O‘zA O`zbek

17.08.2018 18:32 Chop etish versiyasi

Maktab yarmarkalari gavjum

Maktab yarmarkalari gavjum – Nabiram Rayhona bu yil ikkinchi sinfga boradi, – deydi qarshilik Hurmatoy Safarova. – Bobosi ikkimiz unga o‘quv qurollari olish uchun maktab yarmarkasiga kelgan edik. Sharoitlar zo‘r ekan. Muhimi, narxidan ham xursandmiz. Bu kabi maktab bozorchalari alohida-alohida mo‘ljallangan joylarda tashkil etilgani biz, xaridorlarga ancha qulaylik yaratmoqda.

Yangi o‘quv yili arafasida joylardagi ta’lim muassasalari, bozor va savdo majmualarida tashkil etilgan maktab yarmarkalari har qachongidan gavjum. Ularda o‘quv qurollari, maktab va sport liboslari, poyabzal savdosigacha yo‘lga qo‘yilgan. Bunday yarmarkalar aholi gavjum joylardan tashqari, chekka-chekka qishloqlarda ham tashkil etilmoqda va mahsulotlar odamlarga qulay narxlarda sotilmoqda.

– Maktab bozorlarida 26 turdagi o‘quv anjomlari savdosi yo‘lga qo‘yildi, – deydi Qashqadaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Panjiyev. – Savdo yarmarkasidagi barcha o‘quv qurollarining sifati, dizayni o‘quvchilar didi va dunyoqarashiga mosligi, tanlash imkoniyati kengligi bilan ahamiyatli. Mahsulotlar sohaga aloqador mutasaddi tashkilotlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida keltirilayotgani narxlar barqarorligini ta’minlamoqda. Barcha o‘quv anjomlari sanitariya-gigiyena talablariga to‘la javob berishi nazorat ostida. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida tashkil etilgan yarmarkalar orqali 300 mingga yaqin o‘quvchiga xizmat ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.

4 (1).jpg

2018-2019 o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarini maktab anjomlari, kiyimi va poyabzal bilan ta’minlash maqsadida jami 125 maktab hamda shaharlar va tuman markazlarida joylashgan buyum bozori, yirik savdo komplekslarida maktab bozori va yarmarkalari tashkil etilgan. Viloyatning tog‘li qishloqlari aholisiga qulaylik yaratish maqsadida Dehqonobod, Qamashi va Chiroqchi tumanlari va boshqa hududlarda ko‘chma avtodo‘konlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

– Yarmarkada 35 turdan ziyod o‘quv qurollari sotilmoqda, – deydi “Sharq ziyokori” MCHJ Qarshi filiali boshlig‘i Oybek Olimov. – Aytish joizki, ushbu mahsulotlarning 70 foizi yurtimizda ishlab chiqarilgan va sifati juda yaxshi. O‘quv anjomlari aholiga qulay, sifatli va arzon narxda taklif etilmoqda.

“Maktab bozorlari”da narxlar sun’iy oshirilishining oldini olish va barqarorliknita’minlash maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan doimiy nazorat o‘rnatilgan.

Yarmarkalar 10 sentyabrga qadar davom etadi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA
3 503