Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

22.06.2018 16:03 Chop etish versiyasi

Maktab qarovsiz holatda, mas’ullar esa sukutda

Maktab qarovsiz holatda, mas’ullar esa sukutda
Shu kunlarda Respublika ishchi guruhi Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanidagi mahallarda uyma-uy yurib, ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganmoqda, aholini yillar davomida qiynab kelayotgan og‘riqli muammolarni aniqlab, imkon qadar joyida hal qilishga harakat qilayapti.

Jumladan, mazkur tumanning “Ko‘prikboshi” mahallasi hududidagi 18-maktab faoliyati e’tiborimizni tortdi. 1987 yilda qurilgan maktab 700 ta o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda 841 nafar bola ikki smenada tahsil olmoqda. Biroq 2008 yili bir marotaba joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan, xolos.

O‘rganishlar chog‘ida maktab tashqi devorlari ta’mirtalab holatga kelib qolgani, bir qismi temir panjara bilan o‘ralgan bo‘lsa-da, bir qismi g‘isht va paxsa bilan ko‘tarilgani, 100 metrdan ortiq joy esa nurab tushgani yoki devorlari umuman mavjud emasligi aniqlandi. Natijada hududga orqa tomondan istagalgan kishi, chorva hayvonlari bemalol kirib-chiqaveradi.

7df8297e-b1ec-4e6b-9c6f-a35aeb4a784a.jpg

Maktabga yondosh xonadondagi “tadbirkorlar” esa ta’lim dargohi devorga taqab tovuq kataklarini, chorvasi uchun somon ivitadigan, yemish tayyorlaydigan oxurini qurib olganki, hay-hay deyilmasa, sinfxonalardan ham o‘z “biznes”lari uchun foydalanishdan toyishmaydi.

Sport zalining yechinish va kiyinish xonalari torligi sababli mebel jihozlari joylashtirilmagan. Yuvinish xonasi umuman yo‘qligi, ventilyatsiya tarmog‘i ishlamasdan bino ko‘rkiga dog‘ bo‘lib turganiga guvoh bo‘ldik. Oqibatda qishda sovub, yozda esa haddan tashqari isib ketadi. Sport zaliga kirishdagi katta xonada musiqa xonasi joylashtirilgan. Madaniyat va sport hamisha hamrohu hamfikr, degan g‘oya bu nuqtada ustuvorlik kasb etganday tuyuladi.

Maktab oshxonasi garchi ishni tashkil qilishga sharoiti bo‘lsa-da, 1987 yildan buyon umuman ishlamasligi oydinlashdi. O‘rnida kanselyariya tovarlarini sotish joyi yaratib olingani, uyda qo‘lbola tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari o‘quvchilarga sotilayotgani ma’lum bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida oshxona yuritish tadbirkorlarga tender asosida berilishi kerak bo‘lsa-da, bu ishga panja orasidan qarab kelinmoqda, tender uchun taklif ham berilmagan. Natijada 841 nafar o‘g‘il-qizning ovqatlanish masalasi, ularning sihat-salomatligiga munosabat ochiq qolmoqda.

eaeec6d1-18ed-4176-a97a-401eaac71a4f.jpg

Tibbiyot xonasida ichimlik suvi o‘rni bo‘lsa-da, jumraklar o‘tgan asrdan buyon zanglab, buzilib yotibdi. Zarur dori-darmon vositalari yetishmaydi. Mutasaddilar ushbu nohush holatni hozir ta’til davri va ta’mirlash ishlari ketayotgani bilan izohlashga urinishdi. O‘quv mavsumi nihoyalangani aytilgan bo‘lsa-da, bu yerda tashkil etilgan yozgi oromgohda qirqqa yaqin bola qatnayotganini nazardan chetga qochirish mumkinmi?!

