Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

05.01.2018 18:56 Chop etish versiyasi

Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qonun loyihalari muhokama qilindi

2018-yilning 5-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada chuqurlashtirishga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator qonun loyihalarini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 22-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida parlamentimiz turli sohalarni tubdan yaxshilashga qaratilgan samarali qonunlarni ishlab chiqishi zarurligini alohida ta’kidlab o‘tdi. Shu boisdan ham deputatlar qonun loyihalarini muhokama qilish chog‘ida davlatimiz rahbari tomondan belgilab berilgan vazifalarni amalda ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratdilar.

Majlis “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqishdan boshlandi. Mazkur qonun loyihasi mamlakatimizda nizolarni mustaqil shaxslar – mediatorlar ishtirokida bartaraf etishning muqobil usullarini rivojlantirish hamda sudlar zimmasidagi yukni yengillashtirish uchun huquqiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

Shu ma’noda deputatlar mamlakatimizda mahalla oqsoqollari azal-azaldan qo‘shnilar, oila a’zolari, er-xotin va hokazolar o‘rtasidagi mojarolarni hal etish vazifasini bajarib kelganligini ta’kidlab o‘tdilar. Bunday amaliyot O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganidan so‘ng huquqiy asosga ega bo‘ldi. Ushbu qaror fuqarolarning mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari huzurida tashkil etilgan yarashuv komissiyalarining faoliyatini tartibga soldi. Bunda, deputatlar ta’kidlab o‘tishganidek, mazkur tartib-taomillar “mediatsiya” atamasi bilan nomlanmaydi. Mediatsiya deganda mojaroni xolis, adolatli, ushbu mojarodan manfaatdor bo‘lmagan uchinchi tomon – mediator ishtirokida hal etishning muqobil shakli tushuniladi. Mediator tomonlarga nizo yuzasidan muayyan bitim tuzishga yordam beradi. Mediatsiyada tomonlar nizoni bartaraf etishga hamda uni hal etish shart-sharoitlariga doir qaror qabul qilish jarayonini to‘liq nazorat qila oladilar.

Deputatlarning ta’kidlashicha, nizolarni hal etishda mediatsiyani qo‘llash vaqtni tejash va nizolashuvchi tomonlarning – fuqarolar, tashkilotlarning, shu jumladan, tadbirkorlik subyektlarining sud xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi. Ular o‘zlari o‘rtasida yuzaga kelgan nizolarni sudgacha olib bormasdan, advokatlarni jalb etmasdan va sud muhokamasi bilan bog‘liq davlat boji va xarajatlarni to‘lamasdan o‘zaro manfaatli shartlar asosida o‘zlari uchun qulay joy va vaqtda tez hamda arzon hal etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shunday qilib, tomonlarda yuzaga kelgan nizoni tez hal qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shu bilan birga, “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi nizolarni sudga qadar bartaraf etish sohasida yuzaga keluvchi munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning tizimliligi va keng ko‘lamliligini ta’minlashini, nizolarni sudga qadar bartaraf etishning samarali tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratishini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Shundan so‘ng deputatlar “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildilar.

Deputatlar davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarga muvofiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi qonunlarni qabul qilishning muhimligini alohida ta’kidladilar. Shu tufayli ham ko‘rib chiqilayotgan qonun loyihasi muhim ahamiyatga molikdir.

Bundan tashqari, dunyoning ayrim mamlakatlari xalqaro tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, AQSh, Chili, Rossiya Federatsiyasi, Belarus va Qozog‘iston singari mamlakatlar davlat xaridlarining eng samarali tizimiga ega bo‘lib, ularda xaridning butun jarayoni yagona hujjat – qonun bilan tartibga solinadi.

Majlisda ta’kidlab o‘tilganidek, qonun loyihasi davlat xaridlari sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish, shuningdek, amaliyotdagi mavjud qarama-qarshiliklar va eskirgan normalarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan. Deputatlar qonunning qabul qilinishi davlat xaridlari tizimining ochiqligi va shaffofligini oshirishini alohida ta’kidladilar. Chunonchi, qonun loyihasida davlat xaridlarining maxsus axborot portalini ochish nazarda tutilmoqda.

Shunday qilib, mamlakatimizda davlat xaridlarining aniq tizimi yo‘lga qo‘yiladi, u byudjet mablag‘lari va boshqa moliyaviy mablag‘lardan yuqori darajada samarali va oqilona foydalanishni ta’minlaydi. O‘z navbatida, bu chora-tadbirlar ushbu sohadagi sog‘lom raqobatni mustahkamlashga va korrupsiya holatlarini istisno etishga xizmat qiladi.

Shundan keyin deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida uch davlatning Davlat chegaralari tutashgan nuqtasi hududi to‘g‘risidagi Shartnomani (Samaraqand, 2017-yil 10-noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Shartnomada O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistonning davlat chegaralari tutashgan nuqtasining hududi joylashgan yer hamda tutashgan nuqta hududidagi davlat chegaralari liniyalari o‘tadigan joy belgilab qo‘yilgan, shuningdek, tegishli tavsif tuzilgan.

Mazkur huquqiy hujjatlarni muhokama qilish siyosiy partiyalar fraksiyalarining nuqtai nazarini inobatga olgan holda o‘zaro manfaatli munozara shaklida o‘tdi. Muhokama etilgan qonun loyihalarini ma’qullash hamda ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun tayyorlash to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi.

Shuningdek, majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Axborot xizmati


7 015