O‘zA O`zbek

21.08.2019 Chop etish versiyasi

Maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrov ortmoqda

Maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrov ortmoqda

Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida 105 o‘ringa mo‘ljallangan 2 ta nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi foydalanishga topshirildi.

Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirish, bu borada xususiy sektorga keng yo‘l berish, ayniqsa, qishloq joylarda ushbu yo‘nalishda yangi bog‘chalar tashkil etish orqali bolalarning bog‘chaga qamrovini kengaytirish, ta’lim-tarbiya sifatini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada ishlar rivojida Prezidentimizning 2017 yil 9 sentabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2018 yil 5 apreldagi “Maktabgacha ta’lim tizimini yanada rag‘batlantirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjatlar ijrosi yuzasidan Yuqori Chirchiq tumanida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha tegishli “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, unga muvofiq joriy yil tumanda 1 ming 400 o‘ringa mo‘ljallangan 6 ta nodavlat, 2 ta oilaviy, 2 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi, shuningdek, 125 o‘ringa mo‘ljallangan 1 ta davlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

– Ayni paytga qadar 3 ta nodavlat, 1 ta oilaviy va 3 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati tashkil etildi, – deydi Yuqori Chirchiq tumani maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi Feruza Isroilova. – Qariyb 700 o‘ringa ega mazkur muassasalar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi hisobiga tumanda bolalarning bog‘chaga qamrovi 28 foizdan oshdi. Yil oxiriga borib ushbu ko‘rsatgich 40 foizga yetishi kutilmoqda.

Nodavlat yo‘nalishdagi maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etilayotgani bog‘chaga qamrovning ortib borishiga xizmat qilmoqda. Eng ulug‘, eng aziz ayyom – davlatimiz mustaqilligining 28 yilligi shodiyonasi arafasida foydalanishga topshirilgan “Skazochnыy mir” va “Jambul erkatoylari” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi ham shular jumlasidan.

Tadbirkor Sh.Po‘latxo‘jaeva tashabbusi bilan Nurli yo‘l mahallasi hududidagi sobiq QVP binosi mukammal ta’mirlanib, 75 o‘rinli “Skazochnыy mir” nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Muassasada bolalarning sog‘lom o‘sishi, zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit yaratildi. Xonalar zarur mebel va o‘quv jihozlari bilan ta’minlandi.

Muassasada mashg‘ulotlar o‘zbek va rus tilida olib boriladi. Ingliz tili, shuningdek, shaxmat-shashka va raqs to‘garagi tashkil etilgan. Bu bolalarning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi.

Tumandagi yana bir nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi – “Jambul erkatoylari” Bo‘ston mahallasida foydalanishga topshirildi. Tadbirkor S.Turdibekov tomonidan 30 o‘ringa mo‘ljallab tashkil etilgan mazkur muassasada ham bolajonlar uchun barcha zarur sharoit yaratilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tumandagi 28 maktabgacha ta’lim muassasasida bog‘cha yoshidagi 10 ming 500 nafardan ziyod bolaning qariyb 3 ming nafari tarbiyalanayotir.

3 028
Avazbek XUDOYQULOV, O‘zA