O‘zA O`zbek

06.11.2019 Chop etish versiyasi

Maktab taʼlimidagi muammolarga parlament, vazirlik va siyosiy partiyalarda qanday aniq yechimlar bor?

Maktab taʼlimidagi muammolarga parlament, vazirlik va siyosiy partiyalarda qanday aniq yechimlar bor?

Eʼtiroz va murosa, hamfikrlik va qarama-qarshilik, ziddiyat va hamkorlik. Xalqaro press-klubning bu galgi sessiyasi ham ana shunday qaynoq va qizgʻin ruhda oʻtdi. Undagi muhokama va munozaralar maktabdagi taʼlim jarayonlari atrofida kechdi.

Maktablarda qanday muammolar mavjud? Parlament, siyosiy partiyalar va Xalq taʼlim vazirligi ushbu muammolarni yechishda birlasha oladimi? Siyosiy partiyalar bu borada qanday vaʼdalar bermoqda? Shubhasiz, savollar dolzarb, javoblarda ham shunga yarasha aniqlik talab etildi.

Oxirgi uch yilda koʻzga koʻrinarli, eʼtirofga arzigulik qanday oʻzgarishlar yuz berdi. Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Dilshod Kenjayev bu haqda shunday dedi:

– Avvalo, oʻqituvchilarimiz majburiy mehnatdan, oʻz ishiga taalluqli boʻlmagan majlislardan ozod etildi. Pedagoglarning maoshi deyarli ikki barobarga oshirildi. Hozir oʻqituvchilarimiz oʻrtacha 2 million 400 ming soʻm atrofida maosh olyapti. Biz maktablarga erkak oʻqituvchilarni qaytarishga erisha boshladik. Oxirgi bir yil ichida 13 ming erkak pedagog maktabga qaytdi. 2016-yilda respublika boʻyicha 42 ta xususiy maktab bor edi, bugun ularning soni 121 taga yetdi. Bundan tashqari, ijod maktablari, Prezident maktablari paydo boʻldi. Bularni xalq taʼlimi tizimidagi muhim oʻzgarishlar sifatida baholash mumkin.Ammo hali kamchiliklar, muammolar ham talaygina.

Siyosiy partiyalar maktablardagi mavjud muammolar bilan qay darajada tanish? Oʻz saylovoldi dasturlarida bu borada qanday aniq yechim koʻrsatayapti?

– Oʻrganishlarimizga koʻra, chekka hududlardagi maktablarda aynan fizika, ximiya, matematika fanlari boʻyicha kadrlar yetishmaydi, – dedi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi sektor mudiri Gulshan Asatova. – Kam taʼminlangan oilalarda voyaga yetayotgan iqtidorli bolalarni oliy taʼlimga qabul qilishda imtiyozlar berish masalasini ham muhim deb hisoblaymiz. Bundan tashqari, olis hududlarda oʻquvchilar necha kilometrlab yoʻl bosib maktablarga qatnamoqda. Bizningcha, maktablar sonini koʻpaytirish kerak. Maktabdan tashqari taʼlim muassasalari, xususan, “Barkamol avlod” markazlari, musiqa va sanʼat maktablari faoliyatini rivojlantirish uchun byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarni koʻpaytirish lozim. Dasturimizda shu kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratilgan.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi matbuot xizmati rahbari Erkin Omonovning qayd etishicha, ekologik taʼlim boʻyicha maktablarga nisbatan “Barkamol avlod” markazlarida oʻqitish sifati nisbatan yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.

– Qonunchiligimizda maktablarda ekologiya fanini oʻqitishning majburiyligi belgilab qoʻyilgan, – dedi E.Omonov. – Afsuski, oʻrganishlarimiz natijasi mazkur qonuniy talab toʻlaqonli bajarilmayotganini koʻrsatdi. Biz maktablarda ekologiya fani oʻqitilishidan qoniqmaymiz. Bu oliy taʼlim tizimida mazkur yoʻnalishda kadrlar tayyorlash masalasini ham koʻndalang qoʻyadi.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi matbuot xizmati rahbari Bahrom Burhoniddinov aytishicha, maktabdan tashqari taʼlimda vaziyat ancha ogʻir. “Barkamol avlod” markazlari joylashgan binolar ahvoli yaxshi emas, u yerdagi faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarning oylik maoshi ham maktablardagi pedagoglarnikidan past. Maktablarda tibbiy xizmat masalasi ham oqsoq. Partiya uch mingdan ortiq maktabni shu masalada oʻrgandi. Maʼlum boʻldiki, ularda alohida tibbiyot xonasi yoʻq, mavjudlari esa yetarlicha dori-darmon bilan taʼminlanmagan. Maktablarda stomatologik xizmat ham yoʻqolib ketgan. “Adolat” shu kabi muammolarni bartaraf etishni maqsad qilgan.

