Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.02.2017 12:48 Chop etish versiyasi

Malakali tibbiy xizmat sifati yanada oshadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmatni jahon andozalari darajasida tashkil etish, bu borada davlatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlardan har bir insonning bahramand bo‘lishini ta’minlash, sog‘liqni saqlash tizimida o‘z yechimini kutayotgan dolzarb muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Davlatimiz rahbari 2017-yil 5-yanvar kuni sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari bilan uchrashib, ushbu tizimni takomillashtirish, muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. Shu yil 7-fevral kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosi, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va sohaning rivojlanish istiqbollari yana bir karra muhokama etildi.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Erkin Musaboyev bilan suhbatimiz ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, ilmiy loyihalarga bag‘ishlandi.

– Tibbiy xizmatni zamonaviylashtirish, sog‘liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnik salohiyatini yuksaltirishga qaratilayotgan doimiy e’tibor inson manfaatlarini muhofazalashning muhim omili bo‘layotir, – dedi E.Musaboyev. – Tibbiyot islohotlari jarayonida virusologiya xizmati ham rivojlanmoqda. Bugungi kunda bir yarim mingdan ko‘proq infeksionist va virusolog mutaxassis bu yo‘nalishda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida tibbiy-profilaktika tadbirlarini uzviy tashkil etish, tuman tibbiyot birlashmalari, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalarida malakali tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.

2001-yildan boshlab gepatit V ga qarshi emlash joriy etildi. Natijada bolalar o‘rtasida gepatit V tarqalishining oldi olinmoqda. Qon xizmati xavfsizligini ta’minlash, tibbiy xizmatni xalqaro andozalar darajasida tashkil etish, bir marta ishlatiladigan tibbiyot asboblarini amaliyotda keng qo‘llash inson salomatligini muhofazalashda muhim samaralar berayotir.

Bugungi kunda bu boradagi yutuqlar bilan birga talay dolzarb vazifalar ham yechimini kutmoqda. Gepatit V va S viruslari tufayli kelib chiqadigan jigarning surunkali kasalliklariga qarshi kurashish ana shunday vazifalardandir. Gepatit V va S viruslari parenteral – sterillanmagan tibbiyot, stomatologiya, kosmetologiya jihozlari, qon va tabiiy yo‘llar orqali yuqadi. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshlarida mamlakatimizda bu kasallik bo‘yicha murakkab epidemiologik vaziyat yuzaga kelgan edi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, tibbiy xizmat sifatini oshirish borasida amalga oshirilgan uzluksiz chora-tadbirlar tufayli mazkur kasallikka qarshi kurashishning samarali tizimi yaratildi. Biroq ilgari emlanmay qolgan katta yoshdagi aholi orasida bunday xastalikning surunkali turlari bilan kasallanganlarga zamonaviy tibbiy yordamni tashkil etish zimmamizga katta mas’uliyat yuklamoqda.

Shuni aytish joizki, virusli gepatitlar uzoq yillar davomida inson organizmida yashirin tarzda kechadi. Buning natijasida jigar sirrozi, gepatotsellyulyar karsinoma, ya’ni jigar saratoni kelib chiqadi. Bu nafaqat tibbiy, og‘ir ijtimoiy, iqtisodiy muammodir. Chunki bu kasalliklar tufayli o‘lim ko‘rsatkichi insonning ayni navqiron davriga to‘g‘ri kelmoqda. Bunga qarshi kurashish jamiyatimiz oldidagi dolzarb vazifadir.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan aholi orasida jigar kasalliklarini aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvi o‘tkazildi. Bu jarayonda aniqlangan muammolar muhokama etilib, aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

– Virusli gepatitlarning surunkali turlarini davolash mumkinmi?

– Yaqin-yaqingacha buning imkoni yo‘q edi. Bugungi kunga kelib tibbiyot shu qadar taraqqiy etdiki, natijada ilgari davosi bo‘lmagan ko‘pgina xastaliklarni davolash imkoniyati yuzaga keldi. Jumladan, surunkali virusli gepatitlarni erta aniqlash va uni samarali davolashga erishilmoqda. Jigar to‘qimalari shunday ajoyib xususiyatga egaki, unga zarar yetkazayotgan virus bartaraf etilsa, jigar o‘z faoliyatini uch-to‘rt oy, ko‘pi bilan bir yilda tiklab oladi. Hozirgi kunda jahon tibbiyotida keng qo‘llanilayotgan bunday yangi texnologiyalardan mamlakatimiz tibbiyotida ham samarali foydalanilayotir.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan yetakchi ilm-fan va shifo muassasalaridan biridir. Institutimiz qoshidagi maslahat-tashxis poliklinikasiga kuniga ikki yuzga yaqin qatnov bo‘ladi. Klinikada jigar kasalliklarini davolash bo‘yicha ikkita bo‘lim faoliyat yuritmoqda.

