Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.02.2018 11:19 Chop etish versiyasi

Maktabgacha ta’lim muassasasida ilk eksperiment

Maktabgacha ta’lim muassasasida ilk eksperiment
Sergeli tumanidagi 18-maktabgacha ta’lim muassasasida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishning yangi tartibi bo‘yicha ilk eksperiment boshlandi.

Sergeli tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi hamda “AZIYA BEST DISTRIBUTION” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan tayyor taomlarni yetkazib berish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolanib, mazkur bog‘chaning oshxonasi korxonaga foydalanishga topshirildi, deb xabar beradi Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati.

Tajriba – sinov tariqasida o‘tkazilgan tadbirda vazirlik rahbariyati, Toshkent shahar maktabgacha ta’limi bosh boshqarmasi, O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi va yana bir qator maktabgacha ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etgan.

Oshpazlarning tashqi qiyofasidan tortib, taomnoma bo‘yicha tayyorlanayotgan taomlar texnologiyasi va sifati yig‘ilganlar e’tiborini tortdi, oziq-ovqat mahsulotlari sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya qilgan holda yetkazilganiga hech qanday shubha qolmadi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentimizning 2017-yil 9-sentabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra Toshkent shahrida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga tadbirkorlik subyektlari bilan sifat talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga javob beradigan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlarni yetkazib berish bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish ishlarini eksperiment tarzida amalga oshirish belgilangan edi. Qolaversa, 2017 yilning 19 dekabrida davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bog‘chalarda bolalarni sog‘lom ovqatlantirish hamda ularga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari sifatini ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlangan.

Malohat Husanova, O‘zA
11 565