O‘zA O`zbek

15.02.2019 Chop etish versiyasi

Malayziyalik investorlar Namangan viloyatiga boradi

Malayziyalik investorlar Namangan viloyatiga boradi

Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasi Xalqaro savdo assotsiatsiyasi - SMITA prezidenti Megan Su bilan muzokara oʻtkazdi.

Muzokara doirasida Malayziya kompaniyalarini Namangan viloyatidagi istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Muloqotda Megan Su Oʻzbekistonda iqtisodiyotni erkinlashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida olib borilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi va hamkorlikda yetakchi tarmoqlarda ishlab chiqarishni joriy qilish, Malayziyaga mamlakatimiz eksport joʻnatmalarini yoʻlga qoʻyishga umid bildirdi.

Muzokaralar yakuniga koʻra, tomonlar assotsiatsiya aʼzolaridan iborat delegatsiyani fevral oyi soʻnggiga qadar Namangan viloyatiga tashrifini tashkil etish borasida kelishuvga erishdi. Tashrif doirasida Namangan viloyatida mehmonxonalar va chorvachilik majmualarini bunyod etishni oʻz ichiga olgan investitsiyaviy loyihalar koʻrib chiqiladi.

Maʼlumot oʻrnida, SMITAning asosiy vazifasi assotsiatsiya aʼzolariga xorijdan yangi hamkorlar topish, biznes aloqalarini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, savdo munosabatlari oʻrnatishni koʻzda tutadi.

930
Malohat Husanova, OʻzA