Bizning eng katta boyligimiz – jahon ilm-fanining so‘nggi yutuqlari asosida jihozlangan klinik va biokimyoviy laboratoriyalarimizdir. Bu yerda yaratilgan sharoitlar tufayli virus turini, odam va virus genomlarini chuqur tahlil etib, kasallik surunkali turga o‘tish yoki o‘tmasligini oldindan aniqlab bera olamiz. Shu asosda tegishli davo muolajalarini qo‘llab xastalikni bartaraf etish, inson salomatligini asrash mumkin.

Bundan tashqari, jigar kasalliklarini erta aniqlash va davolashda jahon miqyosida keng qo‘llanilayotgan eng ilg‘or uslublar – elastografiya, fibroskopiya kabi texnologiyalar ham klinik amaliyotga tatbiq etilgan. Dunyoning eng ilg‘or klinikalari qanday usullardan foydalansa, bizda ham ularning barchasi joriy etilgan. Shu bois kasalliklarni davolashda samarali natijalarga erishmoqdamiz.

Tibbiyotimizning ana shunday zamonaviy imkoniyatlaridan har bir insonni, ayniqsa, yurtimizning chekka hududlarida yashaydigan aholini bahramand etish muhim ahamiyatga ega. Yuqorida qayd etilgan chora-tadbirlar rejasida ana shu yo‘nalishdagi dolzarb vazifalar o‘z ifodasini topgan.

Unga muvofiq, qishloq vrachlik punktlarida virusli gepatitlarni aniqlashning zamonaviy usuli – ekspress test tizimi joriy etiladi. QVPlar bu borada qo‘llaniladigan indikatorlar bilan ta’minlanadi. 2017-yilda yuz nafardan ziyod infeksionist va umumiy amaliyot shifokorining Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti va xorijdagi yetakchi klinikalarda malakasini oshirish rejalashtirilgan. Bu borada Hindiston va Yaponiyadagi yetakchi klinikalar va ilm-fan markazlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Ushbu davlatlarda virusologiya va gepatologiya sohasida katta ilmiy va amaliy tajriba orttirilgan.

Viloyatlardagi yuqumli kasalliklar shifoxonalarida gepatologiya markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Tuman tibbiyot birlashmalarida infeksionist va gastroenterolog shifokorlar bu yo‘nalishda viloyat mutaxassislari bilan hamkorlikda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Bundan maqsad surunkali jigar kasalliklari bilan xastalangan bemorlarni hisobga olish, ularning sog‘lig‘ini doimiy nazorat qilish va sog‘lomlashtirishdir. Zero, surunkali virusli gepatitga chalingan bemorlar kasallikning erta bosqichlarida aniqlansa, ularni sog‘lomlashtirish uchun ambulator muolajalarning o‘zi kifoya qiladi.

– Virusli gepatitlarning oldini olish maqsadida o‘tkaziladigan emlash ishlari haqida ham ma’lumot bersangiz.


– Gepatitning V turiga qarshi emlashning samarali tizimi yaratilgan va bolalar o‘rtasida vaksinasiya ishlari muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Katta yoshdagi insonlar ham o‘zlarini emlatishlari mumkin. Buning uchun virusologiya laboratoriyalarida organizmda virus bor yoki yo‘qligini aniqlatish kerak. Bunday tahlillarni bizning klinikamizdagi laboratoriyalarda, viloyatlarda yuqumli kasalliklar shifoxonalari va sanitariya-epidemiologiya markazlari tizimidagi laboratoriyalarda amalga oshirish mumkin. Emlatish uchun o‘ziga yaqin hududdagi vaksina markazlariga murojaat etish kifoya.

Gepatit S ga qarshi vaksina hozircha mavjud emas. Biroq ilmiy izlanishlar natijasida ushbu virus keltirib chiqargan surunkali kasallikka qarshi dori vositasi yaratilishi jahon tibbiyotining katta yutug‘i bo‘ldi. Ayni paytda olimlar, mutaxassislar, farmatsevtika sanoati vakillari ushbu dori vositasini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish yuzasidan izlanish olib bormoqda.

Shu bilan birga, jigarni himoyalash, immunitetni kuchaytirishda qo‘llaniladigan zamonaviy shifo vositalarini yaratish bo‘yicha izlanishlar ham yo‘lga qo‘yilgan. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining bir qator ilmiy-tadqiqot institutlari, xorijdagi nufuzli ilm-fan muassasalari bilan bu boradagi hamkorligimiz ilm-fan oldida turgan ustuvor vazifalarni hal etish, tibbiy xizmatni yanada rivojlantirishga zamin bo‘ladi.

Bahor Xidirova, O‘zA
2 402






Все о погоде - Pogoda.uz