O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Maktab o‘qituvchisi 25 yildan so‘ng oqlandi

Maktab o‘qituvchisi 25 yildan so‘ng oqlandi

Farg‘onada bo‘hton qurboni bo‘lib, sud hukmi bilan oqlangan o‘qituvchidan prokuror 25 yil avvalgi xatolik uchun uzr so‘radi.

Adolat baribir qaror topadi. Chunki mamlakatimizda inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida jiddiy sa’y-harakatlar kirishildi. Ayniqsa, keyingi paytda sudlarda ham oqlov hukmlari soni keskin oshdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudi kassatsiya sudlov hay’ati tomonidan Bag‘dod tuman sudining 1994 yil 20 dekabrda Tursunxo‘ja Abdurahmonovga nisbatan chiqargan ayblov hukmi bekor qilindi. 

Sudning hukmiga ko‘ra, T.Abdurahmonov bir dona qirqma ov miltig‘ini yotoqxonasidagi yostiq ostida va 41 gramm ko‘knor boshoqlarini mehmonxonasidagi deraza tokchasida qonunga xilof ravishda saqlaganlikda ayblangan va 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, mehnatga majburan jalb qilingan edi. Viloyat sudi mazkur jinoyat ishini ko‘rib chiqib, uni jinoyat sodir etmagan deb topdi va uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan reabilitatsiya qildi, ya’ni oqladi. 

Sudda aniqlanishicha, o‘qituvchilar ish haqini oshirish haqida Prezidentga murojaat qilishgani uchun maktabning ilmiy mudiri T.Abdurahmonov o‘sha vaqtdagi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan uyushtirilgan bo‘hton qurboni bo‘lgan.

–Faoliyatim davomida ko‘plab oqlov hukmlari chiqarilgan, lekin bunisi boshqacha bo‘ldi,– deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyat sudining sudyasi Rahmatjon Arapov. – Jarayon davomida davlat ayblovini quvvatlovchi prokuror T.Abdurahmonovga nisbatan oqlov hukmi chiqarish lozimligini aytdi. Undan o‘sha vaqtda yo‘l qo‘yilgan xatolik uchun uzr so‘radi, sudlov hay’ati oqlov hukmi chiqardi, 70 yoshni qoralayotgan nuroniy otaning ko‘zlaridan esa sevinch va shukur yoshlari oqdi. Ayrim shaxslar kabi asossiz sudlangani uchun gina saqlamasdan O‘zbekistonimiz ravnaqi yo‘lida fidorona mehnat qilgan, murabbiylik faoliyati davomida Vatanni sevish, shijoat, halollik, ilmga intilish kabi tuyg‘ularni minglab yoshlar qalbiga singdira olgan va farzandlarini ham jamiyatning ilg‘or vakillari sifatida ulg‘aytira olgan Tursunxo‘ja ota Abdurahmonovdan har qancha o‘rnak olsa arziydi. 


281
M. Sulaymonov, O‘zA