O‘zA O`zbek

23.08.2018 12:38 Chop etish versiyasi

Maktabgacha taʻlim — uzluksiz taʻlimning poydevori

Maktabgacha taʻlim — uzluksiz taʻlimning poydevori

Besh yoshli Alijon Safarovni ota-onasi avvaliga maktabgacha taʻlim muassasasiga berishga biroz choʻchidi. Uning ogʻir tabiati, tengdoshlaridek “yerga ursa koʻkka sakraydi”gan feʻl-atvori yoʻqligi bois qiynalib qolmasmikin degan xavotir bor edi.

Ammo oradan bir yil oʻtib ular qoʻrquvi, oʻylari xato ekanini angladi. Chunki Alijon tengdoshlariga nisbatan kengroq fikrlaydigan, burro-burro soʻzlaydigan boʻldi. Talaffuzidagi nuqsonlar ham kamaydi. Bu maktabgacha taʻlim muassasasining salohiyatli pedagoglarining saʻy-harakatlari natijasi edi.

Maktabgacha taʻlim muassasasi chinakam tarbiya maskani, farzandlarimiz kelajagi uchun har tomonlama ishonchli dargohdir. 

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha taʻlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori zamonaviy tarbiya muassasalariga bolalarni toʻliq qamrab olish, ularni intellektual va jismoniy jihatdan barkamol qilib voyaga yetkazishda dasturilamal boʻlib xizmat qilayotir.

Bu Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi 6-Maktabgacha taʻlim muassasasi faoliyatida ham yaqqol sezilmoqda.

Ilmiy kuzatish va tadqiqotlar natijasi shuni koʻrsatmoqdaki, inson oʻz hayoti davomida oladigan barcha maʻlumotning yetmish foizini besh yoshgacha boʻlgan davrda olar ekan. Darhaqiqat, bu davrda bola dunyoni anglaydi, oʻz ona tilini oʻzlashtiradi, ota-ona, oila, mahalla, Vatanga mehri uygʻonadi, umr davomida oladigan bilimlarga zamin hozirlaydi. Bunda, eng avvalo, oila asosiy rol oʻynasa, maktabgacha taʻlim muassasasining hissasi ham bu borada kam emas. Shu bois mamlakatimizda aynan maktabgacha taʻlimga uzluksiz taʻlim tizimining ajralmas boʻlagi sifatida eʻtibor beriladi.

Maktabgacha taʻlim muassasalari maktab yoshigacha boʻlgan bolalarning umumiy savodini chiqarish, bolalarda Vatanni sevish, u bilan gʻururlanish hissini uygʻotish, Konstitutsiyani oʻrgatish, dunyoqarashini kengaytirish imkonini berish barobarida, yosh bolali onalarning mehnat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqini roʻyobga chiqarishga ham xizmat qilayotir.

– Avvallari onalar ishlasa ham farzandini qoʻni-qoʻshniga qoldirib ketishni afzal bilardi, – deydi mazkur muassasa tarbiyachisi Mohira Mallayeva. – Buning sabablari moddiy taʻminot, muassasadagi ahvolning quvonarli emasligi bilan bogʻliq edi. Endilikda sohadagi islohotlar ota-onalarda ham ishonchni oshirdi. Ular mazkur muassasa bolasi kelajakda ilk hyotiy, mustahkam bilimlarni olishi mumkin boʻlgan maskanga aylanayotganini anglamoqda.

Maktabgacha taʻlim muassasalari tarmogʻini hozirgi zamon talablari va standartlari asosida rivojlantirish, ularni rekonstruksiya va modernizatsiya qilishga qaratilayotgan eʻtibor zamirida kelajagimiz egalarining hech kimdan kam boʻlmay ulgʻayishlari hamda buyuk ajdodlarga munosib voris boʻlib voyaga yetishlarini taʻminlashdek ezgu maqsad mujassam.

Bu jarayonda kadrlar masalasi ham muhim vazifalardan.

– Tizimdagi islohotlar samarasini sohaga tatbiq eta oladigan kadrlar, pedagog xodimlar mahoratini ilgʻor usullar orqali muntazam oshirib borishga ham alohida eʻtibor qaratilmoqda, – deydi maktabgacha taʻlim muassasasi mudirasi Iroda Turdimurodova. – Ular uchun seminar-treninglar, qoʻshimcha mashgʻulotlar, malaka oshirish kurslari ham tashkil etilmoqda. Bundan tashqari oʻrta maxsus maʻlumotli tarbiyachilar oliy oʻquv yurtlari qoshidagi sirtqi boʻlimlarda oʻqishga jalb etildi. Hozirda oldimizda turgan muhim vazifa axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini taʻlim-tarbiya jarayoniga keng tatbiq etishdir. Shuning uchun tarbiyachi mutaxassislarimizning bu boradagi bilimlarini mustahkamlash yoʻlida harakat qilyapmiz.

Bir yuz ellik nafarga yaqin bola tarbiya olayotgan mazkur maskanda tizimli dastur asosida bolalarni intellektual, maʻnaviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadida amaliy ishlar qilinmoqda. Bolalarning salomatligini muhofaza qilish, sogʻlom ovqatlanishi, sifatli taʻlim-tarbiya olishini taʻminlash jarayonlari ochiq-oshkora tashkil etilmoqda. Bunda ota-onalar farzandi tarbiya olayotgan muhit bilan istagan vaqtida tanishishi, mashgʻulotlarni ixtiyoriy kuzatishi mumkin. 

Bu kabi amaliy saʻy-harakatlar uzluksiz taʻlim tizimining birlamchi boʻgʻini hisoblangan muassasa faoliyatini yanada takomillashtiradi va har tomonlama sogʻlom, barkamol bola shaxsini tarbiyalash, maktabga tayyorlashda gʻoyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Barno MЕLIQULOVA, OʻzA
2 232