O‘zA O`zbek

02.08.2018 18:09 Chop etish versiyasi

Mamlakatimizda inflyatsiya qanday hisoblanadi?

Mamlakatimizda inflyatsiya qanday hisoblanadi?
O‘zbekistonda inflyatsiya darajasini hisoblash tartibi 1994 yildan boshlab, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ)ning texnik ko‘magida, shuningdek, “Iste’mol narxlari indeksi bo‘yicha qo‘llanma: Nazariya va amaliyot” (XVJ, Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti, Yevropa hamjamiyati statistika byurosi (Yevrostat), Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi (BMT YEIK), Butunjahon banki va Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning uslubiy qo‘llanmalari hamda tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan iste’mol narxlari indekslarini hisoblash uslubiy nizomi asosida amalga oshirilmoqda. Mazkur uslubiy nizom mamlakatda sodir bo‘layotgan inflyatsiya jarayonlarini imkon qadar obyektiv aks ettirish maqsadida doimiy ravishda takomillashtirib borilmoqda.

Inflyatsiya ko‘rsatkichining nechog‘lik ahamiyatli ekanligini tasdiqlovchi Prezidentimizning 2017 yil 23 iyundagi “Respublika aholisini ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlari bilan ishonchli ta’minlashga oid kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2017 yil 13 sentyabrdagi “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari asosida “Tovar va xizmatlarning iste’mol narxlari (tariflari) kuzatuvini tashkil etish va iste’mol narxlari indeksini hisoblash bo‘yicha uslubiy nizom” takomillashtirilib, Davlat statistika qo‘mitasining 2017 yilning 28 dekabrdagi 6-sonli qarori bilan Iqtisodiyot vazirligi hamda Markaziy bank bilan kelishilgan holda tasdiqlandi (https://lib.stat.uz/ru/metodicheskie-materialy/tseny).

Mazkur uslubiy nizomga asosan, respublikada inflyatsiya darajasini hisoblashda 2018 yildan boshlab, 386 turdagi tovarlar va xizmatlarning o‘rtacha narxlari kuzatuvi mamlakatning 120 ta tuman va shaharlari kesimida amalga oshirilmoqda. Ushbu to‘plamga nafaqat ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar va xizmatlar (non, un, yog‘, go‘sht, kommunal xizmatlar va boshqalar), balki foydalanishda majburiy bo‘lmagan mahsulotlarni ham o‘z ichiga oladi (masalan, yengil avtomobillar, benzin, zargarlik buyumlari, qishloq xo‘jaligi uskunalari va boshqalar).

Mamlakatimizda xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan uslubiy nizom bo‘yicha shakllantirilgan ma’lumotlarga murojaat etadigan bo‘lsak, joriy yilning iyul oyida kuzatilgan deflyatsiya darajasi (0,3 %) nooziq-ovqat mahsulotlarning (1,7 %) hamda xizmatlarning (0,5 %) qimmatlashishi barobarida oziq-ovqat mahsulotlari umumiy narxlarining o‘rtacha 2,3 foizga arzonlashgani natijasida vujudga kelganligini ko‘rishimiz mumkin. Bu boradagi to‘liq ma’lumotlar bilan qo‘mitaning rasmiy sayti orqali (https://stat.uz/uz/press-sluzhba/novosti-gks/4541) batafsil tanishishingiz mumkin.

Iqtisodiyotdagi inflyatsiya jarayonlarini chuqur tahlil qilish maqsadida Markaziy bank tomonidan alohida tartibda olib borilayotgan kuzatuvlar ayrim turdagi tovar va xizmatlar narxlari o‘zgarishi dinamikasini aks ettiradi. Markaziy bank tomonidan e’lon qilinayotgan ma’lumotlarida ko‘rsatib o‘tilganidek, mamlakatda inflyatsiya darajasini aks ettiruvchi iste’mol narxlari indeksi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan har oyda shakllantirilishi va o‘zining rasmiy veb-saytida e’lon qilinishi ta’kidlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika
qo‘mitasi axborot xizmati

2 599