O‘zA O`zbek

05.09.2018 13:31 Chop etish versiyasi

Mamlakatning ertangi taraqqiyoti bugungi jajji qoʻllar bilan bunyod etiladi

Mamlakatning ertangi taraqqiyoti bugungi jajji qoʻllar bilan bunyod etiladi

Yurtimizda yangi oʻquv yili dunyoning hech qaysi mamlakatida uchramaydigan ezgu anʼana bilan boshlanadi. Dastlabki dars mashgʻulotlari “Mustaqillik darslari” bilan boshlanadi. Maktab ostonasiga ilk qadam qoʻygan har bir oʻgʻil-qizga oʻquv yilining birinchi kuni Prezidentimizning maxsus sovgʻalari topshiriladi.

Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Toshkent shahridagi 47-umumtaʼlim maktabida ham birinchi qoʻngʻiroq sadolari yangrab, “Mustaqillik darslari” boʻlib oʻtdi. “Aziz va yagonamsan, jonajon Oʻzbekistonim!” shiori ostida oʻtkazilgan darslarda xalqimizning azaliy orzusi, milliy oʻzligimizni anglash, gʻurur-iftixorimiz timsoli boʻlmish istiqlolning ahamiyati, uni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, bugungi tinch va osoyishta hayotning qadriga yetish shu muqaddas zaminda yashayotgan har bir fuqaroning burchi ekani taʼkidlandi. 2018-2019-oʻquv yilida maktabimizda birinchi sinfga oʻqishga qabul qilingan 260 nafar bolajonga Prezidentimiz sovgʻalari – darsliklar, oʻquv anjomlari tantanali tarzda topshirildi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, oʻqituvchilarimiz bu yilgi oʻquv yilini har qachongidan-da katta shijoat, ishtiyoq bilan boshladi. Negaki, Prezidentimizning 2018-yil 14-avgustdagi “Yoshlarni maʼnaviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga taʼlim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohada amalga oshirilayotgan amaliy ishlarni yangi bosqichga olib chiqishda yangi imkoniyatlarni ochib, oʻqituvchilik kasbining obroʻsini tiklash va oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda.

Yangi oʻquv yilida pedagog xodimlarning ijtimoiy mavqei va nufuzi yuksaldi. Oʻqituvchilarning oylik maoshi oshirildi. Ular taʼlim jarayoni bilan bogʻliq boʻlmagan turli yigʻilish va tadbirlarga jalb etilmaydigan boʻldi. Umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻqituvchilaridan dars va toʻgarak mashgʻulotlarini tashkil etish, sinf jurnalini yuritishdan tashqari boshqa pedagogik yuklamalar boʻyicha hisobotlar va qoʻshimcha maʼlumotlarni talab qilish qatʼiy taqiqlandi.

Quvonarlisi, taʼlim sohasidagi islohotlar samarasida maktabimiz yangi qiyofa kasb etdi. Joriy oʻquv yiliga tayyorgarlik jarayonida homiylar koʻmagida sinf xonalari sifatli taʼmirlandi, barcha fanlar boʻyicha chuqurlashtirilgan bilim berishga moslashtirilgan keng va yorugʻ oʻquv kabinetlari, kompyuter xonasi, zamonaviy axborot-resurs markazi, maʼnaviyat va maʼrifat xonasi, sport zali barcha zarur jihozlar bilan taʼminlangan. Oʻquvchilarni sifatli oziq-ovqat bilan taʼminlash maqsadida maktab oshxonasi butkul yangitdan jihozlandi.

Ilgari maktabimizda oʻquvchilarning umumiy soni 500 nafarga ham yetmagan. Hukumatimizning taʼlim sohasidagi islohotlari natijasida maktabimiz yildan yilga yuksalib bordi. Pedagoglarimizning oʻz ishiga sidqidildan yondashuvi, qulay shart-sharoitlar, zamonaviy jihozlar ota-onalarning farzadlarini shu dargohda oʻqitishiga qiziqishini oshirib bormoqda. Mana, bugungi kunda oʻquvchilarimiz 1400 nafarga yetdi.

Komil ishonch bilan aytamanki, har bir pedagog, avvalo, Yurtboshimizning yuksak eʼtirofiga munosib boʻlishga harakat qiladilar. Ular har bir boladagi murgʻak isteʼdodni, dohiyatni yuzaga chiqarishga vijdonan yondashib, Vatanimizga yetuk farzandlar tarbiyalaydilar. Zero, mamlakatning ertangi taraqqiyoti bugungi jajji qoʻllar bilan bunyod etiladi

Raʼno Rahimova, 
Toshkent shahar Sergeli tumanidagi 47-umumtaʼlim maktabi direktori

1b7f1985-7ab0-474a-bf19-2e3097bfc4fe.jpg

1ecd3a92-3a72-4101-922a-e5984a723473.jpg

23f4d168-f396-4b70-933c-c4b138171f4e.jpg

32e6e631-e86d-422e-8e8f-8ac032a37a67.jpg

83d9bf08-f9c9-4d22-bc91-8900649d418c.jpg

374b4915-d382-48bf-b4c0-577737b47587.jpg

16266826-95e6-4430-a056-65621ad7cdb9.jpg

a4b9087b-e5a7-4995-912d-e17e65510cb1.jpg

a6267540-0704-4b59-bc1b-e7f36bbb7bf8.jpg

e51d9890-297b-4647-ad5b-fd826cdbf0d8.jpg

OʻzA
2 456