Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

06.09.2017 17:33 Chop etish versiyasi

Mamlakatimiz aholisining 70 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan

Poytaxtimizda mamlakatimiz aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan seminarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiyot komissiyasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosi vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari S.Saydaliyev va boshqalar yurtimizda aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Ichimlik suvi ta’minotini rivojlantirish bo‘yicha muhim dasturlar va loyihalarning izchillik bilan hayotga tatbiq etilishi natijasida shahar va tumanlarda, jumladan, qishloq joylarda suv ta’minoti sezilarli darajada yaxshilanmoqda. Mamlakatimiz aholisining 70 foizi toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 21-apreldagi “2017-2021-yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boragi ishlar ko‘lamini kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Hozirgi kunda xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari va kreditlarini jalb etish hisobiga ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan ko‘pgina aholi punktlari sifati va xavfsizligi bo‘yicha zamonaviy talablarga mos keladigan suv bilan ta’minlanmoqda.

BMTning Yevropa iqtisodiyot komissiyasi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan qabul qilingan Transchegaraviy suv irmoqlari va xalqaro ko‘llar konvensiyasidagi ichimlik suvi va salomatlik protokoli ham dunyo aholisini toza, sifatli va chuchuk ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan yirik loyihalardan biri.

Seminarda mazkur protokolning mazmun-mohiyati, unga a’zo bo‘lishning huquqiy asoslari va manfaatli imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

– O‘zbekistonda insonlar salomatligini muhofaza qilish, ularning sog‘lom yashashi uchun qulay sharoit yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi mutaxassisi Enxsetseg Shinee. – Ayniqsa, aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berish borasida olib borilayotgan ishlar, bu boradagi xalqaro hamkorlik e’tiborga molik.

Seminarda mamlakatimizda kichik hajmdagi ichimlik suvi ta’minotidagi ishlarni tashkillashtirish va suv sifatini yaxshilash borasida samarali usullarni ko‘rib chiqish, qishloq aholi yashash punktlariga toza ichimlik suvi yetkazib berishga doir taklif va mulohazalar bildirildi.

Go‘zal Sattorova, O‘zA
1 136






Все о погоде - Pogoda.uz