O‘zA O`zbek

09.08.2019 09:14 Chop etish versiyasi

Maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri ming dollar bilan qoʻlga tushdi

Maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri ming dollar bilan qoʻlga tushdi

Fargʻonada tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri oʻz xizmat vakolatiga kirmasa-da bogʻcha mudirasi lavozimiga tayinlash evaziga 1 ming 200 AQSH dollarini olmoqchi boʻldi.

Oramizda shunday rahbarlar ham borki, oʻz nafsini oʻylab, turli rejalar tuzadi. Osongina pul topish maqsadida tamagirlik va firibgarlikka qoʻl uradi. Rishton tumani maktabgacha taʼlim mudiri vazifasini bajaruvchi Farhod Qoraboyev (ism familiyasi oʻzgartirilgan) oʻziga ishonib topshirilgan mansabni oqlash, sidqidildan mehnat qilish oʻrniga uni suiisteʼmol qildi. U fuqaro G.Tni Fargʻona viloyati hududidagi yoki Rishton tumanidagi maktabgacha taʼlim muassasalarining biriga mudir lavozimiga ishga kiritib qoʻyishni vaʼda beradi. Bu ish oʻzining xizmat vakolatiga kirmasligini yaxshi bilsa-da, nafs ustun keldi. Bu ish “quruq”qa bitmasligi, xizmati 1 ming 200 AQSH dollarini boʻlishini aytib, uni aldaydi. Fuqaro G. T bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organga ariza bilan murojaat qilgan.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentning viloyat boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Rishton tumani maktabgacha taʼlim boʻlimi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi F.Qoraboyev fuqaro G.Tni bogʻchaga mudir lavozimiga ishga kiritib qoʻyish evaziga fuqaro N.Ndan oʻz xizmat xonasida kimyoviy ishlov berilgan ming(1000) AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

– Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi keskin va murosasiz kurash olib borilmoqda, – deydi jinoyat ishlari boʻyicha Rishton tumani sudi raisi N. Paygʻamov. – Afsuski, baʼzi bir rahbarlar oʻz mansablarini suiisteʼmol qilib, jirkanch illatga qoʻl urmoqda. Rishton tumani maktabgacha taʼlim mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi tomonidan sodir etilgan bu jinoyat ham shundaylardan biridir. Sud tomonidan mazkur jinoyat ishi koʻrib chiqilib, sudlanuvchiga tegishli jazo tayinlandi.

M. SULAYMONOV, OʻzA
3 628