O‘zA O`zbek

23.08.2018 10:57 Chop etish versiyasi

Maktab yarmarkalari ota-onalarga qulaylik yaratmoqda

Maktab yarmarkalari ota-onalarga qulaylik yaratmoqda
Yangi oʻquv yili oldidan aholiga qulaylik yaratish maqsadida 10-avgustdan Navoiy viloyatidagi 88 savdo nuqtasida maktab yarmarkalari faoliyat boshladi.

Mazkur arzonlashtirilgan pavilonlarda 26 turdagi oʻquv quroli va jihozi, shuningdek, poyabzal va kiyim-kechak sotuvi yoʻlga qoʻyilgan.

– Maktab yarmarkalari faoliyatini uyushqoqlik bilan tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida mahalliy hokimliklarda ishchi guruhlar tuzilgan, – deydi viloyat xalq taʻlim boshqarmasi taʻlim sifati monitoringi boʻlimi boshligʻi A. Ahmedov. – Mahsulotlarning aksariyati mamlakatimizda ishlab chiqarilgan boʻlib, ularda milliy qadriyatlar, buyuk zamondoshlarimiz suratlari aks ettirilishiga alohida eʻtibor qaratilgan. Asosiy turdagi mahsulotlarni aniqlangan ehtiyoj asosida mutasaddi kompaniya va tashkilotlar yetkazib bermoqda.

Viloyat markazidagi “Saxovat bozori” masʻuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Markaziy dehqon bozori hududida tashkil etilgan maktab yarmarkasi ayni kunda xaridorlar bilan gavjum. Savdo nuqtalari toza, ozoda, ayniqsa, ularning har birida terminal apparatlari oʻrnatilgani ham aholiga manzur boʻlmoqda.

49bc104d-f260-4eac-9413-e1cfdbd2899f.jpg

– Biz, ota-onalar har yili farzandlarimiz uchun oʻquv qurollarini aynan maktab yarmarkasidan xarid qilishga odatlandik, – deydi Karmana tumanidagi Kamolot mahallasidan kelgan Dilafroʻz Karimova. – Chunki bu yerda kerakli narsalarni topish mumkin. Eng muhimi ular sifatli, narxi ham arzon. Aholi uchun yaratilayotgan bunday qulaylik va gʻamxoʻrlikdan barcha xursand.

– Tumandagi 1-umumtaʻlim maktabi qoshida tashkil etilgan yarmarkaga oʻgʻlim bilan birga keldik, – deydi tomdilik Gulmira Bayanasova. – Bu yerda xaridorlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Sotuvchilarning muomalasi ham juda yaxshi. Oʻgʻlim oʻziga yangi sumka, albom, qalam tanladi. Oʻquv qurollari va jihozlarni izlab, ovora boʻlib bozor, doʻkonlarga borishimizga endi hojat yoʻq.

Maktab yarmarkalari joriy yilning 10-sentyabriga qadar davom etadi.

Nuriddin Rahimov, OʻzA
2 769