O‘zA O`zbek

08.03.2018 14:19 Chop etish versiyasi

Manasga Navro‘z keldi

Manasga Navro‘z keldi Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘iga bu yil Navro‘z boshqa hududlarga qaraganda bir oy oldin keldi. Tabiatning taqvimida janubiy Mirzacho‘lning markazida joylashgan bu qishloqning alohida o‘rni yo‘q albatta. Ammo Jizzax viloyatida Navro‘zga taraddud ham, uning kirib kelishi ham Manasdan boshlangani rost. Qishloq ahli aynan shu fikrda.

– Navro‘z – yangi kun bu yil bizning qishloqqa 14 fevralda kirib keldi, – deydi "Manas" qishloq fuqarolar yig‘ini raisi J.Kenjayev. – Prezidentimiz topshirig‘i bilan “Obod qishloq” dasturini amalga oshirish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhi shu kuni qishlog‘imizda ish boshladi. Shundan buyon, bu yerda qurilish, obodonlashtirish ishlari bir kun ham to‘xtagani yo‘q. Bu qishloq tarixidagi unutilmas voqea. Qishlog‘imizga bundan bir oy avval kelgan mehmon hozir qilingan ishlarni ko‘rib, ko‘ziga ishonmasligi mumkin. 

2.JPG

“Obod qishloq” dasturini amalga oshirish boshlangan kun Manas qishlog‘i va manasliklar hayotini tubdan o‘zgartirib yubordi. Shu bois 2018 yilning 14 fevrali qishloq tarixida yangi kun, turmushlarida yangilanish boshlangan sana sifatida qolsa ajabmas.

Qish davomida yog‘masdan, odamlarni intiq kuttirgan qor ham shu kuni yog‘di. Asosiy tirikchiligi dehqonchilik va chorvachilik bo‘lgan manasliklarni davlatimizning g‘amxo‘rligi bilan birga kelgan tabiatning bu in’omi ham quvontirdi. Tabiat bilan jamiyatning o‘zgarishi bir kunda boshlanishi balki tasodifdir, ammo aynan shunday bo‘lishini manasliklar qishloqda yangi hayotning boshlanishiga, yaxshilikka, poklanishga, yaxshi orzu niyatlarning ro‘yobga chiqishiga ishora, deb qabul qildi.

Mantiqan to‘g‘ri. O‘sha qor bilan Manasda yangi kun boshlangan edi. Turkiy adabiyotning yirik vakili Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” dostonda bitganidek:

Bahor yeli qish faslin haydab solib,
Yashil tug‘in tikdi to‘rt tomon g‘olib.
Quyosh qaytdi, yana keldi o‘rniga,
Baliq quyrug‘idan Qo‘zi burniga.

Faqat bu safar qishloqqa “bahor yeli” qurilish ashyolari – yog‘och-taxta, metal konstruksiyalar, shifer, sement, g‘isht, tosh, shag‘al yuklangan yuzlab avtomashinalar karvoni bilan kirib keldi. 

3 (1).JPG

O‘nlab qudratli buldozerlar, greyderlar, ekskavatorlar, ko‘tarma kranlar faqat “qish faslini haydab solib” emas, qishloqning asl qiyofasini bekitib turgan turli noqonuniy qurilishlar, imoratlar xarobalarini, to‘planib qolgan minglab tonna chiqindilarni surib chiqarib tashladi, yangilanishning “yashil tug‘in tikdi”. Birgina “Toza hudud” davlat unitar korxonasi jamoasi Kumushkent, Bahoriston va Chortoq ko‘chalaridan 2 ming tonnadan ziyod chiqindi chiqarib tashladi. Xuddi shunday ish qishloqdagi 21 ko‘chaning barchasida amalga oshirildi.

Foydalanish muddatini allaqachon o‘tab bo‘lgan gaz, suv, elektr uzatish tarmoqlari, qishda loydan, yozda changdan yurib bo‘lmaydigan o‘ydim-chuqur yo‘l va ko‘chalar, tomidan shiferi uchgan, devordan suvog‘i ko‘chgan, eshik-romining rangi o‘chgan abgor uylar qishloq qiyofasinigina emas, odamlarning yashash sharoitini yaxshilashga mas’ul bo‘lgan hukumat idoralari, jamoatchilikning ham yuzini aks ettirib turardi.

Qishloqdagi hammani qiynayotgan muammolardan biri yillar davomida drenajlarning ta’mirlanmaganligi tufayli sizot suvlari sathining ko‘tarilib ketishi edi. Dastur doirasida hududdagi mavjud 41 kilometr uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlarida tozalash ishlari bajarilayotir. Bu ishga suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan ekskavator va buldozerlar jalb qilingan. 

15.JPG

Hududdagi yo‘llarning suvini qochirish uchun 3,6 kilometr lotok o‘rnatildi. Yo‘llardan 600 kub metr loy chiqarib tashlanib, o‘rniga qum-shag‘al aralashmasi yotqizildi. Yo‘l yoqasidagi 1,4 kilometr uzunlikdagi latokning ichki qismi tozalandi.

Hasharga jalb qilingan viloyat uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tizimidagi korxonalar tomonidan 34 ko‘p qavatli uyning tomi to‘liq qayta yopildi. Uy-joylar atrofidagi rejasiz, noqonuniy qurilishlar o‘rnida yangi yordamchi binolar, bejirim tandirxonalar kurildi. Aholi xonadonlari devorlarini oqlash uchun 20 tonna tayyor ohak tarqatildi. Barcha uylar, tashqi hovli devorlari to‘liq oqlandi. 2,5 ming tupdan ortiq daraxtga shakl berildi.

