Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

11.08.2017 18:35 Chop etish versiyasi

Mamlakatimiz harbiy muhandislarining muvaffaqiyati

Jahonning besh mamlakati poligonlarida 29-iyuldan 12-avgustga qadar navbatdagi Xalqaro armiya o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu musobaqalarda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari vakillari ilk bor ishtirok etib, muvaffaqiyat qozondi. Mamlakatimiz harbiy muhandislari "Xavfsiz yo‘l" tanlovida uchinchi o‘rinni egalladi.

Poytaxtimizda harbiy muhandislarimiz jamoasini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimiz harbiy xizmatchilari Xurshidxon Haydarov va Bunyod Boltayev o‘zaro uyg‘un harakat qilish va belgilangan me’yorlarni bajarish ko‘rsatkichlari bo‘yicha "Eng namunali TTMM guruhi" nominatsiyasida g‘olib deb topildi. TTMM – bu to‘siqdan tozalash muhandislik mashinasi bo‘lib, uni boshqarayotgan guruh qo‘shinlar harakat qilishi uchun yo‘lni to‘siqlardan tezroq tozalashi lozim. O‘zbekiston jamoasiga Qurolli Kuchlar Bosh shtabi muhandislik qo‘shinlari bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Ravil Boybekov rahbarlik qildi, mashina ekipajini Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti harbiy kafedrasi sikl boshlig‘i podpolkovnik Nasim To‘xtayev musobaqaga tayyorladi.

Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Xitoyning 22 poligonida o‘tayotgan 2017-yilgi Xalqaro armiya o‘yinlarida 28 mamlakat harbiy xizmatchilari bahslashdi. Mamlakatimiz Mudofaa vazirligi vakillari "Harbiy razvedka a’lochilari", "Elbrus xalqasi", "Sodiq do‘st", "Xavfsiz yo‘nalish", "Yo‘l patruli", "Snayper marrasi", "Qurolsoz usta" va "Musaffo osmon" tanlovlarida ishtirok etdi.

Harbiy muhandislarimiz muvaffaqiyati milliy armiyamiz texnik jihatdan yuqori darajada jihozlangani, harbiy xizmatchilarimiz yuksak mahorat, mustahkam ma’naviy-irodaviy fazilatlar sohibi ekanini yana bir bor namoyon etdi. O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining buyrug‘i bilan harbiy muhandislar jamoasi a’zolariga ko‘krak nishonlari topshirildi.

Ablay Kamolov, O‘zA
2 134






Все о погоде - Pogoda.uz