– Taʼlim tizimida bizni qiynayotgan, oʻylantirayotgan ogʻriqli nuqtalardan biri – oʻqituvchining obroʻsi, – dedi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakili Munira Kahhorova. – Ota-onalar oʻqituvchini haqorat qilyapti, hatto oʻquvchilar kaltaklayapti? Qani oʻqituvchining hurmati, nufuzi? Yana bir muhim masala – oliy taʼlim yetishtirib berayotgan pedagog-kadrlar salohiyatini oshirish kerak. Bu boʻyicha aniq mexanizmlar ishlab chiqish lozim.

– Oʻqituvchining obroʻsi oʻziga bogʻliq, – dedi – OʻzLiDeP ayollar bilan ishlash boʻyicha yetakchi konsultanti Nilufar Otayeva. – Agar u bilimli boʻlsa, oʻz-oʻzidan unga hurmat, eʼtibor oshadi. Biz dasturimizda har bir tumanda 4 tadan xususiy maktab faoliyatini yoʻlga qoʻyishni ilgari suryapmiz. Bu taʼlimda sogʻlom raqobat muhitini kuchaytirishi bilan ahamiyatli.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi masalaga huquqiy tomondan yondashish tarafdori. B.Burhoniddinov bildirishicha, partiya shu maqsadda “Oʻqituvchining huquqiy maqomi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqmoqchi.

– Unda moddiy ragʻbatlantirish, uy-joy bilan taʼminlash masalalarini oʻrtaga qoʻyar ekanmiz, oʻz-oʻzidan oʻqituvchining maqomi oshadi. Yoshlarda kasbga qiziqish ham ortadi, – dedi u.

Qogʻozbozlik, hujjatbozlik, rasmiyatchilik. Bu kabi illatlar oʻqituvchilarni charchatishi, asosiy ishidan chalgʻitishi haqida koʻp bong urildi. Xoʻsh, muammo bugun qay darajada yechim topdi? Jamiyatda bu boʻyicha xavotir yoʻqoldimi?

– 2018-yil 1-sentyabrga qadar oʻqituvchilar uchun 7 ta hujjat majburiy edi, – dedi xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari. – Yaʼni, yillik oʻquv reja, sinf jurnali, dars konspekti, sinf rahbarlarining yillik rejasi, iqtidorli bolalar bilan ishlash daftari va oʻzlashtirishi past boʻlgan oʻquvchilar bilan ishlash daftari singari hujjatlar talab etilardi. Hozir ularning soni uchta. Birinchisi, sinf jurnali. Bu oʻquvchilarning davomati, oʻzlashtirish darajasini baholash uchun yuritiladi. Va u 75 yil davomida arxivda saqlanadi. Oʻqituvchi 2-sentyabrdan to 25-maygacha qanday mavzular asosida dars oʻtadi, bu yillik oʻquvda aks etishi kerak. Oʻqituvchi har bir darsga tayyorlanib kirishi zarur. Shuning uchun u darsdan boʻsh vaqtida, uyida dars konspekti tayyorlashi talab etiladi. Ilgari maktablarda haddan tashqari tekshiruv koʻp edi. Ayni paytda bunday tekshiruvlar 26 barobar kamaytirildi. Oʻqituvchini erkin dars oʻtishiga qoʻyib berish kerak, chunki dars muqaddas sanaladi. Uni boʻlishga hech kimning hattoki, Xalq taʼlimi vazirligining ham haqqi yoʻq.

Sessiyada oʻqituvchilar uchun davriyligi 5 yildan iborat majburiy kasbiy litsenziyalash tartibi bosqichma-bosqich joriy etilishiga partiya va Parlament vakillarining munosabati soʻraldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Jamolliddinovaning soʻzlariga koʻra, Xalq taʼlimi vazirligi bu masalani eʼlon qilishdan avval quyi palata bilan kelishmagan. Deputatlar oʻqituvchilarni kasbiy litsenziyalash monopoliyani keltirib chiqaradi degan fikrda.

