Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2017 18:17 Chop etish versiyasi

Mamlakatimiz taraqqiyotida yangi bosqich: asosiy maqsad – inson manfaatlarini ta’minlash

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni bilan taraqqiyotimizning kelgusi besh yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari aniq belgilab berildi.

Harakatlar strategiyasida mamlakatimizni rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi – davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani taraqqiy ettirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish bo‘yicha aniq, hayotiy islohotlar, ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab berilgan. Bu mamlakatimizda islohotlar samaradorligini keskin oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama uyg‘un va jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, barcha sohani modernizatsiya qilish va erkinlashtirishdek buyuk maqsadlarga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri ushbu farmon va Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida turli soha vakillari bilan suhbatlashdi.

Dilorom Fayziyeva, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati:

– O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ishlab chiqishda aholining keng qatlami, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar vakillari, davlat organlari rahbarlari va mutaxassislari faol ishtirok etdi. Jonli muloqot, suhbat va muhokamalarda amaldagi qonun hujjatlari, milliy va xalqaro tashkilotlarning axborot-tahliliy materiallari, ma’ruzalari, tavsiyalari va sharhlari o‘rganildi, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlil qilindi. Bularning bari mazkur Harakatlar strategiyasi – xalqimizning ezgu orzu-maqsadlarini o‘zida mujassam etgan qomusiy hujjat, deyish uchun asos bo‘ladi.

Harakatlar strategiyasining birinchi yo‘nalishi davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishni nazarda tutadi. Shu maqsadda davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bu qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish bilan chambarchas bog‘liq.

Joriy yilda “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Bu bilan mamlakatimizda parlament nazoratining yangi shakli joriy etiladi. Endi parlament a’zolariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini o‘rganib, tahlil qilish, uning natijalari bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish vakolatini berish nazarda tutilmoqda. Yoki joriy yilda “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu bilan partiya guruhlari mahalliy Kengash sessiyalarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalarini ko‘rib chiqish, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining hisobotlarini eshitish haqidagi takliflarni kiritish huquqiga ega bo‘ladi. Tuman (shahar) hokimi nomzodini viloyat hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilgandan so‘ng xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlariga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga tegishli tuman (shahar) hokimlarining, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlarining qoniqarsiz faoliyati haqida xulosalar taqdim etish huquqi beriladi.

Bularning barchasi siyosiy partiyalarning aholini o‘ylantirayotgan muammolarni samarali yechishi, hududlarni rivojlantirishda faol ishtirok etishiga mustahkam zamin yaratadi, mamlakatimizda davlat va jamiyat qurilishi tizimini tubdan takomillashtirishda yangi bosqichni boshlab beradi.

Rustam Komilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi:


– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimizni isloh qilish va modernizatsiyalash, rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, qonun ustuvorligini, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlat chegaralarining daxlsizligini, jamiyatda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash yo‘lidagi shaxdam harakatlariga yangi kuch bag‘ishladi.

Bunda mamlakatimiz parlamentining ish uslublari davr talabi, xalqimiz xohish-irodasi asosida, kelajakdagi yuksak marralarni ko‘zlab zamonaviy andozalar asosida yo‘lga qo‘yilayotgani muhim ahamiyatga ega. Harakatlar strategiyasida belgilanganidek, bu yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining ijrochi kotibi lavozimi ta’sis etilishi har bir partiya o‘z siyosatini parlament quyi palatasida himoya qilishini kuchaytiradi. Natijada ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan fraksiyaning yagona pozitsiyasini ishlab chiqish, fraksiya a’zolari faoliyatini muvofiqlashtirish yanada samarali tashkil qilinadi.

Joriy yilda Oliy Majlis palatalarida axborot-tahlil va tadqiqot faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan tarkibiy bo‘linmalarning tuzilishi qonunlarni qabul qilish va nazorat faoliyati sifatini oshirishga, qonunlarni chuqur tahlillar asosida ishlab chiqishga xizmat qiladi.

Mazkur hujjatning beshinchi ustuvor yo‘nalishi mamlakatimizda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni ta’minlashga qaratilgan. Bunda O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini muhofaza qilish, axborot xavfsizligini ta’minlash, bu boradagi tahdidlarga qarshi o‘z vaqtida, munosib harakatlarni tashkil etish, fuqarolik, millatlar va konfessiyalararo tinchlik hamda totuvlikni yanada mustahkamlash, davlatimizning mudofaa qobiliyatini kuchaytirish, Qurolli Kuchlarimizning jangovar qudrati va salohiyatini oshirish, ekologik muammolar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, O‘zbekistonning xalqaro nufuzini mustahkamlash, jahon hamjamiyatiga mamlakatda olib borilayotgan islohotlar haqida xolis axborot yetkazish kabi qator ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

Eng muhim masalalardan biri – bugungi murakkab globallashuv va «axborot urushi» asrida mamlakatimizda kiberxavfsizlikni ta’minlash. Chunki hozirgi kunda butun dunyoda kiberxurujlar tobora globallashib bormoqda. Harakatlar strategiyasiga ko‘ra, mamlakatimizda bunday kiberxurujlarning oldini olish, bu yo‘nalishda yetarlicha xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi. Bularning barchasi mamlakatimizda tinchlik-totuvlik va barqarorlikni mustahkamlash, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashga asos bo‘lishi va xizmat qilishi bilan juda katta ahamiyatga ega.