Aholi ichimlik suvi bilan ta’minlashni hal etish uchun tuman “Suvoqova” davlat unitar korxonasi jamoasi tomonidan 6,5 kilometr uzunlikdagi suv quvuri yotqizildi. Bundan tashqari, ko‘p qavatli uylar oldiga 17 suv jumraklari o‘rnatildi. Suv tarqatish inshootlari to‘liq ta’mirdan chiqarildi.

Bajarilayotgan ishlarning barchasini sanab o‘tish qiyin. Chunki, yillar davomida to‘planib qolgan bu muammolar juda qisqa vaqtda amalga oshirilmoqda. Bu ishlardan keksa-yu yosh mamnun. Hech kim uyda o‘tirgani, chetda qarab turgani yo‘q. Hamma imkon qadar umumxalq hashariga qatnashayotir. Viloyat qurilish, ta’mirlash, obodonlashtirish korxonalari mutaxassislari bilan yonma-yon qishloq yoshlaridan tuzilgan otryadlar, brigadalar ishlayotir. Jamoat tashkilotlari kam ta’minlagan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, madaniy-ma’rifiy, targ‘ibot ishlari bilan band. Oqsoqollar har ishda bosh-qosh, maslahatchi.

Ma’mur Mavlonov qirchillama yigit yoshida, bu yerga qishloq yangi qurilgan payti kelganlardan biri. Avval bo‘limda, keyin xo‘jalik markaziy buxgalteriyasida ishlagan. Dastlab qurilgan kottej uylardan biriga ko‘chib kirgan. Shu yerda farzandlar o‘stirib, kelin tushirgan, qiz chiqargan. Umrining eng yaxshi davrlari o‘tgan shu zaminga mehr qo‘ygan, Vatan deganda ana shu qishloqni tushunadi. Farzandlarini ham shu tuproqqa mehrli, uni sevadigan, shu yurt uchun halol mehnat qiladigan qilib voyaga yetkazdi.

Qishlog‘ida amalga oshirilayotgan ishlardan behad mamnun, har kuni quruvchilar, hasharchilarning oldiga borib kelayotir. Ko‘rganlaridan, bugun olib borilayotgan ishlarga qarab hikmat to‘qiydi.

– Shaharu qishloqlar, uy-joylarning taqdiri ham odamlarnikiga o‘xshaydi, – deydi Ma’mur Mavlonov. – Yosh, yangi paytda hamma narsa yaxshi bo‘ladi. Ammo yillar o‘tishi bilan eskiradi, qariydi, qarab turilmasa, vaqtida yangilanmasa, tuzatilmasa foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qoladi. Keyingi yillarda qishloq xo‘jaligida daromad kamayib ketdi. Natijada qishloqda obodonlashtirish, infratizimni ta’mirlash, yangilash ishlari to‘xtab qoldi. Bu ishlarni amalga oshirayotgan Prezidentimizga rahmat. Yurtning ham, odamlarning ham ko‘ngli obod bo‘layotir.

Otaxon aytganidek, o‘tgan asrning 60-yillarida zamonaviy hisoblangan kottej va ko‘p qavatli uylar, madaniyat saroyi, ijtimoiy inshootlar allaqachon foydalanish muddatini o‘tab bo‘lgan. Barchasi qayta qurishga, ta’mirga muhtoj.

– Shuning uchun dastur doirasida madaniyat saroyini to‘la ta’mirdan chiqarish, qishloq markazida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi, 2,2 gektar maydonda istirohat bog‘i, 100 o‘rinli bolalar bog‘chasi qurish rejalashtirilgan, – deydi tuman arxitektura va qurilish bo‘limi boshlig‘i Olim O‘rinboyev. – Qishloqdagi 5-, 12-umumta’lim maktabi, ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi joriy ta’mirlanayotir. Bu ishlar natijasida qishloq qiyofasi ko‘rkamlashib, aholiga katta qulaylik yaratiladi.

Manasga Navro‘z ana shunday shiddat bilan kirib kelmoqda. U Jizzax cho‘lining markazida o‘z muammolari girdobida o‘ralib qolgan qishloqqa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish, yaratuvchilik, bunyodkorlikning shiddatli to‘lqinini olib kelmoqda. Bu to‘lqin yillar bo‘yi to‘planib qolgan g‘uborlarni yuvib, qishloqqa ko‘rk, obodlik, odamlar qalbiga yangi umid, orzularni keltirmoqda.

– Navro‘z bayrami kuni qishlog‘imizga keling, bu yil boshqacha o‘tadi, – deydi "Manas" qishloq fuqarolar yig‘ini raisi Jalil aka. – Bayramgacha madaniyat saroyimizni ta’mirdan chiqarib, Toshkentdan katta san’atkorlarni taklif qilmoqchimiz. Albatta, keling, bu yil Navro‘z bayrami boshqacha bo‘ladi.

Ha, bu yil Manasda Navro‘z boshqacha o‘tadi. Buyuk o‘zgarishlar, yangilanishlar silsilasi hukm surayotgan yurtimizning barcha qishloqlarida ham Navro‘z bu yil boshqacha o‘tadi.

Toshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat) O‘zA
10 155