‘lgan 1-maktab bo‘lardi, hozir ham bormi?", deb qoldi.

Men esa o‘sha maktab hozir ham shahardagi eng namunali ta’lim muassasalaridan biri ekanini, faqat endi u bilgan avvalgi bir qavatli pastqamgina imorat emas, to‘rt qavatli zamonaviy binoda ekanini aytdim. Bugun faqat shaharda emas, butun viloyatdagi maktab binolarining barchasi yangi qurilgani yoki rekonstruksiya qilingani haqidagi gapimga qandaydir titroq, lekin o‘ktam ovozda “hammasi uchun rahmat”, dedi. Bu minnatdorlik men aytgan ma’lumot uchun emas, davlatimizning ta’limga qaratayotgan e’tibori uchun ekani ovoz ifodasida shundoq sezilib turardi.

Shaharda ko‘rayotganlarining barchasi Sarvar uchun yangilik edi. Ko‘rib turganlarini xotirasida jonlangan eski shahar qiyofasi bilan taqqoslab hayrat va havasi ortayotgani menga ham zavq bag‘ishlardi. Ana shunday zavqli kayfiyatda Jizzax temir yo‘l vokzaliga yetib keldik.

Shaharning qadimdan mashhur va gavjum joyi “Ko‘kbozor” bozori vokzal atrofida. U bugun do‘stim xotirasidagi eski bozordan o‘n marta katta. Keyingi yillarda butunlay qayta qurilgan bu savdo markazining boshqalardan farqi, shaharning qoq markazida, katta ko‘chalar chorrahasida joylashgani. Bu yerda amalga oshirilgan qurilish ishlari hudud qiyofasining butunlay o‘zgarishiga olib keldi.

Zamonaviy majmuaning 5 ming 400 kvadrat metr savdo maydoniga ega qishloq xo‘jalik mahsulotlari pavilyonida 1 ming 152 savdo o‘rni yaratilgan. Qadim sharq va zamonaviy savdo madaniyati talablari asosida qayta qurilgan savdo rastalari, do‘konlar sotuvchi va xaridorlarga har tomonlama qulay, sanitariya-gigiyena, texnik, xavfsizlik talablari ham hisobga olingan. Bosh loyiha asosida bozor infratuzilmasining muhim qismi bo‘lgan avtomobil qo‘yish joylari, taksi, avtobus bekatlari barpo etilgan. Bozor yonidagi serqatnov ko‘chada haydovchiyu piyodalarga qulaylik yaratish uchun yer osti o‘tish yo‘li va boshqa ko‘plab inshootlarni bu hududlar changini yutib katta bo‘lgan Sarvar endi ko‘rdi.

Yangi bozor faqat savdo majmuasi emas, shahar obodligining, xalqimiz farovonligining ko‘zgusiga aylandi. Ayniqsa, rastalardagi to‘kinlikni ko‘rib, sinfdoshim yayrab ketdi. Nuqul u rastadan bu rastaga o‘tib, ho‘l-quruq mevalardan tatib ko‘rar va "Bolalikda shunday qilardik, eslaysanmi? Hozir men yashaydigan joylarda buni faqat do‘konlarda ko‘rishadi va umuman tatib ko‘rish mumkin emas. U yerlarda tartib shunaqa. Baribir Jizzax yaxshida-a?!" deydi. Uning bolalarcha bu qiliqlaridan men ham zavqlanaman.

Xuddi shunday katta qurilish Jizzax temir yo‘l vokzali bekatida ham amalga oshirildi. Vokzalning zamonaviy binosi, yo‘lovchilar uchun yaratilgan qulayliklar haqida batafsil gapirishning Sarvarga keragi yo‘q. Mutaxassisligi muhandis bo‘lgani uchun bu yerda amalga oshirilgan ishlarning ko‘lamiyu mahobatini yaxshi biladi. Faqat bir masalada – hamma joyda ko‘rishga, zavqlanishga arzirli yangilanish bo‘lgan paytda sayohatni qaysi yo‘nalishda davom ettirish haqida o‘ylanib qolasan. Ammo poyonsiz xotira ummonida bolalikning tiniq lahzalari boshqa taassurotlarga qaraganda ancha ko‘p saqlanib qolgani to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib turadi. Bu yerda ham shunday bo‘ldi.

Sarvar o‘quvchilik davrimizda yozgi ta’tilda eng ko‘p boradigan Uobsoydagi oromgohga ana shu bozor, temir yo‘l vokzali orqali o‘tganimizni esladi.

– Shaharni aylanish buguncha yetadi, agar transport topolsang Uobga borib kelsak-chi, – deb taklif qildi.

–Uobga har gal maktabimizning "ZIL" yuk mashinasida borganlarimiz yodingga tushib, transport topishni aytayapsan, shekilli, – dedim unga. – Avtomobil ishlab chiqaruvchi jahondagi sanoqli davlatlardan birida ekaningni bilmaysan shekilli. Ana, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mashinalar qator turgan joy Ravot qishlog‘iga qatnaydigan taksilar bekati. Ravotdan Uobgacha ikki qadam. Faqat bugun emas.

