O‘zA O`zbek

09.03.2018 08:15 Chop etish versiyasi

Manas qishlog‘ida ishga tushirilgan ikkita tikuvchilik korxonasida 116 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi

Manas qishlog‘ida ishga tushirilgan ikkita tikuvchilik korxonasida 116 nafar xotin-qiz ishli bo‘ldi Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi Manas qishlog‘ida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni o‘zgacha mazmun, shodlik va tantana bilan nishonlandi. Shu kuni “Manas chevarlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati va “Xolbibi Safargul lyuks” oilaviy korxonasining ochilish marosimi qishloq xotin-qizlariga katta quvonch bag‘ishladi.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi mablag‘i hisobidan bo‘sh turgan binoda “Manas chevarlari” tikuvchilik korxonasi tashkil etildi. 108 tikish-bichish mashinalari va dastgohlari bilan jihozlangan korxonada bolalar va kattalar uchun kiyim-kechaklar tayyorlanadi. Bu yerda 100 ish o‘rni yaratildi.

6.JPG

– Nabiram Gulsum kasb-hunar kollejini bitirgandan so‘ng ishsiz edi, – deydi mehnat faxriysi Zumrad Xoliqova. – U bugun qishlog‘imizda qurilgan yangi korxonaga ishga joylashdi. Prezidentimizning g‘amxo‘rligi bilan qishlog‘imiz obod bo‘lib, ish joylari yaratilayotganidan behad xursandmiz. Ayniqsa, yangi tikuvchilik korxonasining ishga tushirilishi oilalar daromadini yanada ko‘paytiradi. Bularning barchasi elimiz farovonligi yo‘lida qilinayotgan ulug‘ ishlardir.

12.JPG

Shu kuni qishloq tadbirkori Gulbahor Tog‘ayevaning “Xolbibi Safargul lyuks” oilaviy korxonasi ham ochildi. Xitoyda ishlab chiqarilgan “Newstar” tikuv mashinalari o‘rnatilgan korxonada bolalar kiyimlari tikilmoqda. Korxonada qishloq xotin-qizlaridan 16 nafari ish bilan ta’minlandi.

Avval xabar berilganidek, Manas qishlog‘ida “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar uyushmasi, tuman bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda qishloq ayollarini tikuvchilik kasbiga o‘qitish kurslari tashkil etilgan edi. Yangi korxonalarga ana shu kurslarda chevarlikni o‘rgangan yoshlar ishga joylashdi.

9.JPG

– Qishlog‘imizda eng katta muammo ayollar ishlaydigan biror ishxona yo‘qligi edi, – deydi Matluba Turdiyeva. – Davlatimizning e’tibori bilan qishlog‘imizda bu muammo ham hal etilmoqda. Men ham qishloqdagi tikuvchilik kursini bitirib, Gulbahor opaning oilaviy korxonasiga ishga joylashdim. Qishlog‘imizda amalga oshirilayotgan ishlardan biz, barcha manasliklar behad minnatdormiz.

Manas qishlog‘ini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida viloyatdagi tijorat banklari tomonidan 3,8 milliard so‘m kredit mablag‘lari, shu jumladan, 21 tadbirkorlik subyektining loyihalarini moliyalashtirishga 2,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Shuningdek, hududdagi aholini tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida 68 oilani 417,7 million so‘mlik kredit mablag‘lari bilan ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda.

“Obod qishloq” dasturini amalga oshirish boshlangandan buyon qishloqda 200 dan ziyod xotin-qizning bandligi ta’minlandi.

Manas qishlog‘ining qayta ta’mirlangan stadionida “Obod qishloq” dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika ishchi guruhi a’zolari, vazirliklar va idoralar, viloyat, tuman tashkilotlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab bayram tadbiri o‘tkazildi. “Obod qishloq” dasturi doirasida bajarilayotgan ishlar qishloq ayollari va oilalarning turmush sharoitini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

Tadbirda davlat va jamoat ishlarida faol, farzandlar tarbiyasida namuna bo‘lgan 300 dan ziyod xotin-qizga esdalik sovg‘alari topshirildi. Kam ta’minlangan oilalar, ehtiyojmand fuqarolarga tadbir tashkilotchilari tomonidan moddiy yordam ko‘rsatildi. San’atkorlar ishtirokidagi bayram konserti barchaga xush kayfiyat bag‘ishladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov, Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi E.Soliyev ishtirok etdi.

Тoshqul Beknazarov, Jamshid Yorbekov (surat), O‘zA
12 831