Siyosiy partiyalarning ham ayni masalada qarashlari bir xil. Xususan, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakili Munira Qahhorova taʼkidlashicha, oʻqituvchilarni litsenziyalash taʼlim sohasida korrupsiyani vujudga keltiradi. Oʻqituvchilar fanga mehr berish oʻrniga faqat litsenziya olishni oʻylab qoladi.

Maktablarda taʼlim sifati qachon oshadi, savolga javobida ham siyosiy partiyalar fikri deyarli yakdil. Ular maktab taʼlimi sifatini nazorat qilishni kuchaytirish kerak deb hisoblaydi. Bu borada maktabni har doim aybdor qilavermasdan, ota-onalarning ham masʼuliyatini oshirish lozim. Ular farzandiga yetarlicha vaqt ajratmayapti. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi oʻtkazgan soʻrovda ota-onalarning aksariyati oʻz farzandiga 17 daqiqa vaqt ajratishini bildirgan.

– Taʼlim sifati islohga muhtoj, – dedi Ekologik partiyasi vakili E.Omonov. – Biz farzandlarimizni universitetga kirish istagida emas, avvalo, bilimli inson boʻlib yetishish orzusida tarbiyalashimiz kerak.

Bahs-munozaralar jarayoni davomida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi oʻrinbosari Mirodil Abdurahmonov parlamentga keskin eʼtiroz bildirdi:

– 25 yil Parlament oʻqituvchilarning muammosini koʻtarib chiqmadi, – dedi u. – Parlamentga saylangan deputatlar, shuningdek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan deputatlar ham besh yil davomida uxlashdi. Biror marta oʻqituvchining oyligini koʻtarish masalasini taklif qilmadi. Bundan keyin ham bu taklifni kutishning hojati yoʻq. Faqat yangi shakllanadigan Parlament buni amalga oshirishi mumkin.

Sir emas, bugun poytaxtdan tortib, viloyatlarda ota-onalarning farzandini rus tilidagi maktablarda oʻqitish istagi kuchli. Nima uchun? Sessiyada shu savol yuzasidan ham fikr almashildi.

– Qonunchilikka koʻra, ota-ona istagan maktabda farzandini oʻqitish huquqiga ega, – dedi D.Kenjayev. – Qaysi maktab yaxshi degan savolga men har doim shunday javob beraman: bolaning uyiga eng yaqin manzilda joylashgan maktab eng yaxshisi. Maktab yoshidagi oʻquvchi tonggi 7.30da uygʻonishi kerak. Uni bu vaqtdan oldin uygʻotib, necha kilometrli uzoq maktabga yuborish notoʻgʻri. Mamlakatimizdagi barcha tildagi maktablarda yagona davlat standartlari asosida taʼlim beriladi. Rusiyzabon maktablar yaxshi degan eski stereotiplardan voz kechish kerak. Hozir Toshkent shahrida 400 ming oʻquvchi boʻlsa, shundan 200 ming nafari rus maktablarda tahsil oladi. Rus maktablardagi sinflarda oʻquvchilar soni ortgani ayni vaqtda taʼlim sifatiga salbiy koʻrsatyapti. Qaysi tilda oʻqitiladigan maktab boʻlmasin, undagi taʼlim sifatini oshirish ota-onalar jamoatchilik nazoratini kuchaytirishiga bogʻliq.

Qishloqlardagi chang va loy koʻchalardan, shaharlarda esa tiqilinch jamoat transportida oʻquvchilarning maktabga qatnashi bilan bogʻliq muammolar ham tadbir ishtirokchilarining eʼtiboridan chetda qolmadi.

Maʼlum qilinishicha, XDP, Ekologik partiya, “Milliy tiklanish”, OʻzLiDeP oʻz dasturida jamoat transportlarida barcha oʻquvchilarni bepul yurishini ilgari surmoqda. “Adolat” esa maktab avtobuslarini tashkil etish tarafdori.

Oʻquvchilarning darslik bilan taʼminlashda qanday muammolar bor, maktablarda madhiyani kuylash qanchalik muhim, nima uchun maktab bitiruvchisi repetitorsiz OTMga kirishi qiyin? Maktablarda “yigʻdi-yigʻdi”larga kim aybdor va u qachon, qanday barham topadi? Oʻquvchining gʻayriijtimoiy qilmishi uchun oʻqituvchi javobgarmi yoki ota-ona? Sessiyada shu kabi muhim savollar ham qizgʻin bahslarga sabab boʻldi.

460
Feruza MIRZAKOMILOVA, OʻzA