O‘zA O`zbek

06.12.2018 18:28 Chop etish versiyasi

Malaka va mahorat namoyishi

Qarshida “Aʼlochi xodim” va “Ilgʻor mutaxassis” koʻrik-tanlovlarining mamlakat bosqichi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Davlat yongʻin xavfsizligi xizmati shaxsiy tarkibining kasb tayyorgarligi, malakasi va salohiyatini yanada oshirish maqsadida anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan ushbu tanlovlarda 16 jamoa 6 ta yoʻnalishda oʻzaro bahslashdi. Har bir jamoa kasb mahorati va salohiyatini, jangovar shayligini namoyish qildi.

“Aʼlochi xodim” tanlovida harbiylashtirilgan yongʻin xavfsizligi qism boshliqlari oʻrtasida uchinchi oʻrinni Fargʻona viloyati, ikkinchi oʻrinni Namangan viloyati, birinchi oʻrinni Navoiy viloyati vakillari egalladi. Xuddi shu yoʻnalishda qism boʻlinma komandirlari toifasi boʻyicha uchinchi oʻrinni Sirdaryo viloyati vakili, ikkinchi oʻrinni “Lukoyl” yongʻin xavfsizligi boshqarmasi, birinchi oʻrinni samarqandlik ishtirokchi qoʻlga kiritdi. Bundan tashqari, kasbiylashtirilgan qism boshliqlari, boʻlinma komandirlari hamda yongʻin oʻchirish kuch vositalari yoʻnalishlari boʻyicha ham gʻoliblar aniqlandi.

“Ilgʻor mutaxassis” tanlovida ishtirok etgan harbiy safarbarlik toifasida uchinchi oʻringa Buxoro viloyati, ikkinchi oʻringa Qashqadaryo viloyati vakili sazovor boʻlgan boʻlsa, gʻoliblikni Namangan viloyati vakili qoʻlga kiritdi.

– Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Aʼlochi xodim” koʻrik-tanlovining mamlakat bosqichida harbiylashtirilgan yongʻin xavfsizligi qism boshliqlari oʻrtasida ikkinchi oʻrinni egallaganimdan xursandman, – deydi Namangan viloyati IIB YOXB 2-harbiylashtirilgan yongʻin xavfsizligi qism boshligʻi, mayor Dilshod Mamajonov. – Tanlovda soha xodimlarining jangovar shayligi, bilimi va malakasi yana bir bor sinovdan oʻtdi.

Barcha gʻolib va sovrindorlar Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasining faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.



Oʻlmas Barotov, OʻzA
747