Ertasiga yo‘lda hangomani qizitish uchun ataylab ravotlik taksichi yigitning xizmatidan foydalandik. Mehmonga ko‘proq joyni ko‘rsatish, qoyil qoldirish uchun odatdagi yo‘ldan emas, "Jizzax" erkin iqtisodiy zonasi orqali yurdik.

“Tarki odat, amri mahol” deganlaridek, norasmiy suhbatda ham jurnalistligim ustun kelib, ko‘rganlarimizga fakt va raqamlar bilan izoh berib borardim. Balki, Sarvar 2013-yilda tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonaning Jizzax shahridagi 363,7 gektarlik hududida 14 korxona faoliyat yuritayotgani va u yerda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlaru erishilayotgan yutuqlar haqidagi raqamlarni xotirasida saqlab qololmagandir. Ammo yuk va yengil avtobillar uchun tormoz kolodkalari, televizor, konditsioner, muzlatkich, kir yuvish mashinasi, mikroto‘lqinli pech, svetdiodli chiroqlar, polipropilen iplar, video va IP telefonlar, telekommunikatsiya uskunalari, internet tezligini oshiruvchi butlovchi qismlar kabi turli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilayotganidan u hayratga tushdi. Ushbu mahsulotlar hatto Janubiy Koreya, Fransiya, Hindiston, Rossiya kabi rivojlangan davlatlarga ham eksport qilinayotgani eshitganda "Da tы chto, neujeli?” deyishni ham unutmadi.

Uobga yetguncha yo‘lning ikki chetida hosili pishayotgan dalalar, sotuvga tayyorlab qo‘yilgan Ravotning mashhur tarvuz-qovunlari bizni bir emas, bir necha marta to‘xtashga majbur qildi.

– Rossiya va O‘zbekiston Prezidentlarining uchrashuvidan so‘ng bu ne’matlar bizga ham yetib borishi osonlashdi. Mana, masalan, bizning Yekaterinburgda ham “Jizzax” savdo uyi ishlab turibdi. Garchi olis shaharda yashasam-da, ming shukr, ona yurtim Jizzax zaminida yetishtirilgan ne’matlardan bahramandman, – dedi Sarvar ichki bir faxr va g‘urur bilan. – Lekin haligi, zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarish haqidagi gaplaring men uchun mutlaqo yangilik bo‘ldi.

Ravotning asfaltlangan ravon ko‘chasi, yam-yashil bog‘-rog‘lari, obod va ko‘rkam hovlilar, odamlarning ertangi kunga ishonchidan xotirjam chehralari ko‘p yillardan so‘ng bolalik xotiralari yetaklab kelgan do‘stimning qalbiga surur baxsh etdi.

Garchi Uobdagi oromgohda ham sharqarib oqayotgan soy suvidan boshqa hamma narsa yangiligi, biz bolalikda yashagan maskanlar o‘rnida zamonaviy binolar qad rostlagani, bizga qadrdon narsalarning ko‘pi endi yo‘q bo‘lsa ham o‘ksinmadik. Chunki yangilari juda mustahkam, chiroyli, qulay. Bizlar uzoq yo‘l bosib axtargan narsamizni topdik. U ona diyorimizning hech o‘zgarmas go‘zalligi, uning yanada obod va ko‘rkam bo‘lib boryotgani edi.

– O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan kishi qayerda bo‘lmasin, bu yurtni butun umr sog‘inib, unga talpinib yashaydi. Uzoqda bo‘lsa ham uning yutuqlaridan quvonadi. Bu yerdagi o‘zgarishlarning hech biriga befarq emas, – dedi Sarvar qandaydir ma’yus tortib. – Men ham shunday, sog‘inaman, shuning uchun tez-tez internetga kirib turaman.

Sarvarning bolaligi o‘tgan joylarga qilgan safari davomida yo‘lboshlovchilik qilib, Jizzaxning yarmini aylanib chiqdim. Shu bahona o‘zim ham ko‘p marta ko‘rgan, bilgan, yozgan voqealarga chetdan turib nazar soldim. Har kuni ko‘rib, eshitib, hayotimizning odatiy yumushi sifatida qabul qilishga o‘rganib qolgan ishlarga sal chetdan turib qarasang, baribir boshqacha bo‘lar ekan. Biz ko‘rib turganlarmiz mamlakatimizda ro‘y bergan o‘zgarishlar natijasi bo‘lgan buyuk yuksalishning tashqi ko‘rinishidir. Bu o‘zgarishning zamirida esa MUSTAQILLIK degan mustahkam poydevor turibdi.

Safari qarib uyiga qaytayotganda Sarvardan nima olib ketmoqchiligi haqida so‘radim.

– Oladiganimni oldim. Bu tug‘ilib, bolaligim, yoshligim o‘tgan yurtning mehri, uning kelajagi bundan-da buyuk bo‘lishiga ishonch. Hammasi uchun rahmat.

Toshqul Beknazarov, O‘zA
2 679






Все о погоде - Pogoda.uz