Dilshod Abduazizov, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi boshqarma boshlig‘i:


– Bugun jahon bozori kon’yunkturasi keskin o‘zgarib, globallashuv sharoitida raqobat tobora kuchayib bormoqda. Ana shunday murakkab vaziyat davlatimizni yanada barqaror va jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqib, amalga oshirishni taqozo etayotir. O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va liberallashtirishda eng dolzarb masalalar yechimi yuzasidan aniq vazifalarning belgilab berilgani bu borada hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Bunda asosiy maqsad – mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini saqlab qolish, tarkibiy o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirishga erishishdan iborat. Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish yo‘lidagi islohotlar xalqimiz farovonligi yanada yuksalishiga, bu tarmoqdagi mahsulotlar eksporti oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlar izchil va tizimli davom ettiriladi. Viloyat, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali va optimal foydalanish borasida keng qamrovli islohotlar aniq mexanizmlar bilan qat’iy amalga oshiriladi.

Bugun davlatimiz va xalqimizni o‘ylantirayotgan eng muhim masalalardan biri – milliy valyutamiz va ichki bozordagi narxlar barqarorligini ta’minlash. Bu borada, Harakatlar strategiyasida belgilanganidek, endi har chorakda Iqtisodiyot va Moliya vazirliklari, Markaziy bankning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, ayniqsa, valyuta bozori holati ustidan tizimli monitoringni amalga oshirish, zaruriyat tug‘ilganda, milliy valyuta va ichki bozordagi narxlar barqarorligini oshirish, makroiqtisodiy muvozanatni saqlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan tahliliy ma’lumotlari tayyorlab boriladi.

Inflatsiya darajasini aniqlashda tovar va xizmatlarning iste’mol narxlari (tariflari) o‘zgarishini kuzatish metodikasini takomillashtirish ham ko‘zda tutilmoqda. Naqd pulsiz ko‘rinishda tovar va xizmatlar sotishda sun’iy yuqori narxlar o‘rnatganlik uchun javobgarlikning oshirilishi ichki bozorda narx shakllanish tartibini boshqarishda bozor mexanizmlarini joriy qilish imkonini beradi. Bunda mahsulotlar, ishlar va xizmatlarga narxlarni deklaratsiya qilish tartibini bosqichma-bosqich qisqartirish, keyinchalik 2020-yilda uni bekor qilish rejalashtirilgan.

Esemurat Kanyazov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 30-dekabrda mamlakatimiz ilm-fan namoyandalari bilan uchrashuvda mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini tubdan isloh qilish kerakligini ta’kidladi. Mamlakatimizni kelgusi besh yilda yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida oliy ta’lim sohasini taraqqiy ettirish borasida ham kompleks chora-tadbirlar belgilandi. Aslida islohotlar hayotda to‘la samara berishi, avvalo, zamonaviy bilim, kuchli intellekt va yuksak ma’naviyatga ega kadrlarga bog‘liq.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish Dasturining ishlab chiqilishi mamlakatimizning strategik maqsadlariga erishishda juda katta ahamiyatga ega. Bunda akademik sohada, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash, o‘quv jarayonini tashkil etish, pullik xizmatlar ko‘rsatish va moliyalashtirishning qo‘shimcha manbalarini izlashda oliy o‘quv yurtlarining vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda. Natijada bosqichma-bosqich ularning mustaqilligi ta’minlanadi. Yana bir masala – oliy ma’lumotli kadrlarimizning xalqaro mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish. Bugun dunyoning rivojlangan davlatlari kadrlar tanlashda 1999-yil 19-iyundagi Bolonya deklaratsiyasiga tayanmoqda. Shu bois mamlakatimizning mazkur xalqaro hujjatga qo‘shilish masalasi ko‘rib chiqiladi. Bu bilan milliy oliy ta’lim tizimi jahon amaliyoti bilan uyg‘un rivojlanadi, kadrlar tayyorlash sifati keskin oshadi.

Harakatlar strategiyasida yuridik kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish ham ko‘zda tutilgan. Bunda universitetimizning o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha vakolatlarini kengaytirish, universitetning jamoatchilik boshqaruv organi – Homiylik kengashini tuzish rejalashtirilmoqda. Xalqaro sud va arbitrajlarda ishtirok eta oladigan, yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qila oladigan yuridik kadrlar tayyorlash, bu sohada yetakchi xalqaro tashkilotlar, xalqaro ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, maslahat markazlari, olim va mutaxassislar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz.

Harakatlar strategiyasi bilan mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada barqaror ta’minlash yo‘lidagi eng dolzarb masalalar yechimi, ularga erishish yo‘llari va usullari belgilab olindi. Xalqimiz shu yagona maqsad yo‘lida yanada qat’iy ishonch va katta g‘ayrat-shijoat bilan mehnat qiladi.

Umid Yoqubov, O‘zA
782






Все о погоде - Pogoda.uz