O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

01.09.2018 12:57 Chop etish versiyasi

Maktabgacha taʼlim muassasasi zamonaviy qiyofada

Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Azamat” mahalla fuqarolar yigʻini hududida “Koʻzmunchoq” maktabgacha taʼlim muassasasi kapital rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.

Uning ochilish marosimida Navoiy viloyati hokimi oʻrinbosari F. Soliyev va tuman hokimi F.Umarov soʻzga chiqib, davlatimiz rahbarining 2016-yil 29-dekabrda eʼlon qilingan “2017-2021-yillarda maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida MTMlar moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yangi bogʻcha binolari qurish borasida viloyatda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligini taʼkidlashdi.

– 4 yildan buyon ishlamayotgan bogʻcha qayta taʼmirlanib, ishga tushirilgani qishloq aholisini behad mamnun etdi, – deydi tuman maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri N. Xoliqova. – Tarbiya maskanining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xonalarni zarur mebel, oʻquv-uslubiy, koʻrgazmali vositalar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Mashgʻulotlar 5 sentyabrdan boshlanadi. Bolalarga mantiq, mental arifmetika, ingliz tili, amaliy va tasviriy sanʼat turlari interfaol usullar orqali oʻrgatiladi.

100 nafar tarbiyalanuvchini oʻz bagʻriga oladigan maskanda dam olish va mashgʻulotlar xonalari, yozgi hovli landshaftining yangi koʻrinishi mahalla ahliga manzur boʻldi. Bolalarga qadimiy va boy tariximiz, milliy urf-odat va qadriyatlarimizni hamda tabiat manzaralari burchaklari hamda kutubxona ham tashkil etilgan.

Mazkur obyekt mahalliy byudjetdan ajratilgan 578 million soʻm evaziga bunyod etildi.

Nuriddin Rahimov, OʻzA