Maktab stadionini begona o‘t bosgan, qarovsiz holatda. Maydoncha chegara chiziqlarini ham anglab bo‘lmas darajada. Kesilgan o‘tinlar hududda pala-partish joylashtirilgan. 2 ta 10 sotixdan kam bo‘lmagan yer maydoni 10 yildan buyon umuman foydalanilmasdan, qarorsiz ahvolda yotibdi. Vaholanki, bu yerlarni chopib, mevali daraxtlar ekish, maktab kam-ko‘sti uchun foydalanishmumkin. Afsuski, ushbu masala ma’murlarning parvoyiga ham kelmagan.

Sobiq “Tir” –o‘q otish binosi 1990 yildan buyon omborxona vazifasini o‘tamoqda. Ichiga har xil ashqol-dashqollar qalab tashlangan, tashqi ko‘rinishi maymunlar ham yig‘lagulik holatda. Mavjud 6 ta kichik qozonxonadan 2 tasi ishlamaydi, maktab yonidagi zovur axlat bilan to‘lib yotibdi.

Maktab kutubxonasida badiiy kitoblar yetishmaydi. Bu yerga oxirgi martda 2017 yil 30 sentyabrda 221 dona kitob keltirilgan.

Informatika o‘qituvchisi Bahodir Yusufjonovning aytishicha, informatika xonasida internetniishlatish uchun o‘z yonidan “USB” qurilmasiga har oyda 60 ming so‘m pul to‘lab, dars mashg‘ulotlarini o‘tmoqda. Vaholanki, har bir maktab uchun viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan yillik smeta asosida mablag‘lar ajratilmoqda. Bu pullar qaysi operatorga tashlanayapti, kim uning ijroga mas’ul degan savol ochiq qoldi. Internet bo‘lmagach, kompyuter darslarining ham samaradorligi bo‘lmaydi.

73b4b30e-d691-4640-9c61-48d4badf4068.jpg

Hududdagi talabga javob bermaydigan 3 ta eski simyog‘ochni temir beton tayanchlariga almashtirish zarur. Simlar xalqasimon shaklda osilib qolgan. Bu yerda kichik transformator joylashgani boisaholi ham o‘z ehtiyojiga moslab, sim liniyalarini xonadoniga tortib ketavergan.

Maktab katta yo‘l yoqasida joylashgan bo‘lsa-da, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash xodimlari tomonidan tezlikni pasaytiruvchi belgilar qo‘yilmagan. Maktab direktori Tavakkaljon Toshmatov bu haqda yo‘l harakati xavfsizligi hodimlariga murojaat qilmagan. Oqibatda katta tezlik bilan harakatlanayotgan ulovlar bolajonlar hayotiga jiddiy xavf solmoqda.

Ishchi guruhi o‘rganishlaridan keyin maktab hududidagi chiqindilar to‘liq chiqarib tashlandi, hojatxona ta’mirlandi hamda ariqlar tozalandi. Maktab kutubxonasini qo‘shimcha badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirish, maktab atrofidagi o‘tinlarni va mavjud omborxonani tozalash, qo‘lbola usulda oziq-ovqat mahsulotlarini va kanselariya tovarlarini sotishga chek qo‘yish, o‘quv sinfxonalaridagi ayrim buzilgan o‘rindiqlarni ta’mirlash, maktab stadionidagi o‘tlarni tozalash, chegara chiziqlarini chizish, tibbiyot xonasini zarur dori-darmonlar bilan ta’minlash, maktab atrofining ochiq qolgan joylarini devor bilan o‘rash, mavjudlarini ta’mirlash, yong‘in xavfsizligi uchun mo‘ljallangan hovuzda quvur jumraklarini ishlatish choralari ko‘rildi.

Qo‘shni xonadonlar tomonidan qurilgan noqonuniy tovuq kataklari va oxurlar buzib tashlandi, shox ko‘chada piyodalar o‘tish chizig‘i bo‘yaldi. Aniqlangan boshqa kamchiliklarni hal qilish “Yo‘l xaritasi”ga kiritildi.

Laziz Rahmatov, jurnalist

1 275