O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:26 Chop etish versiyasi

Mangu yoʻlovchilar (Bu sirni men tongda tushimda koʻrdim!)

Mangu yoʻlovchilar (Bu sirni men tongda tushimda koʻrdim!)

Bir yosh va navqiron yigitni koʻrdim. U juda bashang kiyingan, yelkasidagi ixcham, popuklari hilpirab turgan xurjunida noz-neʼmatlar, suv, tagʻin kiyim-kechak bor edi uning... 

Bir yosh va navqiron yigitni koʻrdim. U juda bashang kiyingan, yelkasidagi ixcham, popuklari hilpirab turgan xurjunida noz-neʼmatlar, suv, tagʻin kiyim-kechak bor edi uning. Avzoyi juda otashin, kayfiyati baland, ruhi tetik edi. Buni uning nigohidan sezdim. U roʻparadagi ulugʻ togʻ sari magʻrur boqib, jiddu-jahd bilan qadam bosar edi. Yigitning chap yuzida katta qizil, oʻziga yarashgan nori bor edi. U meni koʻrmadi ham.

Shunda oʻsha ulugʻ togʻdan enib kelayotgan, goʻyo yurib emas, shamolning ixtiyorida qolib uchib yurgan sargardon tuyaqorin atalmish tikondek yumalab tushayotgan bir aftoda cholni ham koʻrdim. Chol munkillab qolgan, soch-soqoli oʻsib ketgan, kir va uzun moʻylabi ogʻzini yopgan, koʻzidan nur qochgan bir gʻarib edi. Egnidagi qoʻpol, rangini ham bilib boʻlmaydigan chakmonining uvadasi chiqib, tirsaklari teshilib qolgandi. Kirchimol ishtoni ham teshilgandi uning. Zoʻrgʻa avratini yopib turardi. Oyogʻida esa havo sovuq boʻlishiga qaramay hech vaqo yoʻq — yalangoyoq. Tovonlari qabarib, shilinib ketgan.

Chol roʻparasidan borayotgan yigitni koʻrgach, joyida tek qotdi. Yigit ham goʻyo arvohga duch kelgan kabi bir zum oyoq ildiyu, tagʻin odim otdi. Ular roʻpara boʻldilar. Chol tilga kirdi:

—Toʻxta, qoʻzim! Avval bir qultum suv ber, keyin gapimga quloq sol! 

— Kimsan sen oʻzi, meni toʻxtatadigan?! Ma, suv! — yigit cholga mol terisidan tikilgan suv toʻla ixcham tulumni uzatdi.

Chol yutoqib suv ichdi. Kun sovuq boʻlsa-da, cholning ichi yonib ketayotganga oʻxshar edi. 

Suv ichib nafsi qongan chol soʻzini boshladi:

— Sen menga qayerga ketayotganingni ayt!

Yigit javob qildi:

—Uni izlab ketyapman!

— Men qirq yil avval sendan ham navqiron va kuchli edim. Madrasada oʻqirdim. Kitobda U bor deb yozilganini koʻrdim. Manzilini ham bilib oldim. Va qirq yil burun xuddi sen kabi yoʻlga tushdim! Shunda, xuddi shu yerda roʻparamdan mendan-da aftoda chol chiqdi. Va menga “Ortingga qayt! Sen izlagan U yoʻq! Men oʻsha manzilga borib keldim! Qayt, bolam!” deb yolvordi. Men cholning gapiga ishonmadim va yoʻlimda davom etdim.

Ammo borib koʻrdim: U yoʻq ekan! Qashqirlar, shoqollar mening uyquga ketishimni poylab, uvillab ergashib yuraverdi. Ammo qoʻrquv va umid menga uyqu bermadi. Uni izlab, yigʻlab-yolvorib koʻp jabr koʻrdim. Yoʻq, topolmadim. Va bor-budimdan mosuvo boʻlib, cholning soʻzlariga ishonmaganimga ming pushaymonlar qilib, alam va sogʻinch chogʻiridan moʻl-moʻl ichib, zoʻrgʻa ortimga qaytib kelyapman. Oyoqlarimga qara, ochlikdan ot terisidan qilingan kovushimni ham burdalab yeb qoʻydim. Boʻlmasa qashqirlarga yem boʻlardim. Oyogʻim qavarib, terilari toshday qotib qoldi. Shunda bu qavariqlar yurishimga xalal berib qolaverdi. Qirrador tosh bilan jonsiz boʻlib qolgan dagʻal terilarni kesib tashlab yuraverdim. Ishonasanmi, oʻsha teri parchalarini ham... yedim..., — chol izillab yigʻlab yubordi, bir pasdan soʻng tagʻin gapida davom etdi — Sen orqaga qaytgin, bolam. Ishon menga!

Chol gapini tugatar ekan, yigitga umid bilan yoniqib qaradi. 

Yigit esa, xumrayib cholga shubhali boqqancha bir muddat turdi-da, indamay yoʻlida yurishga xezlandi. Chol yigitni tutib qolmoq uchun qaltiroq qoʻllarini uzatdi. Yigit uni siltab tashladi va yurishda davom etar ekan, dedi:

— U — bor! Kitobda oʻqidim! Manzilini ham bilaman.

Chol zor-zor qaqshagancha, yerga oʻtirib qoldi.

Soʻngra u ham meni koʻrmay yonimdan loʻkillab oʻtib ketdi.

Men oradan yana qirq yil oʻtgach, shu yonbagʻirdagi soʻqmoqq yoʻlim tushdi. Va qirq yil burun koʻrganim yuzida qizil nori bor yigitdan ham xushsuvrat boshqa bir yigitga duch keldim. U juda shaxdam holda, olis qorli choʻqqilardan koʻz uzmay yoʻl tortar edi.

Uning ham safar zavqi parda tortgan nigohlari meni koʻrmadi. Yoʻl chetida turdim. U shasht bilan oʻtib ketdi.

Shu mahal togʻdan enib kelayotgan bir qoraga koʻzim tushdi va titrab ketdim. Qirq yil avvalgi aftoda choldan ham oʻn karra gʻarib va gʻamgin bir chol enkayib pastga tomon oʻrmalar edi. Meni titratgan narsa ul badbaxt qariyaning chap yuzidagi katta qizil nor edi...

Yoʻlimga burilib joʻnadim. Olislab ketarkanman, yigit va cholning gaplari qulogʻimga goʻyo aks-sado kabi yetib keldi:

— Ortingga qayt, bolam, U — yoʻq! — deya yalinardi chol.

Yigit esa tobora yuqorilab borarkan:

— U — bor! Kitob aldamaydi! - derdi hayqirgancha. 

***

Men sharqirab oqayotgan soy yoqalab borar ekanman, bu cholning ham avvalgi cholga oʻxshab adashayotganini tushundim! Ha — U bor, kitob aldamaydi. Ammo bu shoʻrpeshonalar sezishmayaptiki, ularning zahmat chekib, yoʻlda tortgan azob va iqrorlari Uning borligiga dalildir! Umid va iqror!

Muhimi shu emasmi?! Ular shuni tushunishmayaptilar!

Suv esa qorning hidini olib sharqirab tepadan pastga oqib yotibdi.

Shodmonqul SALOM

OʻzA
693